BMW yangi elektr krossoverini taqdim qildi 

Fan-texnika 22:54 / 11.11.2020 12819

BMW saytida ma'lum qilinishicha, mashina kompaniyaning modellar qatorida yangi avloddagi birinchi elektrokar hisoblanadi.  

iX oldidan 4-seriyadagi BMW’ni eslatadi, o‘lchamlari bo‘yicha esa X5’ga yaqin. U umumiy quvvati 500 ot kuchidan oshadigan ikkita elektromotor bilan jihozlangan. Krossover 100 km/soat tezlikka 5 soniyadan kamroq vaqt ichida erisha oladi. Avtomobil bir quvvatlanishda 600 kmgacha yo‘l bosadi.

Mashinada tez quvvatlagich mavjud bo‘lib, u 200 kVtda akkumulyatorni 10 foizdan 80 foizgacha 40 daqiqadan kamroq vaqt ichida quvvatlash imkonini beradi. Mashinaning standart quvvatlagichi 11 kVtda ishlaydi va avtomobilni 10 foizdan 80 foizgacha 11 soatda quvvatlaydi.  

Elektrokar 3-darajadagi avtopilot uchun mo‘ljallangan datchiklar bilan jihozlangan. Krossover belgilangan yo‘nalish bo‘yicha o‘zi mustaqil harakatlanishi, sekinlashishi, tezlashishi, boshqa mashinalarni quvib o‘tishi, burilishi mumkin.

Mashinaning e'tiborli jihatlaridan shuni aytish mumkinki, uning eshiklarida an'anaviy dastaklar o‘rniga tugmalar qo‘llangan. Suv sepuvchi idish teshigi esa kapot ostida emas, balki “tumshug‘i"dagi BMW belgisida joylashgan.

Mashinaning radiator panjarasi nafaqat radiatorni sovitish, balki yarimavtonom harakatlanish uchun zarur bo‘lgan kameralar, radarlar va boshqa datchiklarni himoyalash uchun mo‘ljallangan. Panjara “o‘zini tiklovchi” materialdan ishlangan: undagi mayda tirnalishlar xona haroratida 24 soat ichida o‘zi “bitib ketadi”.

Avtomobil salonida 12,3-dyuymli raqamli asboblar paneli, multimedia tizimining 14,9-dyuymli sensor displeyi joylashgan. Mashina ruli oltiburchakli shaklga ega. Kompaniyada bu haydovchiga noqulaylik tug‘dirmasligiga ishontirilgan. 

Elektromobil 5G-modem va ma'lumotlarni qayta ishlash uchun yuqori unumdor tizim bilan jihozlanadi. Bu har bir BMW iX’ga markaziy server bilan yo‘ldagi joriy vaziyat borasidagi ma'lumotlar bilan almashish imkonini beradi. Server o‘z navbatida ma'lumotlarni tahlil qilib, boshqa mashinalarga tavsiyalar berib turadi.  

BMW iX’ni ishlab chiqarishni 2021 yil oxirida boshlash rejalashtirilgan. Elektrokarning bozorga chiqishi muddatlari va uning taxminiy narxi hozircha ma'lum qilinmagan.

Ko‘proq yangiliklar: