«Malakali vrach darajasiga yetish – nina bilan chuqur qazishdek gap» - infeksionist shifokor bilan suhbat

Jamiyat 12:43 / 08.11.2020 16479

«Onam shifokor bo‘lgan. Bolaligimizda uyimizda bemorlar ko‘p bo‘lardi. Shu vaziyatni ko‘rib katta bo‘lganmiz. 6–7 yoshligimda shifokorlik kasbini egallayman, deb qaror qilganman», – deydi suhbatdoshimiz.

«Shu kasbda rivojlanishimda turmush o‘rtog‘imning hissasi juda katta»

– Faoliyatim bo‘yicha o‘rganganlarimni qoralab qo‘yardim. Turmush o‘rtog‘im hammasini yig‘ib, kitob holida chiqarishga yordam bergan. O‘sha payti shu gapni aytardi: «Sen oddiy shifokor emas, fan doktori bo‘lishing shart».

Men uchun esa bu daraja yetib bo‘lmas orzu edi. Ishimga borib, bemorlarimni davolab, keyin uy yumushlarimni qilib yurishim menga yetardi. 10–12 yil oldin. Turmush o‘rtog‘im meni aspiranturaga kirishimni juda xohlardi. Men esa aksincha, buni istamasdim, qiyinchiliklardan qo‘rqardim. Yanvar oyida aspiranturaga hujjatlarimni topshirishim kerak edi, lekin topshirmadim. Buni erim eshitib: «Ajrashishga ariza yozgin, aspiranturada o‘qimasang, sen bilan ajrashaman», dedi.

Hayron bo‘lganimda: «Sendan bunaqa narsa kutmagandim, sen fan doktori bo‘lishingni istaganman. Ayolim oddiy shifokor emas, olima bo‘lishi kerak. Sen ilm bilan shug‘ullansang, keyin men ham o‘z yo‘nalishimni davom ettiraman», degandi.

Boshlagan ilmiy ishim 8 yil to‘xtab qoldi. Turmush o‘rtog‘im qayta davom ettirishim kerakligini doim ta'kidlardi. U jurnalist sifatida ko‘p yillardan beri televideniyeda faoliyat olib boradi. Xarakterida bir jihat borki, har doim «yonib turadi». Mana shu yonib turishi menga kuch beradi. Ilmiy ishni himoyaga qo‘yish, eshikma-eshik yurib hujjatlarni topshirishga – hammasiga yordam berdi.

Shifokor bo‘lish qarorini qabul qilishimda onam sababchi bo‘lgan bo‘lsa, turmush o‘rtog‘im uni yanada rivojlantirishga ko‘mak berdi.

Malakali shifokor bo‘lish uchun nima qilish kerak?

– Faqat o‘qish kerak! Faqat o‘qiysiz va o‘sha o‘qiganlaringizni amalga tatbiq qilasiz. Ba'zilar keladi: «Medinstitutga kirmoqchiman...» Bu oson emas. Bolalarimga ham aytganman: «Qaranglar, kechasi soat 2da qaysi uyning chirog‘i yoniq turgan bo‘lsa, u tibbiyot instituti talabalari yoki vrachlar».

Sababi tibbiyot xodimlarida mas'uliyat katta. Bizning birgina xatomiz bilan inson umri yakun topishi mumkin. Buning mas'uliyati juda katta.

«Tibbiyot xodimini haqoratlash va unga kuch ishlatish – tarbiyasizlik...»

– Shifokorlik faoliyatim davomida bemor va uning yaqinlari bilan muammoli vaziyatga tushmaganman. Ijtimoiy tarmoqda bemorning yaqinlari shifokorga nisbatan jismoniy kuch ishlatgani haqida xabarlarga ko‘zimiz tushadi. Tez yordam shifokorlari shunday holatga ko‘proq tushishadi, chunki ular bemorlar bilan ilk kontaktda bo‘lishadi. Bemorning ahvoli og‘irlashganda, uning yaqinlari tabiiy ravishda o‘zini boshqarolmay qolib, shifokorga tashlanadi. Lekin qanday vaziyat bo‘lmasin, shifokor bemorni asrab qolishga harakat qilishini unutib qo‘ymasligimiz kerak. Afsuski, hamma ham buni anglab yetmaydi.

Odamlar tomonidan bunday munosabatning sababi tarbiyasizlikdir. Ularga aytadigan yagona gapim: «Sizning ham farzandingiz shifokor bo‘lsin». Bitta shifokorni tarbiyalab chiqarsin... Oson emas! Bilasizmi, qancha vaqt kerak... Bu nina bilan chuqur qazishdek gap. 7 yil bakalavriat, keyin magistratura, aspirantura... Og‘zi nonga tegaman deguncha nechtasi tashlab ketadi, qiz bolalar esa qanaqa oilaga tushishini bilmaydi: ota-ona uni o‘qitadi, yaxshi oilaga tushsa xo‘p-xo‘p, boshqacha oila bo‘lsa, uyda o‘tir deydi.

To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali tomosha qiling.

Muhabbat Mamirova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Ko‘proq yangiliklar: