Jarohatlar iskanjasidagi «Liverpul». Kim qachon safga qaytadi?

Sport 13:31 / 17.11.2020 3843

Klopp FIFA kunlarida o‘tkazilayotgan milliy jamoalar ishtirokidagi har o‘yindan keyin qaysidir shogirdining safdan chiqqani haqidagi noxush xabarni olmoqda. Ayniqsa, himoyachilar borasidagi kadrlar muammosi ancha jiddiy ko‘rinish oldi.

 Virjil van Deyk

«Liverpul»dagi muammolar jamoaning himoya qo‘rg‘onidagi yetakchisi Virjil van Deykning «Everton»ga qarshi bahsda Pikford bilan yuz bergan vaziyatda jarohat olgani bilan boshlandi. Tibbiy ko‘rikdan keyin niderlandiyalik himoyachi jarrohlik stoliga yotishga majbur bo‘ldi. 30 oktyabr kuni tizzasidan jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan 29 yoshli futbolchining tiklanishi uchun eng kamida 4 oy vaqt talab etilishi ma'lum qilindi. Natijada «Liverpul» van Deykni Premer-liga qaydnomasidan o‘chirdi. Bu esa Virjilning qishki «zayavka» muddati – qariyb mart oyigacha APL bahslarida maydonga tusha olmasligini bildirardi.

 Qachon safga qaytadi?

Klub shifokorlari van Deykning yanvar oyida yakka tartibda jismoniy mashg‘ulotlarni boshlashi, fevral oyidan boshlab esa jismoniy yuklamalar berib, jamoaviy mashg‘ulotlarga qaytishini kutishmoqda.

Tyago Alkantara

 Ispaniyalik yarimhimoyachi Germaniyadan Angliyaga ko‘chib o‘tganidan buyon boshi tashvishdan chiqmayapti. Alkantara klub safidan koronavirus yuqtirib olgan dastlabki futbolchilardan biri bo‘lib, qariyb 15 kunga safdan chiqqandi. Tuzalib maydonga qaytgach, «Everton»ga qarshi bahsda van Deykdan keyin maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Unga nisbatan qo‘pol harakat qilgan Risharlison qizil kartochka olib maydondan chetlatildi. Alkantaraning esa jarohati jiddiy bo‘lib chiqdi.

 Qachon safga qaytadi?

Tizzasidagi og‘riq sababli bir oydan buyon jamoasiga yordam bera olmayotgan ispaniyalik yarimhimoyachi noyabr oyi yakunida safga qaytishi kutilmoqda.

 Aleks Oksleyd-Chemberlen

 Angliyalik 27 yoshli yarimhimoyachi mavsum oldidan – 21 avgust kuni jarohat olib safdan chiqqan edi. Mashg‘ulotlar paytida tizzasidagi jarohatini yangilab olgan o‘yinchi qariyb uch oydirki klubiga yordam bera olmayapti.

 Qachon safga qaytadi?

Bu savolga klub shifokorlari ham aniq javob bera olganicha yo‘q. Jarohatlarga moyil futbolchi yil yakuniga qadar safga qaytishi taxmin qilinmoqda.

 Trent Aleksandr-Arnold
 

 Angliyalik o‘ng qanot himoyachisi 8 noyabr kuni «Manchester Siti»ga qarshi bahsda jarohat oldi. «Liverpul» himoyachisi 63-daqiqada olgan jarohatidan keyin o‘yinni davom ettira olmadi. Tibbiy tekshiruvlardan keyin Trentning oyoq mushaklariga shikast yetgani ma'lum bo‘ldi.

 Qachon safga qaytadi?

Jarohati sababli Angliya milliy jamoasining o‘yinlarini o‘tkazib yuborgan Aleksandr-Arnold dekabr oyi boshida safga qaytishi kutilmoqda.

 Fabino
 

27 oktyabr kuni «Liverpul» Chempionlar ligasi doirasidagi «Midtyulland»ga (2:0) qarshi uchrashuvda himoya markazida van Deykni o‘rnini egallagan Fabinoni ham uzoq muddatga yo‘qotdi. Braziliyalik futbolchi 27-daqiqada chimga o‘tirib olib, o‘zini zaxiraga olishni so‘radi. Tibbiy tekshiruvlar sonining orqa qismidan jarohat borligini ko‘rsatdi.

Qachon safga qaytadi?

Fabino uch haftada safga qaytishi taxmin qilingan edi. U «Manchester Siti» bilan o‘yin va FIFA kunlaridagi bahslarni o‘tkazib yubordi. Braziliyalik himoyachi yaqin kunlarda jamoa safiga qaytishi kutilmoqda.

 Muhammad Saloh

 O‘tgan haftada «Liverpul»dan Misr milliy jamoasi ixtiyoriga yetib borgan Muhammad Salohning juma kuni koronavirusga topshirgan test natijalari musbat natija berdi. Bu esa «Liverpul» forvardining milliy jamoa safidagi ikki uchrashuvni o‘tkazib yuborishi va klubi safiga kechroq yetib borishini anglatardi.

Qachon safga qaytadi?

Misrda o‘zini yakkalash tartibiga o‘tkazilgan hujumchi noyabr oyi oxiriga Angliyaga qaytishi va takroriy testdan keyin klubi safiga qaytishi kutilmoqda.

Jo Gomes

«Liverpul»ning himoya qo‘rg‘onidagi asosiy himoyachisi bo‘lib qolgan Jo Gomes Angliya milliy jamoasi safiga borib, jarohatga yo‘liqdi. Mashg‘ulotlarda tizzasidan jarohat olgan himoyachi operatsiya stoliga yotishga majbur bo‘ldi. O‘tgan haftada Londonda o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan keyin Gomes ham mavsumning asosiy qismini o‘tkazib yuborishi oydinlashdi.

FIFA Angliya milliy jamoasi himoyachisi Jo Gomes jarohat olgani tufayli «Liverpul» klubiga tovon puli to‘lab beradi. Angliya milliy jamoasi ixtiyorida jarohat olgan Gomes uchun xalqaro futbol tashkiloti 2 million funt to‘lab berishga rozi bo‘lgan.

Qachon safga qaytadi?

Klub futbolchining qachon safga qaytishini ma'lum qilmagan bo‘lsa-da, taxminlarga ko‘ra Gomes fevral oyida safga qaytadi.

Endryu Roberson

«Liverpul» klubi shanba kuni Shotlandiya milliy jamoasi qarorgohidan ham noxush xabar oldi. Endryu Roberson UYeFA Millatlar ligasi 5-turi doirasida Shotlandiya milliy jamoasi safida maydonga tushmadi.

O‘yindan oldin Robersonning oyoq paylarining shikastlanishi aniqlangan. Shu bois u Slovakiyaga qarshi o‘yinda shotlandlarga yordam bera olmadi.

Qachon safga qaytadi?

Roberson chorshanba kuni Angliyaga qaytib, klub shifokorlari tomonidan tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Shundan keyin uning jismoniy holati ma'lum bo‘ladi. Taxminlarga ko‘ra, futbolchining jarohati jiddiy emas.

Jordan Henderson

FIFA kunlarida «Liverpul»ning uchinchi futbolchisi milliy jamoa safida jarohat oldi. Yakshanba kuni Millatlar Ligasida Angliya milliy jamoasi tarkibida Belgiyaga (0:2) qarshi bahsda Jordan Henderson jarohat oldi va birinchi bo‘limdan so‘ng almashtirildi. Buni inglizlar bosh murabbiyi Garet Sautgeyt tasdiqladi.

«Henderson o‘zini noqulay his qildi va o‘ynay olmasligini tushundi», – degan Sautgeyt.

Qachon safga qaytadi?

«Liverpul» yarimhimoyachisi tez orada klubiga qaytadi va shifokorlar tomonidan chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shunga qaramay, bosh murabbiy Yurgen Klopp jamoa sardori Hendersonning jarohati jiddiy emasligiga umid qilmoqda.

«Liverpul» sobiq sardori Jimmi Karragerning fikricha, nemis mutaxassisi «Liverpul» himoyasidagi jiddiy muammolar sababli Jordanni himoya chizig‘ida sinab ko‘rishi mumkin. Chunki, Klopp qo‘l ostida faqat bir nafar markaziy himoyachi qolgan – Joel Matip. U ham jarohatga moyil ekani Kloppni jiddiy tashvishlantirayotgani aniq. Noyabr oyining uchinchi o‘nligi va dekabr oyida Premer-liga va Chempionlar ligasi taqvimi ancha zich ko‘rinish olganini inobatga olsak, Klopp va «Liverpul» qishki transfer oynasigacha qanday holatga yetib kelishini tasavvur qilish qiyin. 

Ko‘proq yangiliklar: