Yodgor Sa'diyev O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori etib tayinlandi 

O‘zbekiston 11:45 / 29.10.2020 40209

Qayd etilishicha, ayni vaqtda teatr jamoasi bilan yig‘ilish o‘tkazilmoqda. Unda ishtirok etayotgan O‘zbekiston madaniyat vaziri, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov Yodgor Sa'diyevni O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori lavozimiga tayinlanganini e'lon qildi.

Yodgor Sa'diyev 1946 yil 12 iyunda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1971 yilda Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san'ati institutini tugatgan. 1968 yildan hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatrida ishlab kelmoqda, 1998 yildan «Qalqon» studiyasining badiiy rahbari.

Yodgor Sa'diyev kinoda «Dilbarim»da Abdusalom, «O‘n uch terak ko‘chasi»da Olimjon, «Armon»da Dadabo‘ri, «Yengilmas»da Shayx Ja'far, 20 qismli «Shaytanat»da Asadbek roli bilan shuhrat qozongan. «Shaytanat»ning 7-dan 20-qismigacha Sa'diyev rejissyorlik ham qilgan.

Joriy yilning avgust oyi oxirlarida O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fathulla Mas'udov 57 yoshida olamdan o‘tdi. Kun.uz’ga ma'lum bo‘lishicha, u koronavirusning og‘ir formasini boshdan kechirgan.

Ko‘proq yangiliklar: