Kichik asteroid Yer yonidan rekord darajada yaqin masofada uchib o‘tgani ma'lum qilindi 

Jahon 22:51 / 19.11.2020 8752

Ushbu masofa bor-yo‘g‘i 373 kmni tashkil qilgan. Xalqaro koinot stansiyasi harakatlanadigan orbita balandligi esa 410 kmni tashkil qiladi.

N+1 nashrining yozishicha, 2020 VT4 deb nomlangan asteroid 14 noyabrda Havayidagi ATLAS tizimi teleskoplari yordamida qayd qilingan. Uning o‘lchami 5-10 metrni tashkil qiladi.

Olingan ma'lumotlarni o‘rganish asteroidning birinchi suratlari u Yerga yaqinlashgandan 15 soat o‘tib olinganini ko‘rsatgan. Asteroid sayyoramiz yonidan eng minimal masofada Toshkent vaqti bilan 13 noyabr soat 22:20da uchib o‘tgan. Bu vaqtda samo jismi Tinch okeanining janubiy qismi ustidan o‘tgan va Yerdan +3 yulduz kattaligidagi mitti nuqta kabi ko‘ringan.    

Samo jismlarining Yer yonidan minimal uzoqlikda uchib o‘tishi bo‘yicha avvalgi rekord 2020 yil avgustida qayd qilingandi. O‘shanda diametri 3-6 metrni tashkil qiluvchi 2020 QG asteroidi sayyoramiz yonidan 3 ming km narida uchib o‘tgan. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, ushbu ikki asteroid ham Yerga ziyon yetkaza olmasdi, chunki bunday kichik o‘lchamlar bilan ular atmosferada yonib ketgan bo‘lardi.

Astronomlarning ta'kidlashicha, 2020 VT4’ning Yerga yaqinlashishi uning orbitasiga ta'sir ko‘rsatgan. Yerning tortish kuchi ta'siri ostida asteroid Quyosh atrofidagi 549 kunlik orbitadan 315 kunlik orbitaga o‘tgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu asteroid Yer yonidan kelasi safar 2052 yil noyabrida 3 mln kilometr narida uchib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: