«O‘zbekiston xalqi bilan yonma-yon ishlash AQSh uchun katta sharaf». AQSh va O‘zbekiston qo‘shma bayonot e'lon qildi

O‘zbekiston 11:32 / 31.10.2020 5250

O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasidan olingan ma'lumotga ko‘ra, prezidentning inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonini amalga oshirish doirasida, AQSh Davlat departamenti Xotin-qizlarning global muammolari bo‘yicha ofisi O‘zbekistonga BMT Xavfsizlik kengashining xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risidagi 1325-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirishga yordam berishga tayyorligini bildirdi. 

Bu haqda joriy yilning 30 oktyabrida e'lon qilingan, AQSh tashqi siyosat idorasi saytida joylashtirilgan «Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risida AQSh-O‘zbekiston qo‘shma bayonoti»da aytiladi. Hujjat BMT Xavfsizlik kengashining 2000 yil 31 oktyabrda tasdiqlangan 1325-sonli rezolyutsiyasi qabul qilinganining 20 yilligiga bag‘ishlangan. 

Bayonotda, xususan: 

  • Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli rezolyutsiyasi qabul qilinganining 20 yilligini nishonlab, O‘zbekistonda xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish orqali ayollarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tobora rivojlanib borayotgan hamkorlikni tasdiqladilar; 
  • ta'kidlanganidek, AQSh va fuqarolik jamiyati ko‘magi bilan ushbu rejada O‘zbekiston hukumatining ayollar huquqlarini himoya qilishga e'tibor qaratayotgani, shuningdek, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda ayollarni ilgari surishga ko‘maklashish muhimligi qayd etilgan. Qarorlar qabul qilishning barcha darajalarida ayollarning to‘liq ishtirok etishi yanada tinch va farovon jamiyatlarni barpo etishga olib keladi, deyiladi hujjatda; 
  • Qo‘shma Shtatlar uchun O‘zbekistonning xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqishda O‘zbekiston xalqi bilan yonma-yon ishlash katta sharaf ekani aytiladi. Ushbu Bayonotning qabul qilinishi ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklikda yana bir ijobiy qadamni belgilaydi, deyiladi hujjatda. 

Ushbu bayonot AQSh tomonidan mamlakat siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ayollarning rolini oshirish, shuningdek, ularning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashining yorqin dalilidir. 

Vashingtondagi diplomatik vakolatxona va Davlat departamentining Ayollar global muammolari bo‘yicha ofisi o‘rtasidagi yaqin hamkorlik doirasida joriy yilning 23 oktabr kuni Senat raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi AQSh Davlat departamenti tomonidan virtual shaklda tashkil etilgan gender masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum ishida ishtirok etdi. Natijada, mamlakat 31ta davlat bilan birgalikda tegishli hujjatni imzolab, AQShning Xotin-qizlar iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha harakatlarga chaqirig‘i ishtirokchisiga aylandi. 

Bundan tashqari, O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi ma'lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda AQSh, O‘zbekiston va Afg‘onistondan bo‘lgan tadbirkor ayollar ishtirokida yuqori darajadagi uch tomonlama biznes-forum o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: