Iroqda qoladigan AQSh harbiylarining soni ma'lum bo‘ldi

Jahon 17:57 / 20.11.2020 4534

Iroq tashqi ishlar vaziri Fuad Husayn AQSh qo‘shinlari olib chiqib ketilganidan keyin ham ikki davlat o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik davom etishini ma'lum qildi.

«Iroqdan olib chiqiladigan 500 nafar askar boshqa koalitsiya kuchlari emas, balki aynan AQSh askarlari. Shunday qilib, Iroqda 2 500 amerikalik askar qoladi. AQSh bilan hamkorligimiz harbiy, xavfsizlik, razvedka ma'lumotlarini almashish, havo hujumidan mudofaa kuchlarimizni tayyorlash va jihozlash sohalarida davom etadi.

AQSh qo‘shinlarini olib chiqishning to‘rtinchi bosqichiga yetib keldik. Keyingi bosqichda AQShning Iroqdagi harbiy ishtiroki butunlay yakunlanadi. Iroqdagi amerikalik askarlar bu yerda jang olib bormaydi, balki harbiy o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashib, maslahatlar berib boradi», degan AQShning Iroqdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishiga to‘xtalgan Husayn.

AQSh mudofaa vaziri o‘rinbosari Kristofer Miller AQSh 2021 yil 15 yanvargacha Afg‘oniston va Iroqdagi qo‘shinlar sonini 2 500 kishigacha kamaytirishini ma'lum qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: