Mobiuz texnik imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda 

Fan-texnika 20:00 / 11.11.2020 10421

Operator 10 oy ichida 1200 dan ortiq yangi va modernizatsiya qilingan tayanch stansiyalarini ishga tushirdi hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga tayyorlanmoqda. 

Mobiuz mobil aloqa operatorini rivojlantirish strategiyasi barqaror o‘sishga hamda abonentlar uchun yangi texnologiyalar va imkoniyatlarni joriy etishga qaratilgan. 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish konsepsiyasi doirasida kompaniya respublikadagi tarmoqlar qamrovini kengaytirish va sig‘imini oshirishga muvaffaqiyatli tarzda sarmoya kiritmoqda. 

Joriy yilning yanvaridan oktyabrigacha bo‘lgan davrda operator 1 200 dan ortiq yangi va modernizatsiya qilingan tayanch stansiyalarini efirga uladi. Shu bilan birga, 4G LTE tarmog‘i har kuni qamrov doirasini kengaytirmoqda: 2019 yilda u yirik shaharlarda, viloyat va tuman markazlarida va bir qator qishloqlarda amal qilgan bo‘lsa, endilikda chekka hududlarga to‘rtinchi avlod tarmog‘ini olib kirish ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. 

Bu yili Oltinko‘l tumani Jalobek QFY (Andijon viloyati), Buxoro tumani Novmetan qishlog‘i (Buxoro viloyati), Mirzacho‘l tumani Mirzadala qishlog‘i (Jizzax viloyati), Uchko‘prik tumani Turg‘ok qishlog‘i (Farg‘ona viloyati), Xatirchi tumani Yangirobot qishlog‘i (Navoiy viloyati) va boshqa ko‘plab aholi punktlari aholisi Mobiuz’ning 4G LTE tarmog‘idan foydalana boshladi. 

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 8 avgustda qabul qilingan "2020-2021-yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosi doirasida So‘xdagi aloqa sifatini yaxshilashga katta e'tibor qaratilmoqda. Bu yerda ikkita 3G tayanch stansiyasi ishga tushirildi hamda LTE uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, kelgusi yilda ushbu hududni yanada yaxshi qamrab olish uchun ikkita yangi tayanch stansiyasini o‘rnatish rejalashtirilgan. 

Ma'lumotlarni uzatish xizmati sifatini yanada oshirish maqsadida kompaniya tashqi Internet-kanalni kengaytirib bormoqda – joriy yilning yanvar oyiga nisbatan uning imkoniyatlari 36,4 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, kompaniya mutaxassislari Mobiuz’ning xalqaro Internet-kanaliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanishini ta'minlash uchun Xalqaro paketli kommutatsiya markazini yaratish ustida ish olib borishmoqda. 

Kompaniyaning texnik rivojlanishi va respublikamiz hududlarida LTE’ni faol ravishda joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar transport tarmog‘ini ham albatta qamrab oldi. Yil davomida yangi tayanch stansiyalar uchun radiorele (RRL) intervallarini qurish ishlari olib borilmoqda. Yaqin muddatlarda Ceragon kompaniyasining (Isroil) uskunalarini o‘rnatgan holda 9 ta viloyatda RRL intervallarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. 

«Koronavirus pandemiyasi va karantini, shubhasiz, ish jarayonlarimizga ta'sir ko‘rsatdi. Shu bilan birga, Mobiuz texnik mutaxassislari o‘z faoliyatini barcha sanitariya talablariga rioya qilgan holda, ammo uzilishlarsiz amalga oshirdilar. Shu tufayli biz o‘z rejalarimizni bajara oldik. Ayni paytda Mobiuz aloqa operatorini texnik rivojlantirish uchun XXR tomonidan ajratilgan 150 million dollarlik imtiyozli kredit mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirishga tayyorlanyapmiz. Shu oyda Huawei kompaniyasi (XXR) uskunalarning birinchi yirik partiyasini yetkazib berishi kutilmoqda», - dedi Mobiuz kompaniyasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha rasmiy vakili Sardor Tojiyev. 

Mobiuz tayanch stansiyalarni ishga tushirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida abonentlar va keng jamoatchilikni xabardor qilib kelmoqda. Obektlarning manzillari to‘g‘risidagi ma'lumotlar kompaniyaning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallari va sahifalari, xususan, Instagramdagi @mobiuz.uzbekistan akkauntida joylashtirib borilmoqda..

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: