Qorabog‘ masalasida yetti savol. Kelishuvdan kim yutdi va buyog‘iga nima bo‘ladi?

Jahon 20:51 / 11.11.2020 59787

Bu kelishuvga ko‘ra arman tomoni Tog‘li Qorabog‘ning katta qismi va uning atrofidagi tumanlarni Ozarboyjonga topshiradi.

Qariyb 2 ming nafar rossiyalik askar tutashuv chizig‘iga va Lochin yo‘lagiga joylashtiriladi.

Bularning barchasi mojaro tomonlari uchun nimani anglatadi? BBC rus xizmati muxbirlari tinchlik kelishuviga oid muhim savollarga javob izladi.

Kelishuvda nimalar ko‘zda tutilgan? Tinchlikka amal qilinishini kim kafolatlaydi?

10 noyabr kuni tongda uch tomonlama kelishuv matni Kreml rasmiy saytida e'lon qilindi.

Undagi asosiy bandlar quyidagilar:

  • Armaniston va Ozarboyjon Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatadi, harbiylar o‘zlari egallagan pozitsiyalarida qolishadi. O‘t ochishni to‘xtatishga amal qilishni maxsus tinchlikparvar markaz nazorat qiladi.
  • Tomonlar garovdagilarni, asirlarni va qurbon bo‘lganlarning jasadlarini almashishadi.
  • Rossiyalik tinchlikparvar kuchlar keyinroq tomonlarning roziligi bilan yana 5 yilga uzaytirish sharti bilan 5 yil muddatga Qorabog‘ga kiritiladi. Bu harbiylar tutashuv chiziqlarini va qoldirilgan yo‘laklarni qo‘riqlashadi.
  • Shusha shahri Ozarboyjon nazorati ostida qoldiriladi.
  • Armaniston Ozarboyjonga yana uch tumanni - Agdam, Kelbajar va Lochin tumanlarini topshiradi. Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi poytaxti Stepanakert (Xonkandi), Mardakert (Agdera), Martuni (Xo‘javend) va Tog‘li Qorabog‘ning ozarboyjonliklar armiyasi kirib kelmagan boshqa hududlari arman kuchlari nazoratida qoldiriladi.
  • Lochin tumanida Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘lash uchun eni 5 km bo‘lgan yo‘lak qoldiriladi. Bu hudud rossiyalik tinchlikparvar kuchlar tomonidan nazorat qilinadi.
  • Armaniston ham Ozarboyjonning g‘arbiy hududlari va Naxichevan muxtor respublikasini o‘zaro bog‘lash uchun yo‘lak qoldiradi. Bu hudud ham rossiyalik harbiylar tomonidan qo‘riqlanadi.
  • Tog‘li Qorabog‘ga va atrofdagi tumanlarga qochqinlar qaytarilishi va aholining qayta joylashtirilishi BMTning tegishli komissiyasi tomonidan nazorat qilinadi.
  • Kelishuv matniga ko‘ra, mintaqada tinchlikka amal qilinishini ta'minlashni rossiyalik harbiylar o‘z zimmasiga oladi. Buning uchun dushanba kuni Qorabog‘ga ilk tinchlikparvar kuchlar yetib kelgandi. Jami 1960 nafar harbiy, 90ta bronetransportyor, 380ta avtomobil va maxsus texnikalar joylashtirish rejalashtirilgan.

Tinchlik sulhi e'lon qilinganidan keyin Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Qorabog‘ga turk tinchlikparvarlari ham joylashtirilishi haqida gapirdi, ammo rasmiy kelishuv matnida bu haqda aytilmagan.

Foto: EPA

Rossiya tashqi ishlar vazirligi va Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Aliyevning bu haqdagi so‘zlarini rad etib chiqishdi.

Shu bilan birga, Peskov Turkiya Ozarboyjonga o‘t ochish shartlarini monitoring qilish markazini tashkil etishda yordam berishi mumkinligini aytib o‘tdi. Ammo markaz Qorabog‘dan tashqari, Ozarboyjon ichkarisida joylashadi.

Tomonlar nega aynan hozir tinchlikparvar kuchlar kiritilishiga rozi bo‘lishdi? Yangi urush xavfi bormi?

Armaniston tomoni ham, Tog‘li Qorabog‘dagi rasmiylar ham Ozarboyjon Shushani egallagach kuchlar nisbatida keskin farq yuzaga kelganini ta'kidlashdi. Aliyev bu shahar olingani haqida 8 noyabr kuni ma'lum qilgandi.

Shusha mintaqa uchun strategik jihatdan muhim punkt hisoblanadi: tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi markazi Stepanakert (Xonkandi) barcha turdagi qurollar bilan nishonga olish mumkin bo‘lgan qoyada joylashgan.

Tan olinmagan respublika rahbari Araik Arutyunyanning aytishicha, agar harbiy harakatlar davom ettirilganida, Ozarboyjon bir necha kun mobaynida Tog‘li Qorabog‘ni to‘liq egallardi. Janglar Stepanakert ostonasida olib borilayotgandi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan arman armiyasi talabi bilan kelishuvga rozi bo‘lganini bildirdi. U Armanistonda urushni davom ettirish uchun safarbarlik borasida qator muammolar yuzaga kelganini aytib o‘tgan.

«Armiya bir necha marta urushni to‘xtatishni so‘raganidan keyin men shunday qaror qabul qildim. Armiyadagilar to‘xtash kerakligini aytayotgan vaziyatni tasavvur qilib ko‘ring», degan Pashinyan.

Keyinroq u Qorabog‘ bo‘yicha kelishuv haqida yana shunday dedi: «Stepanakert himoyasiz qolgandi, urush davom ettirilganida Stepanakert, Martuni, Askeran yo‘qotilardi, natijada himoyalanayotgan boshqa tumanlar va minglab askarlar qurshovda qolib ketardi. Natijada to‘la kollaps yuzaga kelgan bo‘lardi. Aynan shularni hisobga olgan holda qaror qabul qilindi».

Endi mintaqada tinchlikka amal qilinishini tinchlikparvar kuchlar nazorat qiladi, ularga hujum qilinishi to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya bilan to‘qnashuvga olib keladi.

«Ozarboyjonliklar jang maydonidagi muvaffaqiyatlaridan ilhomlanishlari aniq. Biz tinchlik saqlanib qolishiga umid bildiramiz, ammo Ozarboyjonning ichkarisidagilar yanada ko‘prog‘ini, Tog‘li Qorabog‘ni to‘liq egallashni istashlari tabiiy. Tinchlikparvar kuchlar harbiy harakatlar davom etishining hamda qasos olishga bo‘lgan urinishlarning oldini olishlari kerak», degan BBC muxbiri bilan suhbatda o‘z vaqtida YeXHTning Minsk guruhiga AQShdan vakil bo‘lgan Jyeyms Uorlik.

Pragadagi Karlov universiteti aspiranti, huquq faoli Bahruz Samedov rossiyalik tinchlikparvar kuchlarning kiritilishini eng yaxshi yo‘l deb hisoblaydi: «Rossiyada mustamlakachilik ruhi saqlanib qolganiga qaramasdan, u mintaqa uchun xavfsizlik va tinchlikni anglatadi. Biz barchamiz urush vaqtida xalqaro o‘yinchilar tinchlikka erishish uchun hech narsa qila olishmaganiga guvoh bo‘ldik».

«Avvaliga Rossiyaning urinishlari ham muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. Ammo Rossiya urushni to‘xtatishga va Ozarboyjonning manfaatlarini qanoatlantirish uchun qat'iy harakat qildi. Ayni vaziyatda rossiyaliklarning tinchlikparvar missiyasi muvozanatlashtiruvchi rolini o‘ynaydi va bu haqiqiy sulh uchun juda zarur hisoblanadi», deya fikrlarini bildirgan Samedov.

Uning fikricha, faqat Rossiyaning mavjudligigina Turkiyaning tobora o‘sib borayotgan ta'sirini tiyishi mumkin.

Nima uchun kelishuvda Qorabog‘ning maqomi haqida gap yo‘q? Ikki tomon tinchlik haqida nimalar demoqda?

Kelishuvda Tog‘li Qorabog‘ning maqomi to‘g‘risida hech narsa deyilmagan. Gap Ozarboyjon SSR tarkibida bo‘lgan, aholi sonida armanlar ko‘pchilikni tashkil etgan Tog‘li Qorabog‘ muxtor oblasti haqida ketmoqda. Hozirgi urushga qadar bu hududning katta qismi tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasiga (Arsax) tegishli edi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Qorabog‘ning maqomi to‘g‘risidagi savolga javoban, avval qabul qilingan barcha huquqiy hujjatlar, shu jumladan, BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasi kuchda qolishini qayd etgan. Bu hujjatlarda Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga sodiqlik va arman kuchlarini Tog‘li Qorabog‘ hamda uning atrofidagi tumanlardan olib chiqib ketish bo‘yicha talab aks etgan.

Yaqin istiqbolda Tog‘li Qorabog‘ning ozarlar egallamagan qismlari Armaniston qurolli kuchlari nazoratida qoladi.

Amerikadagi Eurasianet nashri redaktori Joshua Kucher kelishuvda uzoq muddatli qarorlar haqida gap yo‘qligiga e'tibor qaratgan. Bunday mavhumlik sharoitida mintaqada tinchlikparvar kuchlar tinchlik kafolati bo‘lishadi.

Hozirgi vaziyat - uzil-kesil tinchlik o‘rnatilishi emas, deya izohlaydi BBC’ning Janubiy Kavkaz bo‘yicha eksperti Gans Gutbrod. Uning fikricha, mintaqada vaziyat barqarorlashishi va chegaralar ochilishi uchun hali ko‘p ish qilish kerak. Buning uchun asosiy o‘yinchilar bo‘lmish Turkiya va Ozarboyjon qayishqoqlik namoyish etishi kerak, deb hisoblaydi u.

«Harbiy harakatlar to‘xtagani va behuda o‘limlarning oldi olinganini men katta yengillik deb bilaman», deya tan oladi ozarboyjonlik jurnalist Arzu Geybulla. Uning fikricha, tinchlikparvar kuchlar harbiy harakatlarni to‘xtatishi mumkin, ammo haqiqiy tinchlik o‘rnatilishi uchun boshqa yirik davlatlar, masalan, Germaniya kabi xalqaro o‘yinchilarning ham qo‘llab-quvvatlovi kerak bo‘ladi.

Geybulla ziddiyatni muloqotsiz hal qilib bo‘lmaydi, deb biladi.

«Bizning yetakchilarimiz xalqlarni tinchlikka tayyorlashmagan. Biz juda ko‘p vaqt davomida urushdik, biz buzuq doirani aylantirishni to‘xtatishimiz emas, buzib tashlashimiz kerak», deydi armanistonlik jurnalist Lara Setrakyan.

Shuningdek, u xalqaro hamjamiyat ikki xalqni yarashtirish ishlarini olib borishi kerakligini aytadi: «Biz aniq yechimlarni topmas ekanmiz, tashqi kuchlar e'tiborini yo‘qotganida yana urush olovi alangalanadi».

Ozarboyjon nimalarga erishdi? Naxichevan Boku uchun qanchalik muhim?

Foto: Gavriil Grigorov/TASS

Ozarboyjon nafaqat 25 yil oldingi urush yakunida yo‘qotgan hududlarini qaytarib oldi, balki strategik jihatdan muhim bo‘lgan qadimiy Shusha shahri ustidan ham nazoratni qo‘lga kiritdi. Amalda Shushaga egalik qiladigan tomon istalgan vaqtda Qorabog‘ poytaxtini ham egallab olishi mumkin.

«Shusha va armiya yo‘qotilgach Arsax (Tog‘li Qorabog‘) ham bo‘lmaydi. Aslida «tinchlikparvar kuchlar»ning besh yillik mandati armanlar bu hududni o‘zlari tark etishi uchungina kerak. Bunday shartlar qo‘yilishidan maqsad Qorabog‘ masalasini «etnik tozalashlar»siz hal qilish uchun», degan Kremlga yaqin hisoblanuvchi siyosatshunos Gleb Kuznetsov feysbukdagi sahifasida.

Aliyev, Pashinyan va Putin tomonidan imzolangan tinchlik kelishuvi orqali Ozarboyjon tez orada muhim transport yo‘lagini qo‘lga kiritadi.

Quruqlikdagi tranzit yo‘lagi Armanistonning janubdagi Eron bilan chegarasi bo‘ylab o‘tib, Ozarboyjonning eksklavi - Naxichevan muxtor respublikaga olib boradi. O‘z navbatida, Naxichevan  Turkiya bilan chegaradosh.

Bokuda barcha armanlar Ozarboyjonni tark etishi kerak deb hisoblaydigan radikal kayfiyatdagi ozarboyjonliklar mutlaq kamchilikni tashkil etadi, deydi BBC bilan suhbatda ozarboyjonlik siyosatshunos, parlament deputati Rasim Musabekov.

U Moldova, Gruziyadagi voqealardan kelib chiqqan holda (gruzinlar Janubiy Osetiya va Abxaziyani boy berishgan) rossiyalik tinchlikparvar kuchlarning joylashuvidan ko‘proq xavotirdaligini bildirgan.

Foto: Gavriil Grigorov/TASS

Shu bilan birgalikda, Bokudagilarning ko‘pchiligi Qorabog‘ bo‘yicha tinchlik kelishuvini ulkan g‘alaba sifatida qabul qilishmoqda.

U kelishuvda arman harbiylari Qorabog‘ atrofidagi hududlarni tark etishi belgilanganini eslatib, bu kelgusida qon to‘kilishlarining oldini olishini aytib o‘tgan.

«Odamlar g‘alabadan, tinchlik boshlanganidan xursand. Menimcha ham, Ozarboyjon prezidenti urushni to‘g‘ri olib bordi, diplomatik nuqtayi nazardan kerakli vaqtda urushga nuqta qo‘ydi», deya xulosa qiladi deputat.

Armanistonni nima kutmoqda? Pashinyanga inqilob xavf solmoqdami?

Foto: Stanislav Krasilnikov/TASS

Kelishuv Yerevanda tartibsizliklarni keltirib chiqardi. 2018 yildagi namoyishlar ortidan hokimiyatga kelgan Nikol Pashinyan endi o‘zi ko‘cha namoyishlari qurboniga aylanishi mumkin.

Tinchlik kelishuvi to‘g‘risidagi xabar ma'lum bo‘lgach Yerevan markazida ommaviy norozilik namoyishi boshlandi. Hukumat binosi oldida bir necha ming kishi to‘plandi, ularning bir qismi to‘siqni yorib o‘tib, majmua hududiga bostirib kirishdi. O‘nlab kishilar binolarning eshik va derazalarini sindirishdi, Pashinyanning shaxsiy kabineti vayron qilindi.

Olomon parlament spikeri, hukumatdagi «Mening qadamim» bloki vakili Ararat Mirzoyanni kaltakladi.

Foto: AR/TASS

Barcha armanlar katoliksi Garegin II bosh vazirni bunday kelishuvga nima uchun rozilik berganini izohlab berishga chaqirdi.

Mamlakat prezidenti Armen Sarkisyan esa Pashinyanni bunday kelishuvga rozi bo‘lishdan oldin o‘zi bilan maslahatlashmagani uchun aybladi.

17ta muxolif partiya Pashinyanning iste'fosini talab qildi. Ammo ulardan faqat biri, «Obod Armaniston» partiyasi parlamentda salmoqli o‘ringa ega. Bosh vazir muxoliflari Armanistonning Qorabog‘ bo‘yicha kelishuvdagi ishtirokini bekor qilmoqchi. Sobiq prezident Serj Sargisyanning partiyasi bo‘lmish Respublika partiyasi ham shunga chaqirgan.

Pashinyanning o‘zi esa urushni to‘xtatish qarori armiya talabi bilan qabul qilinganini ta'kidlashda davom etmoqda.

Yerevandagi «Hududiy tadqiqotlar markazi» (RSC) direktori Richard Giragosyan muxolifatchilar hokimiyat almashinuviga erishishi imkoniyatlarini juda past baholamoqda.

Ammo u Pashinyan yaqin vaqt ichida xotirjam bo‘la olmasligini ham aytmoqda: «Uning siyosatdagi bunday impulsiv, populistik va hischan uslubi bunday vazifani bajarish uchun unchalik mos emas».

Amerikadagi Eurasianet nashri muharriri Joshua Kucher esa aksincha fikrda, u Pashinyanning hokimiyati jiddiy xavf ostida qolgan deb hisoblaydi, u ayni vaqtda bosh vazir nafaqat Ozarboyjonga taslim bo‘lgani tufayli, balki bu haqdagi qarorni jamoatchilik bilan muhokama qilmasdan (holbuki, u shuni va'da qilgandi), tungi vaqtda e'lon qilgani uchun ham armanlar nazdida xiyonatkor sifatida gavdalanayotganini ta'kidlamoqda.

«Uning siyosiy muxoliflari juda ko‘p, ular bunday vaziyatdan uni ag‘darish uchun foydalanib qolishlari mumkin», deydi Kucher.

Ziddiyatni Madrid prinsiplari asosida kelishuv yo‘li bilan hal etish o‘z vaqtida Armaniston uchun foydali bo‘lgan bo‘lardi, deydi Jyeyms Uorlik.

Bunday kelishuv Ozarboyjonga Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi hududlarni berishni, tan olinmagan respublika maqomi va uning taqdirini referendum orqali hal etishni nazarda tutardi. Ammo so‘nggi o‘n yilliklarda Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha barcha muzokaralar ikki tomonning bir-birini tushunishni istamasligi tufayli to‘xtab qolavergan.

Uorlik tinchlikparvar kuchlarning vaqtinchalik ekanini qayd etadi va tomonlarni kafolati faqatgina Moskva bo‘lmagan boshqa tinchlik kelishuvlari ustida ham ishlashga chaqiradi.

Dmitriy Lovetskiy / AP / Scanpix / LETA

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, muxolifat Pashinyanga ultimatum qo‘yib, uning iste'fosini talab qilgan.

«Biz talab qilamizki, Pashinyan soat 24:00gacha iste'fo bersin. Agar uning o‘zi iste'fo bermasa, bunday qarorni mamlakat parlamenti qabul qilishi kerak. Biz soat 24:00ga qadar kutamiz, agar iste'fo ro‘y bermasa, biz yarim tunda matbuot anjumani tashkil etib, keyingi qadamlarimiz haqida ma'lum qilamiz. Har qanday holatda ham Pashinyan ketishi kerak», degan «Dashnaksutyun» partiyasi vakili Ishxan Sagatelyan.

Namoyishchilar yo‘llarni to‘sgan va parlament binosi oldida namoyishni davom ettirishmoqda. Huquq-tartibot organlari binoni qo‘riqlashmoqda.

Moskva nima uchun avvalroq aralashmagan? Tinchlikdan Rossiyaga naf bormi?

Aslida Rossiya mojaroga aralashishga haqli emas, harbiy harakatlar xalqaro miqyosda Ozarboyjon hududi sifatida tan olingan hududda olib borilayotgandi va urush Rossiyaning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT/ODKB) bo‘yicha ittifoqchisi bo‘lmish Armaniston hududiga ko‘chmagandi. Tinchlikparvar kuchlar kiritilishi esa ikki urushuvchi tomon roziligi bilan amalga oshdi.

Foto: RF Mudofaa vazirligi/TASS

Rossiyaning avvalboshdan aralashmaganiga bu ziddiyatda Bokuning ortida Turkiya turgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Rossiyaning Suriya va Liviyadagi guruhlari taqdiri Turkiya bilan munosabatlarga bog‘liq va ularning taqdirini Armanistonga yordam berish uchungina xavf ostida qo‘yib bo‘lmasdi.

Ammo 10 noyabrga o‘tar kechasi, rasmiy kelishuv haqida e'lon qilinishidan oldinroq vaziyat keskinlashib ketdi. Armaniston hududida, Ozarboyjonning Naxichevaniga yaqin hududda rossiyaliklarning Mi-24 rusumli harbiy vertolyoti urib tushirildi, ikki harbiy xizmatchi halok bo‘lib, bir nafari og‘ir tan jarohati oldi.

Ushbu hodisa aralashuv uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin edi, ammo Ozarboyjon tomoni darhol uzr so‘rab, halok bo‘lgan va jabrlanganlarning oilalariga tovon puli to‘lab berishga tayyorligini bildirdi

Moskvadagilar ham bu fojiaga katta ahamiyat qaratmaslikka qaror qilib, tinchlik kelishuvi tuzishga tayyorlanishdi. Prezident Vladimir Putin 10 noyabr kuni uchuvchilarning xotirasi uchun sukut saqladi va mudofaa vaziri Sergey Shoyguga ularning oilalariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq berdi.

«Rossiya v globalnoy politike» jurnali bosh muharriri Fedor Lukyanov esa Kreml avvalboshdan bu mojaro bilan shug‘ullangani haqida fikr bildirgan. Uning aytishicha, Rossiya Turkiya bilan muzokaralar o‘tkazgan, Ozarboyjon bilan aloqaga chiqqan va Yerevanni qo‘llab-quvvatlash uchun harbiy yordam ham ko‘rsatgan.

Ozarboyjon armiyasi Turkiya qo‘llab-quvvatlovi bilan kattagina hududni egallab olgach esa tinchlik kelishuvi tuzish vaqti kelgandi, deya ishonch bilan gapiradi ekspert.

«Rossiya Ozarboyjonning yanada ilgarilashidan manfaatdor emasdi. Stepanakertning olinishi gumanitar falokat sifatida baholangan bo‘lardi. Bunday tarzdagi kelishuv bir hafta muqaddam ham tuzilishi mumkin edi, ammo u vaqtda Armaniston rozi bo‘lmasdi. Kecha esa vaziyat butunlay boshqacha edi», deya izohlaydi Lukyanov.

Pashinyanda tinchlik kelishuviga ko‘nishdan o‘zga chora qolmagandi, u Stepanakertning qulashidan qochish uchun kelishuvga rozilik berdi, deydi Uorlik.

Yakunda Rossiya vaziyatdan «a'lo darajada» chiqib ketdi, deydi Lukyanov: «Munosabatlar o‘z holicha qoldi. Rossiyaning harbiy ta'siri kengaydi. Armanistonning Rossiyaga qaramligi kuchaydi. Ozarboyjon ham xursand, bu davlatni Rossiyaning status-kvo holati qoniqtiradi».

Aftidan, Rossiya yanada kengroq mojaroning oldini olish uchun sahna ortida faol ish olib borgan, deb hisoblaydi Jyeyms Uorlik.

U Minsk guruhi hamraislari bo‘lgan AQSh va Fransiya, shuningdek, YeXHT ham bu masalada faolroq bo‘lish kerak edi, deb hisoblaydi.

Turkiya nimaga erishdi? Anqaraning Kavkazdagi ta'siri qanchalik mustahkamlandi?

Ziddiyat yakuni Turkiyaning Janubiy Kavkazdagi pozitsiyasini mustahkamladi va uning Ozarboyjonga ta'sirini kengaytirdi.

Turkiya bu urushdan olgan foydalardan biri - Ozarboyjon bilan quruqlikda Armaniston va Naxichevan orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri transport aloqasi o‘rnatilayotganidir.

«Turkiya bilvosita harakatlari bilan maksimum darajada foyda oldi, bu esa Turkiya iqtisodidagi murakkab sharoitda Erdo‘g‘an uchun muhimdir. Aftidan, Gruziya bilan munosabatlar ham rivojlantiriladi va Janubiy Kavkazdagi ta'sir doirasi kengaytiriladi», deya yozgan feysbukdagi sahifasida politolog Aleksey Makarkin.

Ammo ushbu urushni yoritib borgan, Rossiya va Turkiyaning boshqa qaynoq nuqtalardagi qarama-qarshiligini o‘rgangan kanadalik jurnalist Nil Hoyyerning fikricha, bu kelishuv benefitsiari aynan Moskva hisoblanadi.

Turkiya mojaroni hal qiluvchi rolini bajarmadi: Moskva o‘z kontingentini Qorabog‘ga kiritdi, Anqara esa faqatgina Ozarboyjondagi monitoring markaziga bir necha zobitlarini yuborishi mumkin, xolos.

Turkiyaning Janubiy Kavkazda muhim o‘yinchi bo‘lish uchun urinishi Rossiyaning ta'sir doiralariga xavf soladi, deb hisoblaydi Birmingem universitetining siyosatshunoslik fakulteti xodimi Kevork Oskanyan.

U Moskva qanday qilib ruslarning mintaqadagi ustunligiga qarshi kurashgan Turkiyaning ta'sirini cheklagan holda Qorabog‘da harbiylarini joylashtirishga erishganidan hayratdaligini bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: