«Gigiyenaga rioya etsak, niqob taqib, ijtimoiy masofa saqlasak, O‘zbekistonda karantin kuchaytirilmaydi» – shtab a'zosi

Jamiyat 18:03 / 11.11.2020 5079

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Abdusamatova AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘zbekistonda karantin qoidalari kuchaytirilishi ehtimoli haqidagi savolga javob qaytardi.

«Karantin qoidalari yumshatilgani odamlarni xotirjamlikka emas, aksincha, sergaklikka chorlashi kerak. Chunki endi uyda, ishda, ko‘chada, bozorda boshqa odamlar bilan ko‘proq yuzma-yuz bo‘lishadi. Koronavirus infeksiyasi esa o‘ta kontagiozligi bilan xavfli. U juda tez tarqaladi va agressiv.

Dunyo bo‘ylab kundan kunga kasallangan va vafot etganlar soni ortib bormoqda. Dunyo tajribasida ko‘rinmoqdaki, har qanday cheklovdan ko‘ra, odamlar orasidagi karantin madaniyati koronavirus tarqalishining oldini olishda samaraliroq bo‘lib qolmoqda. Bundan keyin xar bir inson pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga o‘rganishi, unga moslashishi kerak.

Agarda biz barcha sanitariya gigiyena qoidalariga rioya qilsak, ya'ni qo‘lni sovun bilan tez-tez yuvish va antiseptik vositalar bilan zararlantirsak, tibbiy niqoblardan to‘g‘ri foydalansak va ijtimoiy masofani saqlasak karantin qoidalarini kuchaytirishga hojat qolmaydi», dedi shtab a'zosi.

Brifingda koronavirusga test topshirish majburiy bo‘lgan shaxslar haqida ham ma'lumot berildi.

Bular:

  • xorijdan kelgan barcha fuqarolar;
  • infeksiya yuqtirib olganlar bilan muloqotda bo‘lganlar;
  • orttirilgan pnevmoniyali bemorlar;
  • respirator kasallik alomatlari bo‘lgan 65 yoshdan katta shaxslar;
  • Ishxonasida COVID-19 yuqtirib olgani xavfi mavjud bo‘lgan shifokorlar;
  • muntazam bo‘lish kerak bo‘lgan muassasalarda (yopiq turdagi maxsus bino, internat uylari va hokazo) respirator kasalliklar alomati bo‘lgan shaxslar.
Ko‘proq yangiliklar: