«Lotin yozuviga revolyutsion yo‘l bilan o‘tishimiz kerak. Evolyutsion yo‘lni eplay olmadik»

O‘zbekiston 18:19 / 13.11.2020 11612

Bobur Akmalov muallifligidagi «KUN. MUNOSABAT» ruknining navbatdagi sonida jurnalist Ilyos Safarov lotin–kirill masalasiga oid qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.

«O‘z tarixida o‘z yozuvini bizchalik ko‘p almashtirgan xalq bo‘lmasa kerak. 1929 yilgacha uzoq asrlar arab yozuvidan foydalanganmiz. 1929 yildan 1940 yilgacha lotin alifbosiga asoslangan yozuvda ish yuritilgan. 1940 yildan hozirgacha kirill yozuvidan foydalanib kelamiz.

1993 yilda lotin alifbosiga asoslangan yozuvga o‘tishga qaror qildik, ammo shundan buyon ham lotin, ham kirill yozuvlari amalda.

1993 yil 2 sentyabrda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi qonun bilan tasdiqlangan, bu qonunga 1995 yilda o‘zgartishlar kiritilganidan keyin, o‘tgan davr mobaynida bu masala faqat cho‘zilib kelyapti.

Bugun butun dunyoda juda ko‘p davlatlar lotin yozuvidan foydalanadi va hatto boshqa yozuvdan foydalanadigan xalqlar ham lotin yozuvini o‘qiy oladi. Lotin yozuvi texnologiya asrida tushunilishi qulay yozuv hisoblanadi. Kompyuterda matnni lotin harflarida terganda, ular kirill yozuvidan ko‘ra kamroq joy egallaydi. Ya’ni bu har tomonlama qulay.

1940 yilda ham sovet tuzumi va ideologiyasi asosida majburiy tarzda kirill yozuviga o‘tkazdirilgan edi va bu yozuvda o‘zbek tiliga xos bo‘lmagan , ts, y kabi harf va tovushlar paydo bo‘lib qoldi. Kirill yozuvi o‘zbek xalqi uchun mustabidlikni ifodalaydigan yozuv hisoblanadi.

Hozir lotin yozuviga to‘liq o‘tish kerak. Men hozirga kelib bu qiyin ish deb o‘ylamayman. 1993 yilda lotin yozuviga o‘tish bo‘yicha qonun qabul qilinganidan keyin ayrim xatoliklar ko‘zga tashlandi: OAVda lotin yozuvini ommalashtirish bo‘yicha ishlar yetarli darajada qilinmadi, odamlarga lotin yozuvini o‘rgatish choralari ko‘rilmadi.

Eng asosiysi, rahbarlar va mutasaddilarning: «Qayerdan topshiriq chiqarkin, shunga qarab harakat qilaman», – degan xayoli, «ob-havoga qarab kiyinishi» bu borada katta muammolarni keltirib chiqargan.

Bizda hozir ta’lim tizimidagi muassasalar lotin yozuviga o‘tib bo‘ldi. Matbuotda, masalan, «Ma’rifat» gazetasi to‘liq lotin yozuviga o‘ta oldi. Bir qancha davlat idoralarida asta-sekin hujjatlar lotinchada tayyorlanmoqda. Lotin yozuviga o‘tish jarayoni pishib yetilgan, deb o‘ylayman. Endilikda bunga faqatgina tezroq revolyutsion yo‘l bilan o‘tish kerak. Chunki biz evolyutsion yo‘lni eplolmadik.

Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimovning aytishicha, ular lotin yozuvini deyarli tushunmaydigan mutasaddilarni bir oy ichida to‘liq lotin yozuvida o‘qitgan. Ular 1 oy ichida lotin yozuvini o‘rganib, maxsus sertifikat bilan ketyapti. Olim bu juda katta muammo emas, dedi.

Ko‘pchilik kirill yozuvida ko‘p moddiy-ma’naviy merosimiz bor, lotinga o‘tsak, ularni yo‘qotib qo‘yamiz, degan fikrni bildiradi. Bu umuman qo‘shilib bo‘lmaydigan fikr. Kirill yozuvidagi boyliklarni bizdan kim olib qo‘yyapti? Ular o‘zimizniki va bugungi texnika yutug‘i bilan ularni ham tezda lotin yozuviga o‘tkazish mumkin. Bu muammo bo‘lmaydi, deb o‘ylayman.

Lotin yozuviga o‘tish masalasida atoqli olimlarimizdan biri bilan gaplashganimda, so‘ragandim: «Domla, 1-2 yil ichida lotin yozuviga o‘tyapmiz. Bu o‘tishda biz amaldagi lotin yozuvi bilan o‘tamizmi yoki isloh qilinishi kerak bo‘lgan lotin yozuvi bilanmi?»

Olim esa: «Men hali ob-havo, vaziyat qaysi tomonga qarab ketayotganini bilmayman. Vaziyat aniq bo‘lsa, fikr bildirishim mumkin», – dedi. Biz ishongan, sohaning boshida turgan olimlarimiz ikki tomonga o‘ynaydigan, aniq bir pozitsiyasi bo‘lmagan javob bildirib turgandan keyin biz nima qilishimiz mumkin, degan savol tug‘iladi», – deydi Ilyos Safarov.

Ko‘proq yangiliklar: