Samarqand va Andijon shaharlarida joylashgan markaziy stadionlarga mos ravishda «Afrosiyob Arena» va «Bobur Arena» nomlari beriladi.
2 oy muddatda aholi orasida so‘rov o‘tkazilib, hududlardagi yirik sport inshootlariga ular joylashgan hudud xususiyatidan kelib chiqib, shuningdek O‘zbekiston tarixi va sportida nom qoldirgan tarixiy shaxslarning nomlari beriladi.
Bu – prezidentning 31 oktyabr kuni e'lon qilingan sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga oid farmonida ko‘zda tutilgan.
Farmon bilan, 2021 yil 1 yanvarga qadar hududlarda yangidan barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar joylarni qurish bo‘yicha tasdiqlangan amaldagi shaharsozlik normalariga quyidagilarni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritiladi:
- aholi soni va uy-joylarning joylashuvini inobatga olgan holda, shuningdek, tashkilot va idoralarning tegishli hududlarida velosiped turar joylari va zamonaviy sport maydonchalarini (shu jumladan Workout) tashkil etish;
- mahallalar, qishloqlar, tumanlar va shaharlarni bog‘lovchi avtomobil yo‘llari, piyoda hamda velosiped yurishi uchun mo‘ljallangan «Salomatlik yo‘laklari»ni qurish;
- avtomobil harakati yuqori bo‘lgan va katta yo‘l kesishmalarida aholiga qulay o‘tish joylarini barpo etish.