Bartomeuning ketishi muammoni hal qilmadi. «Barselona» inqiroz yoqasidami?

Sport 12:41 / 17.11.2020 10586

Tomonlar o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuv bir necha kun oldin muvaffaqiyatsiz yakunlandi – futbolchilarning vakillari Tusketsning shartlariga, ya'ni maoshlar qisqartirilishining ikkinchi to‘lqiniga rozi bo‘lishmayapti.

«Mavsumdagi daromadlarning 300 million yevroga pasayishi munosabati bilan, klub ish haqi vedomostini optimallashtirishga, ya'ni 191 million yevroga qisqartirish choralarini ko‘radi», – deyiladi klub rasmiy bayonotida. 

Navbatdagi muzokaralar 23 noyabr kuniga tayinlangan. Futbolchilar terma jamoalardagi yig‘inlarini o‘tkazib, Ispaniyada yana bir tur o‘yinlarida maydonga tushadilar. Agar kelishuv amalga oshmasa, «Barselona»ni moliyaviy inqiroz jarayoni kutib turgan bo‘lishi haqiqatga yaqin.

Bu vaziyatga faqat Bartomeuning yomon boshqaruvi olib keldi, deyish haqiqatdan uzoq, albatta, pandemiya asoratlari butun dunyoda futbolga og‘ir zarba berdi. Deyarli barcha klublar katta yo‘qotishlarga uchradi, o‘xshash sharoitlarga tushib qolishdi. Ammo aynan «Barselona»da bu jarayon og‘riqli kechayotganining sababi, aynan Bartomeuning bir qator noto‘g‘ri qarorlaridir. Aynan uning so‘nggi yillardagi omadsiz transferlari va to‘lov vedomostining kattalashib ketgani bugungi sharoitda katta zarba bo‘lyapti. Bartomeu klub uchun maqbul shartlarda o‘ynashga rozi bo‘ladigan akademiya vakillariga, yosh futbolchilarga e'tibor bermay, bir qator yirik transferlar ketidan quvdi. Koutino, Grizmann, Dembele kabi futbolchilarni olib keldi. Bundan tashqari, vaziyatni o‘nglash borasida ham ishlar ko‘ngildagidek olib borilmadi. Masalan, xuddi shunday holatda «Real» Garet Beyl, Xames Rodriges kabi «yulduzlar»dan qutulishga erishgan bo‘lsa, «Barselona»dagi «xaos» bunga ham yo‘l qo‘ymadi, hatto Kumani ochiq «kerak emas»ligini aytgan futbolchilar jamoada qoldi.

Nega futbolchilar rozi bo‘lishmayapti?

Ushbu vaziyatda, aksariyat muxlislar shunday qilayotgan bo‘lishsa-da, tamomila futbolchilarning qaysarligi yoki klubga yon bermaslikda ayblash xato bo‘ladi. Gap shundaki, futbolchilar aynan Tuskets jamoasi bilan muzokaralar stoliga o‘tirishni istashmayapti. Buni tushunish mumkin, zero vaqtinchalik bo‘lgan va ertaga boshqaruvni tark etadigan odamlar bilan kelishib, «Kamp Nou»dagi o‘z moliyaviy sharoitlarini xavf ostiga qo‘yishni kim ham istaydi? Axir yangi prezident yangi g‘oya va rejalar bilan kelishi vaziyatga o‘z yechimlarini taqdim etishi muqarrar, u holda ba'zi futbolchilar «yomonlashgan» shartnomalar bilan arosatda qolib ketish ehtimoliga egalar.  

Bundan tashqari, futbolchilar orasida ham bu masalaga turlicha qarashlar, ziddiyatlar ham yo‘q emas. Masalan, Mark Andre ter Shtegen, Langle, Pike, Frenki de Yong kabi futbolchilar allaqachon kamaytirilgan maoshlar belgilangan yangi shartnomalarga qo‘l qo‘yib bo‘lishdi. Aytilishicha, ushbu shartnoma bandlaridan birida, krizisdan chiqib olingach, maoshlar avtomatik tarzda oshishi belgilab qo‘yilgan. Aynan shu band uchun ushbu futbolchilar boshqalarga ters ravishda klub shartlariga rozi bo‘lishdi. Boshqalar bunga rozi bo‘lishmadi, ularni Tuskets bilan yana bir og‘ir muzokaralar kutib turibdi.

«Barselona» qishda transfer qila olmaydi

Bu sharoitda «Barselona»ning qishki transfer chog‘ida yangi futbolchilarni jalb etishga harakat qilishiga ishonish mushkul. Albatta, bu borada ishlar to‘xtamaydi, zero hali Bartomeu ketmasidan oldin ham klub o‘z transfer maqsadlarini belgilab olgan. «Kamp Nou»dagi yangi futbolchilar «Manchester Siti» himoyachisi Erik Garsiya va «Lion» hujumchisi Memfis Depay bo‘lishi kutilyapti ham.

Ammo ushbu transferlarni qishda kutish mantiqsiz. Klub budjetida juda katta «teshik» bor va agar maoshlar rejadagi kabi qisqarmasa, klub moliyaviy jar yoqasiga kelib qoladi.

Ikkinchidan, «Manchester Siti» Garsiyaga hali ham yangi shartnoma taklif qilishni rejalashtirmoqda, Lionda esa, Memfis ushbu mavsumni to‘liq Fransiyada o‘tkazishi borasida bayonot berishdi.

Ronald Kuman o‘z tarkibini kuchaytirishdan har qancha umid qilishi mumkin, ammo unga bunday imkon berilmaydi. Balki hech qachon. Sababi, yozga endi «Barselona» yangi prezident bilan kirib boradi, u esa, tabiiyki, murabbiyning ishiga o‘z xulosasini beradi. 

Ko‘proq yangiliklar: