Britaniyadagi festival doirasida «Buxoriy: Islom san'ati» ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda

Jamiyat 20:35 / 11.11.2020 5203
«Donishmand». Muallif: Davlat Toshev
Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: Ikki narsadan o‘zgasiga hasad (havas ma'nosida) qilmoq joiz emas, biri – kishiga Alloh taolo halol mol-dunyo bersa-yu, uni Haq yo‘lida sarflayotgan bo‘lsa, ikkinchisi – kishiga Alloh taolo ilm-u hikmat ato etsa-yu, u shu tufayli oliy maqomga erishib, odamlarga bilganini o‘rgatayotgan bo‘lsa», deganlar.

7–30 noyabr kunlari Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tayotgan ijtimoiy fanlar xalqaro festivali doirasida Imom al-Buxoriy to‘plagan hadislardan ilhomlangan islom san'ati ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.

Islom san'ati – eng boy va keng tarqalgan sharq san'atlaridan biri va hanuz yangidan yangi turli qirralari kashf etilishi davom etmoqda. Timsollarga boy islom san'ati jozibador bo‘lib, borliqning barcha moddiy va nomoddiy jabhalari orqali Xoliqni va Uning buyukligini anglashga undovchi chuqur ma'noga ega.

Islom tarixiga nazar solsak, minglab olimlar rasuli akram Muhammad Mustafo (s.a.v.)ni, uning hayoti va ta'limotlarini sinchkovlik bilan o‘rganishgan. Ular orasida taniqli islomshunos olim, sayyoh va filomat – imom al-Buxoriy tutgan o‘rni beqiyosdir. Uning «Sahih ul-Buxoriy» hadislar to‘plami diniy qonun va axloqiy ko‘rsatmalarning asosiy manbayi sifatida tan olingan bo‘lib, islom olamida Qur'ondan keyingi ikkinchi muhim kitob hisoblanadi.

Imom al-Buxoriyning faqat sahih hadislarni to‘plash borasidagi izlanishlari va sayohatlari haqida fikr yuritgan holda, ushbu ko‘rgazma bir qator ijodkorlarni birlashtirdi. Ijodkorlar o‘z asarlari orqali tinchlik, donolik va bag‘rikenglikni o‘zida mujassam etgan ezgu din – Islom g‘oyalarini xalqaro darajadagi san'at muxlislariga bo‘lishishni maqsad qildi. Zero bular – umuminsoniy va har kimga tegishli bo‘lgan qadriyatlardir.

Ushbu ko‘rgazma uchun yaratilgan barcha san'at asarlari Sahihi Buxoriy hadislaridan ilhomlangan ijod mahsullaridir. Ko‘rgazmada asarlarning tavsifi va talqini hadis orqali ifodalanadi, bu esa ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar uchun Islomning asosiy manbalari bilan yaxshiroq tanishishga yordam beradi.

«Musulmon kishi». Muallif: Muhiddin Ali
Rasululloh sallolohu alayhi va sallamdan so‘radilar: «Yo Rasululloh, musulmonlarning afzali qaysi kishidir?» «Qo‘lidan va tilidan boshqa musulmonlar ozor topmagan kishidir», deb javob berdilar.

Ko‘rgazma tashkilotchilarining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, loyihadan maqsad – islom dinining haqiqiy qadriyatlarini ochib berish, O‘zbekistonning madaniy va tarixiy merosini targ‘ib qilishdir.

Ko‘rgazma Dacore IT, Buyuk Britaniyaning Lester universiteti va O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan, O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan.

«Zaytun». Muallif: Kamoliddin Abdullayev
Al-Bara rivoyat qilgan: «Men Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Xufton namozida "Vattini vaz zaytuni" (95) o‘qishini eshitganman va hech qachon Payg‘ambarimiznikidanda shirinroq ovoz yoki qiroatning yaxshirog‘ini eshitmaganman».

Ko‘rgazmada taniqli usta rassomlar bilan birga xalqaro ko‘rgazma va festivallarda qatnashgan yosh rassomlar ham ishtirok etmoqda. Ular orasida taniqli miniatyurachi Davlat Toshev, kitobot san'ati bo‘yicha tajribali rassom Kamoliddin Abdullayev, yosh va iste'dodli rassomlar – xattot Sheyxa Abdullayeva, grafikachi rassom Yoqub Beknazarov va fotosuratchi Muhiddin Ali kabi taniqli madaniyat namoyondalari bor.

Xalqaro miqyosda tan olingan «So‘g‘diyona» milliy cholg‘u-asboblari kamer orkestri ko‘rgazma uchun maxsus yangi «Zikr» nomli kompozitsiyani yaratgan.

«Yaxshi niyat». Muallif: Muhiddin Ali
Janob Rasululloh sallolohu alayhi va sallam: «Amallar niyatga qarab qabul qilinur, kim qanday niyat qilg‘aydir, shunga erishgusidir. Kimki Alloh va uning Rasuli uchun hijrat qilgan ersa, Alloh va Rasul uchun ko‘chganlik savobini olur. Kimki mol-dunyoga erishmoq yoki biror xotin olmoq niyatida hijrat qilgan ersa, o‘sha niyatigagina erishmog‘i mumkin».

Imom Buxoriy halqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov tadbirning ahamiyati haqida shunday deydi:

«Islom san'ati butun musulmon dunyosida katta tarixga ega, tabiiyki bu tarixda Markaziy Osiyoni ham islom san'atiga ko‘shgan hissasi beqiyos. Shunday ekan biz uni asrab-avaylab, keyingi avlodga yetkazishimiz kerak. Xattotlik va me'moriy san'at hanuzgacha davom etib kelmoqda ekan, uni hozirda yana rivojlantirish kerak hamda ustozlar yordamida shogirdlarga yetkazish yo‘llarini qo‘llab-quvvatlash lozim. Zero san'atdan bahramand bo‘lgan insondan faqat ezgulik kutamiz».

«Qalb». Muallif: Yoqub Beknazarov
Nu'mon ibn Bashirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ogoh bo‘ling, jasadda bir parcha go‘sht bor. Agar u isloh bo‘lsa, jasadning barchasi isloh bo‘ladi. Agar u fasod bo‘lsa, jasadning barchasi fasod bo‘ladi. U ham bo‘lsa qalbdir», dedilar.

Mashhur hujjatli filmlar bo‘yicha kinorejissyor, hozirda Buyuk Britaniyada faoliyat yuritib kelayotgan, asli los-anjyeleslik Ovidio (Abdulatif) Salazar ko‘rgazmaga shunday ta'rif berdi:

«Kuni kecha ochilgan «Buxoriy: Islom san'ati» ko‘rgazmasiga meni taklif qilganingiz uchun yana bir bor minnatdorman. Rassomlarning nihoyatda iste'dodli va xilma-xilligi meni juda hayratga soldi va ular qanday qilib Imom Buxoriy to‘plamidan ba'zi hadislarni birlashtirganliklari va badiiy ifoda berganliklari juda ajoyib edi. Bu haqiqatan ham ilhombaxsh bo‘ldi va qanday qilib siz to‘g‘ri aytganingizdek Islomni go‘zallik va tinchlik dini sifatida an'analariga tayanishimiz mumkinligini namoyish etdi».

Ko‘rgazmaga qo‘yilgan asarlar bilan Imom al-Buxoriy xalqaro dasturining ushbu maxsus sahifasi orqali tanishishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: