Aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatiga doir qonunlarda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

O‘zbekiston 07:24 / 20.11.2020 7652

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Sherzod Egamberdiyev yirik bitim tuzilishida minoritar aksiyadorlarning huquqlarini ta'minlash maqsadida joriy etilgan yangi tartib haqida ma'lumot berdi.

Ta'kidlanishicha, «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 84-moddasiga o‘zgartirishlar kiritilib, aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi yoki kuzatuv kengashi tomonidan yirik bitim tuzish bo‘yicha qaror qabul qilish faqatgina mol-mulkni baholovchi tashkilot tomonidan bozor qiymati hisobga olingan holda, shuningdek, mustaqil tashqi auditorlik tashkiloti tomonidan bitim shartlari izchil o‘rganilgan holda amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Sherzod Egamberdiyev

«Bundan tashqari, mazkur qonunning 88-moddasiga o‘zgartish kiritilib, jamiyat o‘zi va affillangan shaxslar o‘rtasida tuziladigan bitimlar haqida axborotni oshkor qilish tartibi takomillashtirildi. Xususan, affillangan shaxslar bilan bitim tuzilganida ushbu bitim tuzilgan paytdan e'tiboran 72 soat mobaynida ushbu ma'lumotni oshkor qilishi hamda bunday bitimlar tuzish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma'lumotni o‘zining yillik hisobotida aks ettirishi zarurligi alohida norma bilan belgilab o‘tildi.

Shu bilan birga, jamiyatning kuzatuv kengashi a'zosi, boshqaruv direktori yoki a'zosi, shuningdek, ishonchli boshqaruvchilarga ham jamiyat oldidagi qo‘shimcha mas'uliyatlar belgilandi. Xususan, sud agar jamiyat kuzatuv kengashi a'zosi, boshqaruv direktori yoki a'zosi, shuningdek, ishonchli boshqaruvchini jamiyatga mulkiy zarar yetkazganlikda aybdor deb topganda sud qaroriga ko‘ra, ularning vakolatlari xo‘jalik jamiyatlarida rahbarlik lavozimini egallashni taqiqlagan holda bir yil muddatga tugatilishi belgilab qo‘yildi», — dedi u.

Egamberdiyevning aytishicha, jamiyatning kuzatuv kengashi a'zosi, boshqaruv direktori yoki a'zosi, shuningdek, ishonchli boshqaruvchi quyidagilar natijasida jamiyatga yetkazilgan zarar uchun aniq javobgar bo‘lishi belgilab qo‘yildi:

— chalg‘ituvchi axborot yoki oldindan bila turib yolg‘on axborot taqdim etganlik;

— qonunchilikda belgilangan axborot taqdim etish tartibini buzganlik;

— jamiyatga zarar yetkazilishiga sabab bo‘lgan yirik bitimlarni yoki amalga oshirilishidan manfaatdorlik mavjud bo‘lgan bitimlarni tuzishni taklif etganlik, shu jumladan, jamiyat bilan bunday bitimlarning tuzilishi natijasida o‘zlari yoki o‘z affillangan shaxslari tomonidan foyda, daromad olish maqsadida bitim tuzish taklif etganlik.

«Buning ma'nosi agar jamiyatga, jamiyat kuzatuv kengashi a'zolari, boshqaruv direktori yoki ishonchli boshqaruvchi affillangan shaxslar bilan o‘zi taklif qilayotgan masalalar o‘zlariga yoki o‘zlarining affillangan shaxslariga daromad olib kelishi bilan bog‘liq bo‘lsa, mana shu taklifni kiritganlik masalasiga ham javobgarlik belgilandi.

O‘zgartishga ko‘ra, aksiyador yirik bitim yoki affillangan shaxs bilan tuzilgan bitimni haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi da'vo arizasini sudda ko‘rib chiqish chog‘ida, aynan mana shu jarayon davomida jamiyatdan va guvohlardan sud tomonidan ko‘rib chiqilayotgan masalaga oid barcha hujjatlarni talab qilib olish huquqiga ega bo‘lishdi. Albatta, bundan davlat sirlari yoki qonunchilik bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirlarni tashkil etuvchi ma'lumotlar mustasno.

Bu kuchga kirganidan beri yana bir muhim yangiliklardan biri bu – barchamizga ma'lum bo‘lgan obligatsiyalar tartibi soddalashtirildi va korxonalarga, ya'ni mas'uliyati cheklangan jamiyat hamda qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlarga korporativ obligatsiyalar chiqarish huquqi berildi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Ma'lumot uchun, mazkur tartib qariyb 2007 yildan beri amalda bo‘lib, obligatsiyalarni MChJlar tomonidan chiqarishga cheklovlar mavjud edi. Endilikda obligatsiyalar chiqarilishi uchun bir yillik auditorlik xulosasi kifoya qiladi va ma'lum bir soddalashtirish normalari ham belgilab olindi.

Ko‘proq yangiliklar: