Jismoniy tarbiya va sport vazirligi: endi davlat xizmatchilarining jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari nazorat qilinadi

Sport 11:20 / 17.11.2020 4864

16 noyabr kuni poytaxtimizdagi «Milliy» stadion anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur tashkilotlarning mas'ul xodimlari, sportchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

2019 yil 3 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi zimmasiga bir qator vazifalar yuklatilgan.

Xususan, davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va sog‘lig‘ini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi oldidagi dolzarb vazifalardan biridir.

Jahonda COVID-19 koronavirus pandemiyasining yuzaga kelishi dunyo mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham mamlakatimiz aholisining sog‘lig‘i, jismoniy salomatligi, sog‘lom hayot kechirish darajasi zaif ekanligini ko‘rsatdi. COVID-19 koronavirus infeksiyasi avvalo yurak-qon tomir va nafas olish yo‘llari hamda semizlik (ortiqcha vazn) kasalligiga chalingan fuqarolar sog‘lig‘iga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Natijada, pandemiya ko‘plab insonlar, xususan davlat fuqarolik xizmatchilarining bevaqt hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘ldi.

Shu yil 30 oktyabr kuni Prezidentimiz «Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonga imzo chekdi. Unga ko‘ra, 2021 yildan boshlab davlat organlari rahbarlari va barcha xodimlari ish vaqtidan so‘ng haftada kamida bir marta jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishadi. Rahbarlar shaxsiy namunalari orqali semizlik darajasini kamaytirish, vazn ko‘rsatkichlarini yaxshilash, salomatlikni mustahkamlash uchun qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Davlat organlari jamoa shartnomalarida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari joriy qilinadi.

Bugun o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimida ana shu jihatlarga alohida e'tibor qaratildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanovning ta'kidlashicha, mazkur Memorandum davlat organlari hamda tashkilotlari rahbar va xodimlarini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, jismoniy faolligini oshirish, ular o‘rtasida turli musobaqalar tashkil etishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishda o‘zaro hamkorlik qilish tartibini belgilab beradi.

O‘zaro anglashuv memorandumiga ko‘ra, Agentlik hamda vazirlik davlat organlari xodimlarining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishini tashkil etish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish, barcha tashkilotlarda mehnat unumdorligini oshirishda sportning muhim ahamiyati, uning jismoniy va ma'naviy sog‘lomlikning asosi ekanini targ‘ibot va tashviqot qilishga qaratilgan tadbirlarni o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev ham so‘z olib, «Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni yurtimiz aholisi salomatligini mustahkamlashda muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilishini alohida ta'kidladi.

Jumladan, 2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlarida sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga «Sport targ‘ibotchisi» qo‘shimcha vazifasini yuklash va uning ish haqiga 20 foiz miqdorda ustama belgilashning yo‘lga qo‘yilishi ishchi-xodimlar orasida sog‘lom turmush tarzini yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.

Tadbirda Farmonga muvofiq tashkilotlar xodimlarini sportga bo‘lgan qiziqishini inobatga olib, turli jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini uyushtirish, faxriy sportchilar bilan uchrashuvlar tashkil etish orqali ularni sportga jalb qilish, ular o‘rtasida turli sport musobaqalarini tashkil etish, g‘oliblarni rag‘batlantirib borish, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilarining vazn indeksini aniqlash hamda reyting natijalarni e'lon qilib borish bo‘yicha aniq choralar ko‘rib borilishi ta'kidlandi.

Shu bilan birga, tashkilotlarda turli jismoniy tarbiya va sport musobaqalari o‘tkazilishi uchun o‘z tasarrufida bo‘lgan ochiq sport obektlaridan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida Memorandumni imzolagan tomonlar tomonidan tegishli choralar ko‘rib boriladi.

O‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimida so‘zga chiqqanlar «Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmonining ahamiyatiga alohida to‘xtalib, Farmon o‘z vaqtida imzolangani, ayniqsa, pandemiya sharoitida aholi salomatligini mustahkamlash dolzarb ekanligini ta'kidlashdi.

Shuni ta'kidlash kerak, Memorandum bilan hamkorlik tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi hamda uning ijrosi yuzasidan monitoring olib borishga kelishildi. Demak, ushbu Memorandum shunchaki qog‘ozda qolib ketmaydi, balki u davlat xizmatchilarining salomatligini mustahkamlash va ta'minlash borasida ko‘makchiga aylanadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: