Maktablarda SCIENCE fani joriy etiladi. O‘qituvchilarni qiziqtirayotgan savollarga javoblar

Jamiyat 19:29 / 13.11.2020 32807

O‘zbekiston ta'lim tizimida ham 2021/22 o‘quv yilidan boshlab 1–6-sinflarda tabiiy fanlarni o‘zida jamlagan «Tabiiy fan» (SCIENCE) joriy etilishi haqida xabar berilgan edi.

Kun.uz muxbiri mazkur mavzuga aloqador savollarga javob olish, yangi fanning qay tartibda joriy etilishi haqida ma'lumot olish uchun Respublika Ta'lim markazi direktori o‘rinbosari Mehriniso Pardayeva bilan bog‘landi.

«Tabiiy fan o‘quvchiga fanlarni o‘qish qiyin emas, qiziq bo‘lishiga yordam beradi...»

— Tabiiy fan (SCIENCE) amalga kiritilishidan oldin xalqaro amaliyot, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xususiy va xorijiy maktablar tajribasi o‘rganildi.

Yangi fan o‘quvchilarni kichik yoshidan tabiiy fanlarni o‘qishga rag‘batlantirish, ularda olam haqida yaxlit tasavvur paydo qilishga yordam beradi. Buning bilan bola tabiiy fanlar, jumladan fizika va kimyo qiyin emas, qiziq fanlar ekanini anglaydi va uni o‘rganishga o‘zida rag‘bat sezadi.

Tabiiy fan (SCIENCE) qaysidir fandan voz kechish yoki qaysidir fanning o‘rniga joriy etilayotgani yo‘q. Aksincha, u ta'lim sifatini oshirish uchun mavjud fanlarni integrativ tarzda o‘qitilishini ta'minlaydi.

Tabiatda yuz berayotgan hodisalarni, masalan, yomg‘ir hodisasini o‘rganish jarayonida bola uning tarkibi (biologiyaga oid tushunchalar), fizik xususiyatlari, qaysi fasllarda va qayerlarda ko‘proq yog‘ishi (geografik xususiyati), yomg‘ir ta'sirida Yerda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi, o‘simliklar uchun foydasi haqida ma'lumotga ega bo‘ladi.

Mazkur fan 1–2-sinflarda «Atrofimizdagi olam», 3–4-sinflarda tabiatshunoslik, 5–6-sinflarda esa 3 ta alohida fan – geografiya, biologiya va fizika fanlari mazmunini va kimyo fanining boshlang‘ich tushunchalarini uyg‘unlikda o‘qitadi. 7-sinfdan boshlab esa biologiya, geografiya va iqtisodiyot, fizika, kimyo fanlari alohida o‘qitiladi.

«Yangi tartibning joriy qilinishi 5 yilgacha muddatni oladi»

— Tabiiy fan (SCIENCE) bosqichma-bosqich tarzda joriy qilinadi. Birinchi bosqich 2021/22 o‘quv yilida 1–2-sinflarda, keyin boshqa sinflarda joriy qilinadi.

Bu muddatda yangi o‘quv yili boshlangunga qadar 1–2-sinf o‘qituvchilariga mazkur fanni o‘qitish bo‘yicha maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi va kelgusida fanni o‘qitadigan mutaxassis o‘qituvchilar ham tayyorlanadi. Zarur bo‘lsa, qayta tayyorlov kurslari tashkil etiladi.

«Tabiiy fan boshqa fanlarni qisqartirmaydi»

— Ayni paytda 1–2-sinfda «Atrofimizdagi olam» – 1 soat, 3–4-sinfda tabiatshunoslik – 1 soat, 5-sinfda biologiya – 1 soat, geografiya – 1 soat, 6-sinfda fizika – 2 soat, biologiya – 2 soat, geografiya va iqtisod – 2 soatdan o‘qitilib, 1–5-sinflarda jami 12 soatni tashkil qiladi.

Hozirgi takliflarga ko‘ra, tabiiy fan 1-sinfda bir soat, 2–4-sinflarda ikki soatdan, 5–6-sinfda esa 3 soatdan, jami 13 soat o‘qitilishi tavsiya etilmoqda. Bu – hali taklif.

Tabiiy fanlarni joriy etishdan oldin tanlab olingan maktablarda shu o‘quv yilining to‘rtinchi choragida tajriba-sinov asosida fanni o‘qitamiz. Bu muddatda o‘quv dasturlari, darsliklar, dars soati tahlil qilib ko‘riladi. Va tajriba-sinov natijalari asosida 13 soatlik taklif o‘zgarishi mumkin.

Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda tabiiy fanlar soatlari kamayib ketadi, boshqa fanlar soatiga o‘tkazib yuboriladi, deya fikr bildirmoqda. Lekin bular asossiz: dars soati kamaytirilmaydi. Olimlar, mutaxassislar xulosalari bilan balki ko‘paytirilishi mumkin.

Yuqorida aytilganidek, 7–11-sinflardan esa fanlarning o‘qitilishi doimiy tartibda davom etadi.

Tabiiy fanlardan qaysi o‘qituvchilar dars beradi?

— Agar boshlang‘ich sinflar darsliklari bolalar uchun jozibali, qiziqarli, rang-barang qilib ishlab chiqilsa, fanni o‘rganish o‘quvchilarga oson bo‘ladi. Xuddi shuningdek, fanni o‘qitish uchun eng maqbul metodlarni, tavsiyalarni o‘z ichiga olgan o‘qituvchilar uchun ham alohida metodik qo‘llanma – o‘qituvchi kitoblari ishlab chiqiladi. Ular yordamida dars berish ustozlar uchun ham og‘ir bo‘lmaydi.

1-4-sinflarda tabiiy fanni o‘qitish boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga yuklatilishi tavsiya etiladi. Hozir ham «Atrofimizdagi olam» fanidan asosan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari dars berib kelmoqda.

Ayni paytdagi darsliklarda ayrim mavzular o‘qish, «Atrofimizdagi olam», odobnoma fanlarida ham aynan takrorlangan. Tabiiy fan (SCIENCE) fanida mavzular boshqa fanlar bilan bir-birini mantiqiy to‘ldiruvchi, fanlararo uzviylikni ta'minlagan holda ishlab chiqiladi.

Ona tilida biror mavzudagi matnning mantiqiy jihati, tabiiy fanda esa matnda keltirilgan hodisa, jarayon yoki o‘rganish predmetining tabiiy xususiyatlari o‘rganiladi.

5-sinfda tabiiy fan 3 soat o‘qitilishi va uni biologiya, geografiya va iqtisod fani o‘qituvchilari, shuningdek, 6-sinfda biologiya, geografiya va iqtisodiyot, fizika fanlari o‘qituvchilari o‘tishi tavsiya qilinmoqda.

Bunda savol tug‘iladi: geografiya o‘qituvchisi fizikani, fizika muallimi biologiyani o‘qita oladimi?

Buni aniqlash uchun o‘qituvchilar bilan ishlanadi. Ularning malakasini oshirish, qayta tayyorlash orqali ular shu darslarni o‘tishga tayyorlanadi. Bunday imkoniyat ularga maxsus maqsadli o‘quv kurslaridan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng beriladi.

«Tabiiy fan (SCIENCE) o‘qitadigan mutaxassislar tayyorlanadi»

— Tabiiy fan joriy etilgach, tegishli normativ huquqiy-hujjatlar ishlab chiqilgandan so‘ng, pedagogika universitetlariga tabiiy fan (SCIENCE) fanini o‘qituvchi kadrlarni tayyorlashga buyurtma beriladi.

Pedagogika institutlarida fizika yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalarga geografiya, biologiya bo‘yicha dars soatlarini yoki aksincha, geografiya yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalar uchun qolgan 2 ta fan bo‘yicha dars soatlarini kiritish bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga takliflar ham beriladi.

«Pedagoglar jamoasi o‘zgarishlarga ochiq bo‘lishi kerak»

— Ta'limda joriy etilayotgan har bir yangilik nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham o‘zini oqlayotgan tajribaga asoslanishi kerak. Agar tizimni takomillashtirish va yangiliklarni joriy etish uchun o‘nlab yillar tajriba-sinov qilinadigan bo‘lsa, unda ko‘p narsa yo‘qotish mumkin. Aslida, o‘z samaradorligini isbotlagan ta'lim modellari mavjud.

Insoniyat kashfiyotlarini amaliyot davomida isbotlagan paytlar ko‘p bo‘lgan. Faqat buning uchun hamma harakat qilishi kerak. O‘zgarishlarga ochiq bo‘lishimiz, o‘z ustimizda ishlashimiz kerak. Shuning uchun pedagoglardan iborat jamoatchilikni yangiliklardan qo‘rqishga emas, ularni amalga oshirishga intilishga chaqiraman.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

  • SCIENCE fanining taklif etilayotgan o‘quv dasturi bilan ushbu havolada tanishish mumkin.
Ko‘proq yangiliklar: