Qarshida tadbirkorlik boshlashning qanday «qoidasi» bor? Amerikadan qaytib sarson bo‘layotgan tadbirkor hasrati

Jamiyat 15:06 / 11.11.2020 47010

U bizga boshdan o‘tkazayotganlarini so‘zlab berarkan, puli bor odamning ham Qarshida biror ish boshlab rivojlantira olishiga endi ishonmay qo‘yganini va mablag‘ini saqlab qolish uchun albatta ortga qaytib ketish, o‘sha yerda ishlab, o‘sha yerda turib hamyurtlariga yordam berish osonroq ekaniga ishonch hosil qilganini aytmoqda.

Xo‘sh, Qarshida unga qanday to‘sqinliklar bo‘lganki, ishini boshlay olmayapti va bu qadar rasmiy idoralardan ko‘ngli qolgan?

«2018 yil prezidentimiz AQShga safari davomida o‘sha yerda yashayotgan o‘zbeklar bilan uchrashib aytgan gaplari menga juda qattiq ta'sir qilgandi. Chunki men ham Nyu-Yorkda yashab, ishlab kelayotgan o‘zbekistonliklardan biri edim.

Davlatimiz rahbarining «Mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish istagida bo‘lgan barcha chet eldagi yurtdoshlarimizni O‘zbekistonga taklif etaman, men ularni qo‘llab-quvvatlashga va har tomonlama rag‘batlantirishga tayyorman», degan gaplarini eshitgan zahotim yurtga qaytib, shu yerda mehnat qilishni niyat qildim. Ayniqsa, prezidentning «Barchangizning mamlakatimizni rivojlantirishga sidqidildan hissa qo‘shishga tayyor ekaningizni ko‘rib, chin dildan mamnun bo‘lib turibman. Hammamiz jonajon Vatanimiz ravnaqi yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib birlashsak, oldimizga qo‘ygan har qanday yuksak marraga albatta yetishimizga ishonaman», degan gaplaridan so‘ng menda vatanga daxldorlik hissi paydo bo‘ldi.

Ammo davlatimiz rahbarining kuyunchakligi, nazarimda, mahalliy rahbarlarning hammasida ham bor emas ekan.

2019 yilda Qarshiga keldim. Viloyat hokimi qabuliga kirib, qo‘limda 100 ming dollar borligi, amerikalik hamkorim esa 300 ming dollar investitsiya kiritishga tayyor ekanini bildirdim. Bu sarflanishi ko‘zda tutilgan mablag‘ faqat boshlanishi bo‘lib, oldimizda ulkan rejalar turganini aytdim. Viloyat hokimi fikrimni ma'qullab, tadbirkorlik uchun yer berilishi, loyiham dasturga kiritilishini aytdi.

Tez orada AQShning «LA TRANS LLC» kompaniyasi bilan birgalikda loyiha qiymati 400 ming AQSh dollari bo‘lgan «LA TRANS LLC KARSHI» qo‘shma korxonasini tashkil etdik. Qarshi shahri Jayhun ko‘chasidan doimiy foydalanish uchun 900 kv. metr yer maydoni ajratildi.

2019 yilning 17 sentyabrida Qarshi shahar hokimi qarori bilan yerga egalik huquqi berildi. Qurilishga oid tegishli hujjatlarni tayyorlash jarayonida viloyat hokimi ham, Qarshi shahri hokimi ham almashdi. Barcha hujjatlarim tayyor bo‘lib, poydevor ishlari boshlangach, hokimlik tomonidan bu yerda qurilish qilishim mumkin emasligi aytildi», — deydi Javlon Jo‘rayev.

Tadbirkorga berilgan dastlabki yer uchun hokim qarori
2019 yil yuqoridagi qarorga asosan ajratilgan yer

Tadbirkor qayta-qayta murojaat qilavergach, 2020 yil fevral oyida Qarshi shahrining boshqa hududidan, «Xo‘ja Xiyol» mahallasidan yer ajratiladi.

Tadbirkor yer maydoni ajratish to‘g‘risida hokimning keyingi qarori
Ikkinchi marta berilgan yer

Bu hududda tadbirkor jahon standartlari asosida «Sog‘lomlashtirish markazi» qurishni rejalashtiradi. Ammo viloyat qurilish bosh boshqarmasi tomonidan ushbu yer maydonida yaqin kunlarda bog‘ barpo etilishi ma'lum qilinib, tadbirkorning loyihasi tasdiqlanmaydi. Yana vaqt va shuncha harakatiga kuygan tadbirkor qo‘lida hokim qarori bilan qolaveradi.

Shunda ham Qarshida biror loyiha amalga oshirish fikridan qaytmagan tadbirkor yana shahar hokimi qabuliga kiradi. Unga uchinchi marta yer ajratiladi. Bu safar shaharning «Mag‘zon» mahallasi hududidan.

hokimning uchinchi marta berilgan yer ajratish to‘g‘risidagi qarori
Uchinchi marta ajratilgan yer

Nihoyat, tadbirkor sog‘lomlashtirish markazi, xususiy bog‘cha va issiqxona barpo etilishi ko‘zda tutilgan uch bosqichli loyiha qurilishining dastlabki qismini boshlaydi. Biroq uchinchi urinish ham oxiriga yetmaydi. 2020 yil 20 iyul kuni Qarshi shahar hokimligidan qurilish ishlarini to‘xtatib turish mazmunida ogohlantirish xati keladi.

«Bu orada Qarshi shahar hokimligi tomonidan menga yer egaligi bo‘yicha berilgan barcha qarorlar bekor qilindi. Shu tarzda hokimlik bir yil davomida menga uch marta yer ajratib, shuncha marta sarson qildi. Oxirida esa barcha qarorlar yangi bitta qaror bilan bekor qilindi.

Men faqat qayerda xato qilganimni tushunmayman. Qonun-qoidalarni o‘sha qaror chiqaradiganlar mendan yaxshi tushunishsa kerak? Ular qanday hujjat aytgan bo‘lsa tayyorladim. Ammo qani ishni boshlay olsam. Bilmadim, tinchgina ishni boshlay olishimning biror siri bormi yoki yo‘q?», deydi Javlon Jo‘rayev.

Unga nima sababdan uch marta qaror chiqarilib sarson etilganiga mutasaddilardan aniq javob olib bo‘lmadi. Qarshi shahar hokimligi huquqshunosining ma'lum qilishicha, qarorlar shahar prokurori protesti asosida hokim qarori bilan bekor qilingan. Ammo protest shu yil, 17 iyulda kiritilgan. 20 iyunda esa Qarshi shahar hokimining har uchala yerga bo‘lgan huquqni bekor qilish bo‘yicha uchta qarori chiqqandi. Ungacha nima sababdan har safar qaror berilgani holda tadbirkorning ish boshlashiga qarshilik qilingani mavhumligicha qolmoqda.

Chindan ham nima sababdan hokimlik J.Jo‘rayevga tadbirkorlik qilish uchun yer ajratmoqdayu, endi ish boshlash arafasida to‘xtatib qo‘ymoqda. Eng qizig‘i, boshqa yerda ham endi ish boshlay deganida yana bu holat takrorlanmoqda.  

Hokimlik huquqshunosi tadbirkor ish boshlay olmayotgan uchinchi yer masalasiga izoh berdi. Unga ko‘ra, tadbirkor bu yerdan foydalanish uchun xalq ta'limi vazirligidan ruxsat so‘rashi kerak bo‘lgan va bu ishni amalga oshirmagan. Qolaversa, bu yer tadbirkorga berilishidan oldin tuman zaxirasiga qaytarilmagani aytildi. Shuningdek, yer auksion orqali olinmaganiga ham e'tibor qaratildi.

Xo‘p, agar shunday bo‘lsa, zaxiraga olinmagan yerga qaror chiqarilgani kimning xatosi?

Umuman olganda, yer ajratish to‘g‘risidagi qaror chiqarishidan oldin ruxsat berish dalolatnomasida naq 12ta tashkilotning roziligi olingan. Nahotki Qarshi shahridagi biror-bir tashkilot mazkur yerning nizoli ekanini bilmagan va aytmagan? Umuman, hujjatlarda xato bo‘lsa, bu tadbirkorning aybimi yoki tegishli tashkilotlarning? Modomiki, hokimlik qaror chiqaraverar va bekor qilaverar ekan, tadbirkorlar qanday qilib o‘z faoliyatini boshlashi mumkin?

Tadbirkor esa bu yer aslo XTVga qarashli emasligi, bu haqda tegishli tashkilotlarning xulosasini olganini aytmoqda. Darvoqe, yuqoridagi qurilishga ruxsat berish dalolatnomasida ko‘plab tashkilotlar qatori Qarshi shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri rahbarining ham imzosi bor. Xullas, tadbirkorga yer berilayotganida barcha tashkilotlar rozi, muammo yo‘q, endi ishni boshlayman deganda esa qator kamchiliklar...

Masalaning yana bir tomoni bor. Shuncha vaqt davomida yer ajratish to‘g‘risida qarorni chiqarish, keyin bekor qilish o‘rniga tadbirkorga hozirgi vaqtda yer auksion orqali sotilishi tushuntirilgani ma'qulmasmidi? Oxir-oqibat bugun hokimlik muammoning kelib chiqishiga aynan shu omilni ham sanab turibdi-ku?!

Javlon Jo‘rayev, tadbirkor

Hammasidan charchagan tadbirkor o‘ziga 2020 yil 17 aprelda berilgan yer ajratish to‘g‘risidagi qarorini yana bekor qilgan hokimlikni sudga beradi. Joriy yil 29 sentyabrida Qarshi shahar ma'muriy sudida shahar hokimining J.Jo‘rayevga yer ajratish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi 2020 yil 20 iyuldagi mazkur qarori haqiqiy emas deb topiladi. Ya'ni nihoyat J.Jo‘rayev o‘ziga berilgan so‘nggi qarorni sudda himoya qila oladi. Ammo shu bilan ham u mazkur yerga egalik qilib, faoliyatini boshlay olmaydi. Yer hali ham nizoli bo‘lib turibdi.

Ehtimol, bitta holat bilan Qarshi shahrida tadbirkorlikni boshlash shu qadar og‘ir ekan, degan xulosaga kelish noto‘g‘ridir. Ammo xuddi shu o‘rganish davomida yana bir necha tadbirkor o‘z ishini yillar davomida boshlay olmayotgani haqida shikoyat qilishdi (Keyingi maqolada ularning sarsongarchiligi ham bayon etiladi). Bu holat esa kishida savol uyg‘otishi tabiiy: Qarshida tadbirkorlikni boshlashning qanday siri bor?

Anvar MUSTAFOQULOV Kun.uz muxbiri.
Faxriddin Hotamov, tasvirchi.

Ko‘proq yangiliklar: