Hyperloop’ning birinchi yo‘lovchilari kompaniyaning texnik direktori va hamasoschisi Josh Gaygel va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Sara Luchian bo‘ldi. Ular joylashgan kapsula 500 metr uzunlikka ega sinov quvurida 160 km/soat tezlikka erishib, so‘ngra asta-sekin to‘xtatilgan.
Kompaniyada ta'kidlanishicha, ushbu sinovlar tezkor transport tizimini yaratishdagi muhim bosqich bo‘ldi. Kelgusida ushbu tizim yo‘lovchilari 1220 km/soat tezlik bilan harakatlanishlari mumkin. Kapsula diametri 3,3 metrlik quvurda yo‘lovchilar bilan birga birinchi marta sinalishidan oldin bo‘sh holda 400 martaga yaqin sinalgan.
“Avval buni hech kim qila olmagan. Bu nafaqat vakuumda harakatlanishni ta'minlaydigan, balki yo‘lovchilar tashiydigan to‘laqonli ishlovchi Hyperloop’dir. Bungacha hali hech kim bunday narsani yaratishga yaqin bo‘lmagan”, deb aytgan “Virgin Hyperloop” bosh direktori Jyey Uolder.
Vakuum sharoitida magnit yordamida harakatlanuvchi yer osti poyezdi Hyperloop g‘oyasini 2012 yilda amerikalik tadbirkor Ilon Mask ilk bor taklif qilgan.
2018 yilda britaniyalik tadbirkor, “Virgin Group” kompaniyasi asoschisi Richard Brenson bunday transport tizimini Hindistonda qurishni taklif qilgan. U Mumbay shahri aeroportini Puna shahri bilan bog‘lashi kerak bo‘lgan va mahalliy hokimiyat hattoki uni qurishga ruxsat bergan. Biroq 2020 yil boshida Maxarashtra shtati rahbariyati loyiha to‘xtatilishini e'lon qilgan. O‘shanda shtat rahbariyati bu qarorni tizim hali hech qayerda amalga oshirilmagani va tegishli tekshiruvdan o‘tkazilmagani bilan tushuntirgan.