O‘zbekiston va globallashuv: proteksionizm siyosati nimasi bilan xavfli?

Iqtisodiyot 17:41 / 10.11.2020 21479

Sotsiolog va jurnalist Filipp Gajilipo O‘zbekiston nega proteksionizm siyosatiga sodiq qolmasligi kerakligi, globallashuvning mohiyati nimaligi, o‘zbek biznesining xorijdagi raqobatbardoshligiga ta'sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan uch omil to‘g‘risida Ispaniyaning IE universiteti professori, iqtisodiy integratsiya sohasi eksperti Fernando Kortinyas bilan suhbatlashdi.

— Keling, osonidan boshlaylik. Aytaylik, men zamonaviy sotsiologiya, iqtisodiyot va siyosatshunoslik fanlaridan bexabarman, atrofdagilar bot-bot takrorlayveradigan globalizatsiya nima ekanligi to‘g‘risida g‘ira-shira tushunchaga egaman. Siz menday insonga, u nima ekanligini qay tarzda imkon qadar lo‘nda qilib tushuntirgan bo‘lardingiz?

— Globalizatsiya — bu jahonni yagona bozorga aylantiruvchi jarayon. Lekin bu ochiq bozor bo‘lmaydi. Biz tovar, xizmatlar va hokazo narsalarni ayirboshlaymiz, lekin bu doimo erkin tarzda amalga oshirilishini bildirmaydi.

— Unga erkin bo‘lishi uchun nima xalaqit qilmoqda? Axir bizga o‘rgatishlaricha, bozor ham qariyb fizika qonunlaridek sharsiz asosda yashaydi hamda bu qonunlar unga ochiq va erkin bo‘lishi uchun sharoit yaratadi.

— Minglab, yuzlab yillar avval bir necha asosiy sivilizatsiyalar va mamlakatlar bo‘lgan va ularning har birida qandaydir o‘z manfaatlari bor edi. Qoida tariqasida, bu manfaatlar o‘zaro kesishmagan. Endilikda vaziyat o‘zgargan — ta'sir zonalari to‘qnashmoqda. Bu esa alohida mamlakatlar tomonidan ittifoq va bloklar tashkil etilishiga olib kelmoqda. Masalan, NAFTA. Undan boshqa ham iqtisodiy bo‘lgan bloklar bor. Ular qandaydir zona bilan chegaralanib qolishni istashmayapti, biroq butun dunyoni o‘z maqsadi sifatida ko‘rishni boshlashadi.

Global ta'sir kuchi uchun raqobat shunday paydo bo‘ladi, bloklar ichlaridan birortasi jahonda yetakchi bo‘lib olmasligi uchun bir-biriga to‘siq yaratadi. Shu sababli, globalizatsiya yordamida kapital almashinuvining ochiq jarayonlari yuz beradi, deb aytish qiyin. Parvozlar, uyali aloqa, pop-madaniyat. Biz istagan joyimizga parvoz qilishimiz mumkin, istalgan odam bilan istalgan vaqtda suhbatlashishimiz mumkin, shu sababli biz birlashgandek ko‘rinamiz, lekin bunday emas. Bizning dunyo global, lekin bir butun emas.

— Biroz lokal darajaga qaytsak: hozir bizda bozorimiz qanday bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida bahslar ko‘p. Mahalliy ishlab chiqaruvchini himoya qilish uchun chegaralarni yopish kerakmi yoki bozorni radikal tarzda ochib, rivojlanish uchun jahon tizimiga integratsiya bo‘lib, shokni boshdan kechirish kerakmi? Umumiy qonuniyatlar va boshqa mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, bizga nimani tavsiya etgan bo‘lardingiz?

— Birinchidan, O‘zbekiston bozori mamlakatning o‘zi singari yetarli tarzda kichik. Shu sababli Xitoy, Hindiston va Rossiya kabi gigantlar bilan solishtirganda O‘zbekistonda muhim bir nyuans bor — har qanday narsani ishlab chiqarishni miqyoslashtirish juda murakkab. Ikkinchidan, texnologik rivojlanish nuqtayi nazaridan mamlakat qoloqlar safida, shu sababli yopiq bo‘lish — juda xavfli. Chunki mamlakat ichida mahsulotlarni raqobatbardosh qiluvchi ustunliklar yo‘q.

Bir-ikkita misollarga murojaat qilamiz: Kanada va AQSh, Avstriya va Germaniya. Kanadada shartli 30 million kishi yashaydi, AQShda esa 300 milliondan ziyod, Avstriya va Germaniya o‘rtasida farq 8 barobar. Har ikki holatda ham mamlakatlar katta qo‘shnisiga ochilishi zarurligini tushunib yetishgan. Bunday ochilishda mamlakat o‘zining qandaydir o‘ziga xosligi yoki siyosiy mustaqilligini yo‘qotishini anglatmaydi. Uchinchidan, mamlakat dengizga chiqish yo‘liga ega yoki ega emasligini ham hisobga olish zarur. Agar bo‘lmasa, bu uni avtomatik ravishda eng kamida uni o‘rab turgan qo‘shnilariga nisbatan ochiq bo‘lishi kerak bo‘lgan vaziyatga qo‘yadi, chunki ularsiz dengizga chiqa olmaydi — eksport va import operatsiyalari busiz qiyin.

Qaytaraman, proteksionizm siyosatini qo‘llab mustaqil ravishda rivojlanishni faqat kuchli ichki bozorga ega katta o‘yinchilar qo‘llashi mumkin. Agar mamlakatda bu bo‘lmasa, proteksionizm — hech qayoqqa eltmaydigan yo‘l. O‘zbekiston kabi mamlakatlar uchun eng maqbul strategiya — yirik qo‘shnilar bilan savdo hamkorligini yo‘lga qo‘yish. Avvaliga ularga tabiiy resurslarni yetkazish mumkin. Bu voqealar rivojining eng sodda varianti. So‘ngra nafaqat resurslar, ishlab chiqaruvchilaringiz yasayotgan, qo‘lda yasalayotgan mahsulotlarni eksport qilish mumkin. Bu juda mavaffaqiyatli strategiya bo‘lishi mumkin, chunki mamlakatingizda qo‘l mehnati juda ko‘p davlatlardagidan arzon. Bu esa mahsulot tannarxini arzon qiladi. Lekin muhim nyuans bor — ish kuchining sifati. Bu nafaqat zavod va hokazolarning ishchilariga taalluqli. Sizlarda chindan ham murakkab va innovatsion mahsulot ishlab chiqarish uchun bilimli kadrlar yetarlimi?

— Unday bo‘lmasa kerak. Bizning muammomiz faqat texnologiyaning rivojlanmaganligida emas — biz nafaqat Amerika va Yevropadan, qo‘shnilarimizdan ham ortdamiz — aynan bilimli kadrlar va ularga ta'lim berishi mumkin bo‘lgan insonlarning mutlaqo yetishmasligida. Binobarin, bizning zaif va monopollashgan bozorimiz hamda uning o‘yinchilari kuchli kompaniyalarning kelishiga turib bera olmasligi xususidagi xavotirlar asossiz emas. Bu holatda nisbatan insonparvar integratsiya retsepti qanday?

— Jahon iqtisodiy tizimiga qo‘shilishda ikkita holat bo‘ladi: birinchisi — hammasi bosqichma-bosqich amalga oshishi, integratsiya davri 5–10 yilni olishi, bu davrda qandaydir yo‘l bilan mahalliy gigantlar mudom yangi o‘yinchilar paydo bo‘lishiga ko‘nika borishi kerak. Ikkinchi holat — agar mamlakat ochiladigan bo‘lsa sohalarni differensiallash juda muhim, ulardan qay biri kuchli va tashqi kompaniyalar kela boshlashidan foyda chiqarishini tushunish kerak. Shunda xalqaro bitimlarni tuzishda sizda kuchliroq pozitsiya, hamkorlaringizda esa sizdan o‘z manfaati yo‘lida foydalanish uchun imkoniyat kamroq bo‘ladi. Hamkorligingiz ham siz tomoningizdan ishchi kuchi va xomashyo yetkazish bilan chegaralanib qolmasdan, aynan birgalikda ishlash bo‘ladi.

Jahon trendlaridan juda ortda qolib ketgan sohalarni esa… «yo‘qotamiz». Qanchalik qayg‘uli ko‘rinmasin, bir soha foyda keltirishi uchun ikkinchi bir sohani qurbon qilishga to‘g‘ri keladi. Agar bu ikki qoidaga rioya qilinsa, mamlakat moslashuv jarayonini qiynalmasdan bosib o‘tish imkoniga ega bo‘ladi.

Lekin bu yerda siyosiy elementni yoddan chiqarmaslik kerak: ayrim sohalar o‘ta raqobatbardosh bo‘lishi mumkin, g‘arblik hamkorlar bilan iqtisodiyotga ko‘p foyda keltiradigan nisbatan teng ittifoq tashkil etish mumkin, lekin bu yuz bermayotgan bo‘lsa — hammani mavjud holat qoniqtirayotgan bo‘ladi.

— Ko‘pincha shunday bo‘lib chiqyapti ham...Siyosat mavzusini davom ettirar ekanmiz, so‘ramoqchiman: hozir davlat va umuman olganda siyosatning u yoki bu kompaniyaning mamlakat ichkarisida va tashqarisidagi bozorda muvaffaqiyat qozonishi uchun roli nechog‘lik katta?

— Ularning roli hamon juda ulkan. Global bozorga chiqish haqida gapirar ekansiz, rol yanada oshadi — jahon miqyosida mamlakat qaysi strategiya bo‘yicha harakatlanishini aynan hukumat hal qiladi. Bu yerda mamlakat rahbariyatining ishida uchta asosiy omil mavjud:

1. U barqarorlikni kafolatlashi kerak. Chunki biznes uchun mamlakat rahbariyati qabul qiladigan qarorlar oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lishi juda muhim.

2. Hamkorlik formatlarining ko‘plab variantlari ichidan hukumat ichki bozorga qadam qo‘yayotgan mamlakat yoki kompaniyalar bilan mamlakat rivojlanishi uchun eng optimal bo‘lgan bitimlarni tanlay bilishi lozim. Ya'ni o‘z ishlab chiqaruvchisini qo‘llab-quvvatlash, uning kuchli va ojiz tomonlarini bilish.

3. Mamlakatdan arzon ishchi kuchi va xomashyo manbasi sifatida foydalanishdek negativ ssenariy ro‘y bermasligi uchun aholining bilim darajasi yuqori bo‘lishi uchun katta e'tibor berish va doimo ko‘mak ko‘rsatishi juda muhim. Misol tariqasida Estoniyani olish mumkin. Uning bozori katta emas, aholisi ham kam, xomashyosi qariyb yo‘q, lekin aholisi juda bilimli va shuning uchun Estoniya global miqyosda juda raqobatbardosh. Birinchi navbatda IT-xizmatlar sohasida, chunki u yerda yuqori malakali dasturchilar juda ko‘p. Ularning paydo bo‘lishiga esa ta'lim darajasining juda yuqoriligi sabab bo‘lgan.

Albatta, bu narsalar ko‘p vaqtni oladi, hech kim bir darajadan ikkinchisiga sakrab o‘tish haqida gapirmayapti. Avvaliga bor narsadan foydalanish kerak, bunda Ispaniya va Dominikana tajribasidan foydalansa bo‘ladi. Ular iqlimi yaxshi ekanligini tushunib, turizmni rivojlantirishga pul tikishgan. Shundan so‘ng ta'lim va boshqa sohalarga investitsiya kirita boshlashdi. Qozog‘iston ham shunday — hozir ular neft qazib olib, uning foydasidan qandaydir qismini to‘plashmoqda va undan keyinchalik aholi uchun investitsiya sifatida foydalanish mumkin.

Aynan shuning uchun davlat o‘zi maksimal darajada raqobatbardosh bo‘lgan asosiy sektorlarni aniqlashtirib olishi kerak. Shundan so‘ng shu sohalar, kompaniyalar, jumladan monopoliyalarni ham qo‘llab-quvvatlab, ular ichki bozorda raqobatdan qo‘rqmasdan jahon bozoriga chiqishlari uchun subsidiyalar berishi lozim. Janubiy Koreya va Yaponiyada kuchli kompaniyalar Honda, Toyota va Hyundai’ni tanlab, ularni faol qo‘llab-quvvatlab global bozorga ochilganda shunday yo‘l tutishgan.

— Suhbatimizga yakun yasasak: globalizatsiyaning katta o‘yinidagi kichik mamlakatning omadli qartasi — o‘zining unikalligi va ustun taraflarini nazarda tutadigan, jahon trendlari va bozor chaqiriqlarini puxta o‘rgangan holda aholining bilim darajasini oshirish va bosqichma-bosqich integratsiyani qamrab oladigan mamlakat darajasidagi maqsadli yondashuv bo‘lib chiqmoqda. Shundagina mamlakat aslida erishmasligi ham mumkin bo‘lgan farovonlikka erishadi. Bu esa bir qaraganda paradoksdek ko‘rinadi, globallashuv qaramlikni kuchaytirar ekan, lekin bu qaramlik muvaffaqiyatga erishish imkoniyatlarini oshiradi. Agar avval mamlakatlar qo‘shnilar bilan minimum darajada aloqa qilib, mahalliy darajada kun kechirib rivojlangan bo‘lsa, hozir doimo formada bo‘lish, majburiy-ixtiyoriy ravishda jahon poygasida ishtirok etishga to‘g‘ri kelmoqda. Agar bu muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirilsa, Finlandiya va Singapur kabi keskin o‘zish va misli ko‘rilmagan natijalarga erishish mumkin.

— Siz haqsiz. Bu global o‘yin uchun, jumladan, hamkorlarni qanday qilib to‘g‘ri tanlash ham bosh masala bo‘lib turibdi. Integratsiya sharofati bilan hattoki alohida resurslarga ega bo‘lmagan kichik davlatlar ham «kerakli qarta»ni sug‘urib olib, undan to‘g‘ri foydalanib, juda muvaffaqiyatli bo‘lishi va yangi darajaga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu ma'noda O‘zbekistonning oldida murakkab tanlov turibdi. Chunki tarixiy xotira bor, possovet blok, Rossiya bilan aloqalar mavjud, katta avlod aynan mana shu yo‘nalishda harakat qilishni ko‘proq istaydi. Lekin qudratli Xitoy ham borki, uning o‘zi mintaqaga sekin-asta kirib kelmoqda. Ehtimol, yangi avlod Rossiyadan ko‘ra Xitoyga yaqinroq bo‘lishni istab qolishi ham mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: