Koreyada tishingiz og‘risa bormi...

Jahon 07:46 / 29.10.2020 76459

Tish og‘rig‘i naqadar azob ekanini juda ko‘pchilik yaxshi biladi. Qarindoshlarim orasida yaxshi stomatologlar bo‘lgani uchun shu vaqtgacha tish bo‘yicha hech ham muammoga uchramagan edim. Lekin Koreyada uzoq vaqtdan beri yashayotganimiz uchun baribir ham tish doktoriga ishimiz tushdi.

Umuman olganda, menga o‘xshab Koreyada yashovchi ko‘plab yurtdoshlarimizni ham tish og‘rig‘i bezovta qilishi mumkinligi haqida o‘ylab, Koreya stomatologiyasi haqida o‘zim bilgan va ko‘rganlarim bilan o‘rtoqlashishga qaror qildim.

Eng avvalo, shuni aytish kerakki, Janubiy Koreyada stomatologiya xizmati juda ham qimmat. Agar siz O‘zbekistonda tishni davolatish rosa qimmatga tushadi, deb yurgan bo‘lsangiz, Koreyadagi narxlarni eshitib, adashibman, deyishingiz aniq.

Qimmatligiga qaramay, Koreyadagi stomatologiya klinikalari doimo mijozlar bilan gavjum. Bilishimcha, bunga asosiy sabab – koreyaliklar taomnomasi. Ularning kundalik ratsioni asosan achchiq taomlar va yeguliklardan iborat bo‘lgani uchun ham tishlari salomatligiga katta e'tibor berishadi.

Shu mavzuda gap ketganda, koreyslarning eng bir ajoyib odatini eslash shart deb o‘ylayman: koreyslar tishlarini kuniga 5-6 mahal yuvishni kanda qilishmaydi. Magistraturada o‘qiyotgan vaqtimda koreys kursdoshlarim har safar ovqatlangach yoki hatto qahva ichganidan keyin ham doimo tishlarini yuvishiga guvoh bo‘lganman. Ular doim tish pastasi va cho‘tkasini o‘zlari bilan olib yurishadi.

Kattalar uchun stomatologiya xizmati

Xullas, Vonju shahrida ilk marta tish shifokori huzuriga plomba qo‘ydirish uchun borishimga to‘g‘ri keldi. U vaqtda hali davlat tomonidan chet elliklar uchun beriladigan tibbiy sug‘urtamiz yo‘q edi.

Seoul Insung ctomatologiyasi shahar markazi emas, chekka hududda, uyimizga yaqin yerda joylashgan bo‘lsa ham, klinikadagi shart-sharoitlarni ko‘rib hayron qoldim. Navbat kutish xonasida yumshoq o‘rindiqlar, zamonaviy televizor, bepul qahva mashinasi, choy, shirinliklar bor. Eng quvonarlisi, aksar shifokorlar ingliz tilida bemalol so‘zlashar ekan.

Klinikada zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. Tishingizni davolashdan oldin albatta, rentgen qilishadi va uni siz bevosita kompyuter orqali ko‘rishingiz mumkin.

Birinchi marta tish ko‘rigiga borganim uchun shifokor ko‘rigi – 30 000 von, 2 ta tishga rezina plomba – 120 000 von (105 dollar)ga tushdi. Shifokor agar milliy sug‘urtamiz bo‘lganida, bu narx ancha arzon bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Ma'lumot o‘rnida: Koreyadagi milliy tibbiy sug‘urta har doim ham barcha muolajalarni qoplamaydi. Ayniqsa, stomatologiyada ko‘plab xizmat turlari – implantatsiya, kariyesni davolash, protez tishlar qo‘yish narxi o‘zgarmaydi va ular odatda juda ham qimmat.

Tish davolatish vaqtida shifokor Pak Jye Xvan bilan Koreyadagi stomatologiya xizmati haqida suhbatlashdim.

«Odatda, kuniga 20-25 nafar bemorni qabul qilaman. Ko‘p hollarda tishni sog‘lomlashtirish muolajalari, estetik tozalash hamda implant jarrohliklarini amalga oshiraman.

Klinikamiz kichik bo‘lsa ham, xorijdan keltirilgan eng so‘nggi Hi-Tech qurilmalar bilan jihozlangan. Uskunalar narxi qimmatligi sababli ham tish muolajalari boshqa tibbiy xizmatlarga nisbatan qimmatroq baholanadi», – deydi u.

Shu yerda ishlovchi hamshiraning aytishicha, klinika jamoasi har yili turli davlatlarga borib, malaka oshirib qaytadi. Shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlarga ishchi safarlar uyushtirib, chekka hududlardagi mahalliy tish shifokorlari bilan volontyor sifatida o‘z tajribalarini o‘rtoqlashishar ekan. Masalan, o‘tgan yili Vetnam, Komboja, Laos kabi davlatlarga borib, mahalliy stomatologlarga treninglar o‘tishgan, aholini bepul davolashgan.

«Bu yil pandemiya tufayli bu kabi ishchi safarlarga chiqish imkoni bo‘lmadi, – deydi Kim Yonju. – Biroq volontyorlik ishlarimiz to‘xtab qolmadi: hozirda boshqa davlatlardagi shifokorlar bilan onlayn tarzda tajriba almashmoqdamiz».

Bolalar stomatologiyasi haqida

Yaqinda o‘g‘limning ham tishida kariyes borligini bilib qoldim. Shahrimizdagi bolalar uchun mo‘ljallangan maxsus tish shifokoriga borishni maslahat berishdi.

Qo‘limizda davlat tomonidan berilgan milliy sug‘urta qog‘ozi bor edi. Qizig‘i, hattoki bolalar stomatologik klinikasi ham bolalar bilan to‘la ekan.

Shifokor o‘g‘limning tishini rentgen qilib, po‘lat koronka qo‘yish kerakligini aytdi. Har ehtimolga qarshi noqulay ahvolga tushmaslik uchun avvaldan narxlarni so‘radik. (Lekin Koreyada bemorlar odatda ko‘rik narxi qancha bo‘lishini oldindan so‘rashmaydi).

Xullas, doktor yonidagi tabletga qarab, bir nimalarni hisoblab, 130 000 von desa bo‘ladimi? Bu deyarli 115 dollar degani. Ko‘zimiz chiqib ketdi. Kichkinagina tish uchun shunaqa qimmat narx?! Yana sug‘urtamiz ham bor. Biz eng ko‘pi bilan 20–30 dollarni mo‘ljallagan edik.

Shifokor qimmatligiga sabab po‘lat koronka narxini milliy sug‘urta qoplamasligini tushuntirdi. Hozir o‘z vaqtida davolamasa, kariyes nervga tegib, kuchli og‘riq berishini aytishdi va biz muolajaga rozi bo‘ldik.

Endi stomatologiya xizmatlarining ijobiy tomonini aytsam, stomatologiya juda ham zamonaviy. Ichiga kirsangiz, bolalar uchun har xil qiziqarli kitoblar, o‘yinchoqlar, maxsus qahva mashinasi qo‘yilgan. Shifokor va hamshiralar juda ham samimiy kutib olishdi. Aksariyati ingliz tilida so‘zlasha oladi.

O‘g‘lim hech qachon tish doktoriga bormagani uchun chiday olmasa kerak, deb o‘ylagandim. Lekin hammasi ko‘ngildagidek, tez va oson o‘tdi. Oxirida bolalarga kichik sovg‘a ham berisharkan. Maxsus qutidan bolalar o‘ziga yoqqan o‘yinchoqni tanlaydi. Bolalarni uyga xursand jo‘natish uchun ajoyib g‘oya!

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsam, Koreyada tibbiy xizmatlar qimmatga tushayotgan bo‘lsa ham, professional xizmatdan ming bor rozi bo‘lib, chiqib ketasiz. Meditsina havas qilgudek rivojlangan. Hatto kichik va chekka shaharlarda ham.

Koreyada yashaydigan chet elliklar milliy tibbiy sug‘urta xizmatidan ro‘yxatga o‘tishsa, tibbiy muolaja va dorilar ancha arzonga tushadi. Eng muhimi, ilohim, begona yurtda hech kimning tishi og‘rimasin, umuman kasal bo‘lmasin!

Feruza Avazova

Ko‘proq yangiliklar: