Fransiyada takroran umummilliy karantin joriy qilinadi 

Jahon 07:45 / 29.10.2020 3755

Fransiyada koronavirus tarqalishining ikkinchi to‘lqini kuzatilayotgani ortida 30 oktyabrdan butun mamlakat bo‘ylab o‘zini yakkalash rejimi joriy qilinadi. Karantin vaqtida fransuzlarning harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnoma kerak bo‘ladi.    

Karantin kiritilishini Fransiya prezidenti Emmanuel Makron millatga videomurojaatida ma'lum qildi. 

“Men juma kunidan virusning tarqalishini jilovlashga yordam bergan o‘zini yakkalash rejimi tiklanishiga qaror qildim. Bizning maqsad kunlik kasallanish holatlari sonini hozirgi 40 mingdan 5 minggacha tushirishdir”, deb aytgan Makron va karantin kamida 1 dekabrgacha amal qilishidan ogohlantirgan.

Aholiga ishga, shifokor huzuriga borish, xaridlar amalga oshirish va sayr qilish uchun uylarini tark etishga ruxsat beriladi. Yangi qoidalarga ko‘ra, fransuzlar uylaridan 1 kmdan uzoqlashmagan holda bir soat sayr qilishlari mumkin bo‘ladi. Karantin vaqtida harakatlanish uchun uch turdagi ruxsatnoma joriy qilinadi: shaxsiy, ishga (ish beruvchidan) va maktabga borish uchun.    

Karantin vaqtida maktablar, litseylar va bolalar bog‘chalari ochiq qoladi. Oliy ta'lim muassasalari masofadan o‘qish rejimiga o‘tkaziladi.

Fransuzlarga hududlararo harakatlanish taqiqlanadi. Barcha restoran, bar, bistrolar va ba'zi turdagi do‘konlar yopiladi.

Makronning ta'kidlashicha, banklar, zavodlar, qishloq xo‘jaligi korxonalari, qurilish tashkilotlari o‘z faoliyatini davom ettiraveradi.

Makron Shengen hududining ichki chegaralari ochiq, tashqi chegaralari esa hozircha yopiq qolishini ma'lum qilgan. Uning ta'kidlashicha, xorijda bo‘lgan fransuzlar vatanga qayta oladilar. Shu bilan birga u Yevropa ittifoqiga keluvchilar koronavirusga test topshirishlari kerakligini ta'kidlab o‘tgan.

Makron ikkinchi to‘lqin birinchisidan kuchli bo‘lishidan ogohlantirgan hamda aholini karantin vaqtida iloji boricha uyda qolishga va barcha ehtiyot choralariga rioya qilishga chaqirgan.

Fransiyada birinchi karantin 17 martdan 11 maygacha amal qilgan. Oxirgi kunlarda mamlakatda koronavirusga chalinish holatlari soni keskin ko‘paygan. So‘nggi sutkada Fransiyada 36 mingdan ko‘proq kasallanish holati qayd etilgan. Pandemiya boshidan beri esa kasallanganlar soni 1,2 mlndan oshib ketgan, 35 mingdan ko‘proq kishi virus qurboniga aylangan.  

Ko‘proq yangiliklar: