Transplantologiya: insonning qaysi ichki a'zolari eng ko‘p ko‘chiriladi?

Light 07:37 / 07.11.2020 65369

Transplantologiya — tibbiyotning inson a'zolarini ko‘chirib o‘tkazishga oid muammolarini o‘rganuvchi bo‘limi bo‘lib, sun'iy organlar yaratish bilan ham shug‘ullanadi.

Transplantologiya ham bir necha yo‘nalishlarga bo‘linadi:

  • ksenotransplantatsiya – organlar va/yoki to‘qimalarning boshqa turdagi biologik turdan (masalan hayvonlardan) transplantatsiya qilinishi;
  • allotransplantatsiya - transplantatsiyaning bu turida donor sifatida genetik va immunologik jihatdan begona inson ishtirok etadi;
  • sun'iy organlar – garchi dastlabki qadamlar endi qo‘yilayotgan bo‘lsa-da, bu yo‘nalish ham eng istiqbolli hisoblanadi;
  • o‘zak hujayralardan turli a'zolarni yetishtirish;
  • autotransplantatsiya – donor va retsipiyent (ya'ni oluvchi va beruvchi) bir insonning o‘zi bo‘ladi (masalan, tananing ma'lum qismidagi teri zarur joyga ko‘chiriladi).

Zamonaviy transplantologiya asoschisi Aleksis Korrel hisoblanadi va u bu boradagi tadqiqotlari uchun 1912 yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Aynan Korrel inson a'zolarini ko‘chirishning asosiy prinsiplarini ishlab chiqqan va amaliyotga kiritgan.

Shundan keyin ichki a'zolarni ko‘chirib o‘tkazish quyidagi davrlarni boshdan kechirgan:

  • 1954 yilda jarroh Jozef Myurrey boshchiligidagi shifokorlar guruhi egizaklardan biridan ikkinchisiga buyrakni muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazgan. Myurrey keyinchalik tadqiqotlarini davom ettirib, begona organizmlardan ham transplantatsiyalar amalga oshirgan hamda organlarning uyg‘un faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator yangiliklar kiritgan.
  • 1956 yilda Tomas Starzl ilk bor jigar ko‘chirib o‘tqazgan.
  • 1963 yilga kelib Missisipi universiteti klinikasi shifokori Jyeyms Xardi bitta o‘pkani ko‘chirib o‘tqazgan. Ammo bemor oradan bir necha kun o‘tib vafot etadi. Bir o‘pkaning muvaffaqiyatli transplantatsiyasi 1983 yilda jarroh Joyel Kuper tomonidan amalga oshirilgan. Aynan Kuperning o‘zi 1986 yilda ikki o‘pkani ko‘chirib o‘tkazishga ham muvaffaq bo‘lgan.
  • Transplantatsiya sohasida o‘ziga xos inqilob sifatida qaraladigan yurakni ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi JARlik jarroh Kristian Barnard tomonidan 1967 yilda amalga oshirilgan. Barnardning bemori 16-kuni vafot etgan bo‘lsa-da, shifokor shon-shuhrat bilan tibbiyot tarixiga kirdi.

Ma'lumot uchun: 1967 yildan buyon jahon bo‘ylab 40 mingdan ortiq yurak ko‘chirish operatsiyalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Savol tug‘iladi – a'zolarni ko‘chirish bo‘yicha operatsiyalardan so‘ng inson o‘rtacha qancha vaqt yashaydi? Bu borada ham albatta tadqiqotlar olib borilgan. Ma'lum bo‘lishicha, buyraklar ko‘chirilganda kamida 75 foiz bemorlar, jigarda 75–80 foiz, yurak ko‘chirilganda 70 foiz atrofida 1 yil va undan ortiq umr ko‘radilar.

Bir qarashda 1 yil oz muddat tuyulishi mumkin. Ammo o‘sha 1 yil muddat eng murakkab davr hisoblanadi va organizm yangi a'zoni qabul qilib moslashishi uchun o‘rtacha zarur davrdir. Qolaversa, transplantatsiya organizm o‘lim yoqasida turgan bemorlarga qilinishi hisobga olinsa, bu muddatning ahamiyati darhol seziladi.

Bu qiziq: Tibbiyot tarixida yurak ko‘chirib o‘tkazilganidan keyin 30 yil yashab, saratondan o‘lgan bemor qayd etilgan.

Umumiy ko‘chirilgan a'zolarning 40 foizdan ortiqrog‘i buyraklar hissasiga to‘g‘ri keladi, undan keyingi o‘rinlarda jigar va yurak turadi. Shuningdek, o‘pka, suyaklar, ichaklarni ko‘chirish ham bugungi kunda an'anaviy operatsiyalar qatoridan joy olgan.

Hozirgi davrga kelib olimlar yuzni to‘liq ko‘chirib o‘tkazish ustida muntazam ish olib borayotgan bo‘lsalar, boshni ko‘chirish imkoniyatlarini nazariy va amaliy jihatdan o‘rganmoqdalar.

Har soatda 15 ta transplantatsiya o‘tkazilishi, bemorlarga qator umidlar bag‘ishlashiga qaramay, bu soha ham qator o‘ziga xos muammolarga ega:

  1. Transplantatsiya operatsiyalariga diniy qarashlar turlicha, hamma ham to‘g‘ri qabul qilavermaydi.
  2. Bemorga qaysidir a'zoni ko‘chirib o‘tkazishda jarrohning texnik jihatdan ustaligi kifoya qilsa, a'zoning moslashib yashab ketishi shifokordan yillab kuzatishni va chuqur malakani talab qiladi.
  3. Zarur a'zolarni qo‘lga kiritish bo‘yicha ham turli davlatlardagi yondashuvlar turlicha. Qaysidir davlatlarda marhumlar a'zolaridan keng foydalanilsa, ayrim hududlarda bu qabul qilinmaydi.
  4. Inson a'zolari bilan savdo qiluvchi jinoiy guruhlarning qilmishlari ham bu sohaga jiddiy ma'naviy zarba bo‘lgan.
  5. Millionlab operatsiyalar o‘tkazilganiga qaramay, hanuz transplantatsiya jarayoni aksariyat aholi uchun qimmatligicha qolmoqda.

Kun.uz xayriya aksiyalari orasida ham transplantatsiyaga muhtojlar talaygina va ular asosan nisbatan arzon narxlar taklif etayotgan Hindistonga yo‘l oladilar. Bu davlatda so‘nggi yillarda soha haqiqiy industriyaga aylanib bormoqda.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: