MTV tarbiyachilar sifatsiz ko‘mirdan briket tayyorlayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

O‘zbekiston 14:09 / 31.10.2020 10967

«Ushbu holat Samarqand viloyati Tayloq tumanidagi 30-sonli maktabgacha ta'lim muassasida bo‘lgan. Ushbu muassasaga 11 tonna ko‘mir keltirilgan. Ana shu ko‘mirning 400-500 kilogrami maydalangan, sifatsiz ko‘mir shaklida bo‘lgan va shu sababli xodimlar tomonidan shu holatda tayyorlangan. Maktabgacha ta'lim muassasasi direktori ko‘mirni uvol qilmaslik maqsadida o‘z ixtiyorlari bilan qo‘lbola briketlarni yasagani ma'lum bo‘ldi. Viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi tomonidan “O‘zbekko‘mir” AJning Samarqanda ko‘mir yetkazib beruvchi filialidan 964 million so‘mga 894 tonna ko‘mir hamda 1 ming 686 tonna ko‘mir briket xarid qilingan.

Mazkur holat yuzasidan Andijon maktabgacha ta'lim boshqarmasi tomonidan tezkor ishchi guruh tuzilib, joylarga chiqib o‘rganilganida bunday holat qaysi maktabgacha ta'lim tashkilotida yoki qaysi tumanda bo‘lganligi aniqlanmagan. Lekin shunga qaramasdan buni ochiq aytishimiz kerakki, bunday holat nafaqat Andijon viloyatida, balki boshqa viloyatlarda ham kuzatiladi. Biz buni inkor qilmaymiz.

Andijon viloyatida 530 davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari bo‘lib, 2020-2021 yil kuz-qish mavsumi uchun jami 19 ming 989 tonna ko‘mir va briket mahsulotlarini yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Shundan 5 ming 171 tonna ko‘mir hamda 14 ming 718 tonna ko‘mir briket yoqilg‘isi olish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkichi 74 foizga bajarilganini aytish mumkin.

Aniqlanishicha, Samarqand, Navoiy viloyatlarida sifatsiz ko‘mir olib kelingan. Shuningdek, Farg‘ona, Namangan, Surxondaryo, Buxoro, Andijon viloyatlaridagi sifatsiz ko‘mirni qaytarish holatlari aniqlangan. Dalolatnomalar tuzilib, “O‘zbekko‘mir” AJ bilan hamkorlikda sifatsiz ko‘mir sifatli ko‘mir mahsulotlariga almashtirib berilgan”, - deya Shodiyor Mamatqulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: