Senatorlar, deputatlar va partiyalar o‘rtasida Parlament o‘yinlari tashkil etiladi

O‘zbekiston 01:56 / 31.10.2020 4612

Prezident imzolagan, sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni hayotga keng tatbiq etishga oid farmonga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati barcha qo‘mitalar, deputatlar, senatorlar, siyosiy partiyalar fraksiyalari o‘rtasida Parlament o‘yinlari sport musobaqalarini joriy etish to‘g‘risida taklif kiritgan va u qo‘llab-quvvatlangan.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 iyunga qadar quyidagilarga oid hukumat qarorlari qabul qilinadi:

  • yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va «Workout» sport turlarini rivojlantirish;
  • paralimpiya harakatini rivojlantirish;
  • jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb qilish;
  • «Sog‘lom ayol – buyuk kelajak» g‘oyasini o‘zida mujassam etgan xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan ommaviy tarzda shug‘ullanishga jalb qilishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi.

Har chorakda har bir tuman (shahar)da «Sog‘lom turmush tarzi rivojlangan mahalla» tanlovi tashkil etiladi.

  • Tanlovda 1-o‘rinni egallagan mahallaga 10 mln so‘m, 2-o‘rin uchun 5 mln so‘m va 3-o‘ringa 3 mln so‘m miqdorida pul mukofoti beriladi; mablag‘lar «Mahalla» xayriya jamoat fondidan ajratiladi.
  • Pul mukofoti MFYning bank hisob raqamiga o‘tkaziladi va mahallada sport maydonchalarini tashkil etish, ularni jihozlash, sport tadbirlarini o‘tkazish maqsadlariga istisno tariqasida tender savdolarisiz yo‘naltiriladi.
  • Bir oy muddatda ushbu tanlovni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari ishlab chiqilib, tasdiqlanadi. Bunda mahalla aholisining doimiy ravishda jismoniy tarbiya mashg‘ulotlariga jalb etilishi, sog‘lom ovqatlanish va sog‘lom turmush tarziga rioya etishi, mahallada zarur sport infratuzilmasi mavjudligi, o‘tkazilgan musobaqalar soni, mahalla aholisining kasallanish darajasi pasayib borishi ko‘rsatkichlari nazarda tutiladi.
Ko‘proq yangiliklar: