DXX Farg‘ona vodiysida giyohvand moddalar savdosiga qarshi tadbirlar o‘tkazdi

O‘zbekiston 13:34 / 19.11.2020 4437

Xususan, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida yashovchi M.M. va J.Sh. kelayotgan “Neksiya” rusumli avtomashina Andijon tumani hududida to‘xtatilib tekshirilganda, uning salon qismida 997 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlandi. Tergovga qadar tekshiruv jarayonida ma'lum bo‘lishicha, M.M. va J.Sh. mahalliy fuqaro M.S. hamda Xo‘jaobod tumanida istiqomat qiluvchi Qirg‘iziston fuqarosi O.Sh. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan ushbu giyohvand moddalarni sotish orqali mo‘may daromad topishni rejalashtirishgan.

DXX xodimlarining Andijon viloyat Ichki ishlar boshqarmasini jalb etgan holda o‘tkazgan yana bir tezkor tadbiri davomida esa A-373 yo‘lida harakatlanib kelayotgan Andijon shahrida yashovchi S.U. boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtomashina to‘xtatildi. Ushbu avtotransport vositasi tekshirib ko‘rilganda, haydovchi o‘rindig‘ining tag qismida 988 gr. “gashish” moddasi borligi ma'lum bo‘ldi. S.U.ning so‘zlariga ko‘ra, qirg‘izistonlik tanishlari tomonidan respublika hududiga o‘tkazilgan mazkur og‘uni u Xo‘jaobod tumanida qabul qilib olgan va kelgusida sotishni rejalashtirgan.

Andijon viloyati Marhamat tumani Do‘stlik MFY hududidan o‘tuvchi “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasi bo‘ylab harakatlangan fuqaro X. DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan to‘xtatilib, tekshirilganda, uning yonida 1 kg 905 gr. “gashish” giyohvand moddasi borligi aniqlandi va protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

Boshqa bir holatda esa mahalliy fuqarolar E.Q., O.Yo. va I.M. 475 gr. “gashish” moddasini Marhamat tumanida, shuningdek, O‘.O. 435 gr. “gashish” moddasini Qo‘rg‘ontepa tumanining Qorasuv shahrida sotayotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Bu kabi holat Namangan viloyatida ham qayd etildi. Jumladan, DXX xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda “Chust-Namangan” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan “Jyentra” rusumli avtomobil to‘xtatildi. Namangan shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan U.X. boshqaruvidagi ushbu avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning salon qismida 1 kg 994 gr. “gashish” moddasi borligi ma'lum bo‘ldi. Aniqlanishicha, ushbu og‘uni qirg‘izistonlik N. ismli shaxs Chust tumanidagi “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasidan kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazib bergan.

Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa Vodil qishlog‘ida yashovchi, muqaddam sudlangan N.X. jinoiy sheriklari bo‘lgan, Marg‘ilon shahrida yashovchi R.A. va T.O. bergan 5 ming AQSh dollariga aylanma yo‘llar orqali Qirg‘izistonning Qadamjoy rayoniga borib, “Qahramon” ismli shaxsdan 987 gr. “gashish” moddasini sotib oladi. So‘ngra noqonuniy ravishda davlat chegarasini kesib o‘tib, Farg‘ona shahrida og‘uni R.A. va T.O.ga bergan vaqtida, ularning barchasi DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bundan tashqari, ularning yonidan topilgan 32 mln 360 ming so‘m ham o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yildi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 7 kg 781 gr. “gashish” giyohvand moddasi musodara qilindi. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida ushbu ishlarga aloqador boshqa shaxslarni ham aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: