Andijonda qiynoqqa solingan fuqaro ishi bo‘yicha ichki ishlar xodimlari ustidan sud boshlandi

Jamiyat 17:24 / 11.11.2020 17498

Oliy sud xabariga ko‘ra, sudlanuvchilar D. Hamraliyev (1994 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB JQG tezkor vakili lavozimida ishlagan), Q. Qodirov (1992 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB JQG tezkor vakili lavozimida ishlagan), E. Rayimjonov (1990 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB JQG tezkor vakili lavozimida ishlagan), F. Husanboyev (1995 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB JQG tezkor vakili lavozimida ishlagan), P. Mamajonov (1983 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan), A. To‘raqulovga (1983 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB navbatchilik qismi navbatchisi vazifasida ishlagan) nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda.

Ushbu jinoyat ishi Oliy sud sudyasi O. Arabov raisligida hamda sudyalar Z. Fayziyev va Sh. Rajabovdan iborat sud tarkibida ko‘rilmoqda.

Sudlanuvchilar D. Hamraliyev, Q. Qodirov, E. Rayimjonov, F. Husanboyev, P. Mamajonov Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi “b” bandi, 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismi va 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 3-qismida, A. To‘raqulov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi, 234-moddasi 1-qismi va 227-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 30 may kuni Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam Andijon filialiga Andijon shahar, Salohiyat ko‘chasida yashovchi fuqaro tan jarohatlari bilan kelib tushgan.

IIB JQB tezkor vakillari ish yurituvdagi ariza yuzasidan fuqaroni IIB ma'muriy binosiga olib kelib, hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, noqonuniy ravishda ushlab turganliklari oqibatida uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.

Fuqaro sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBdan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan. Jabrlanuvchiga shifokorlar tomonidan barcha tibbiy yordamlar ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan u 11 iyun kuni vafot etgan.

Ko‘proq yangiliklar: