Dunyodagi vaziyat: Covid-19’ning yangi mutatsiyasi, Fransiyada yana karantin, pandemiya Marshall orollarida

Jahon 22:55 / 29.10.2020 15304

Dunyoda virusdan zararlanganlar soni 45 millionlik nuqtaga yetmoqda. Bir kunda yana yarim million kishi kasallangan. Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, 1 million 181 ming kishi koronavirus qurboni bo‘lgan, ayni vaqtda 81,5 ming kishi og‘ir ahvolda qolmoqda.

Pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan AQShda kasallik tufayli bu safargi prezidentlik saylovlarida pochta orqali ovoz berish darajasi keskin oshib ketgan - saylovga bir necha kun qolganida 50 milliondan ortiq amerikalik ovoz berib bo‘lgan.

Virus mutatsiyaga uchramoqda

Britaniyadagi yangi kasallanish holatlarining 80 foizi, Irlandiyada 60 foizi, Fransiya va Shveytsariyada 40 foizi bahorgi avj olishga sabab bo‘lgan virusdan farq qiluvchi mutatsiyaga uchragan virus bilan bog‘liqligi ma'lum bo‘ldi.

Genom mutatsiyasi taxminan iyun oyida Ispaniyada ro‘y bergan, ilk marta mahalliy fermerlarning ishchilarida aniqlangan va keyinroq Yevropa bo‘ylab tarqalgan.

Bu haqda koronavirus genomi o‘zgaruvchanligini kuzatgan shveysariyalik va ispaniyalik tadqiqotchilar guruhlarining hisobotlarida aytilgan.

Yangi shtammga 20A.EU1 nomi berilgan. Uning gen tuzilishida odatiy Sars-Cov-2 virusidan oltita farq kuzatilgan. Olimlar u paydo bo‘lgan joyni aniqlashga muvaffaq bo‘lishgan.

Shveytsariyalik professor Tanya Shtadler Financial Times uchun bergan intervyusida hozirda Yevropada ko‘plab bemorlar yozda Ispaniyada paydo bo‘lgan shtammdan zararlanganini ma'lum qilgan.

Bazel universiteti vakili, evolyutsion genetika bo‘yicha mutaxassis Emma Nodkroft yozda aeroportlarda joriy qilingan ekspress-tekshirish va boshqa choralar yetarlicha samara bermaganini aytib o‘tgan.

Tadqiqotning yana bir hammuallifi, ispaniyalik genetik Inyaki Komas 20A.EU1 shtammining «zafarli yo‘li» bir yoki bir necha «supertashuvchi» ishtirok etgan ommaviy tadbirdan boshlangan.

Olimlar bu shtamm shunchalik keng tarqalishi sababini yozda Ispaniyaga kelgan turistlar cheklovlarga amal qilmagani va uyiga qaytgach ham e'tiborsiz bo‘lishda davom ettirganida ko‘rishadi.

Hozircha yangi mutatsiya kasallanganda va kasallik kechishida qanchalik xavfli ekani haqida aniq xulosa yo‘q.

«Biz koronavirusning bunday turini hali ko‘rmagandik. Ammo hozircha gen o‘zgarishi yuqish tezligiga yoki kasallikning oqibatiga qanchalik ta'sir ko‘rsatishiga oid hech qanday dalil yo‘q», – degan doktor Hodkroft.

Avvalroq AQShda Sars-Cov-2ning D614G deb nomlangan yanada xavfliroq shtammi aniqlangandi.

Angliyada epidemiya tez rivojlanmoqda. Shotlandiyada yangi cheklovlar joriy etildi

Londondagi Imperial College universiteti e'lon qilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Angliyada har kuni 100 ming kishi Covid-19’dan zararlanmoqda. Epidemiya tarqalishi tezligi o‘sib bormoqda. Baholashlarga ko‘ra, kasallanganlar soni har to‘qqiz kunda ikki barobar ko‘paymoqda. Hozircha hukumat aynan qanday choralar qo‘llashi ma'lum emas, ammo rasmiylar Angliya «kritik bosqichga kirayotgani» va «nimanidir o‘zgartirish kerakligi» haqida gapirishmoqda.

Shotlandiyaning birinchi bosh vaziri Nikola Sterjyen kasallanish holatlari soni va infeksiya tarqalish tezligiga qarab hududlarda turlicha cheklovlar joriy etilishi haqida ma'lum qilgan. U Yevropadagi vaziyat juda murakkabligicha qolayotgani, epidemiya keng tarqalayotgani, shu tufayli qat'iy karantin qaytishi ehtimoli yuqori ekanini aytib o‘tgan.

Polshada kasallar soni keskin o‘sdi. Hukumat buni namoyishlar bilan bog‘lamoqda

Polshada koronavirusga chalinganlarning jami soni 300 mingdan oshgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi bir oyda yangi holatlar soni uch barobar o‘sganini tasdiqlagan.

Hukumat vakillari abort taqiqlanishiga qarshi boshlangan ommaviy namoyishlar tufayli virus tarqalishi keskin o‘sishda davom etishidan ogohlantirishmoqda.

Dunyoning narigi chekkasi

Shu vaqtgacha Covid-19’dan xoli hudud sifatida hisoblab kelingan Marshall orollarida ham ilk kasallanish holatlari aniqlandi.

AQSh harbiy-havo kuchlarining Kvadjaleyn orolidagi bazasi xodimlari bo‘lgan 35 yoshli ayol va 46 erkakda virus chiqdi, ular Gonoluludan harbiy samolyotda uchib kelishgach topshirgan test natijalari musbat chiqqan va karantinga yuborilgan.

Mahalliy hukumat aholiga xavf yo‘qligini ma'lum qilmoqda.

Tinch okeanidagi orol davlatlar – Marshall orollari, Kiribati, Mikroneziya, Nauru, Palau, Samoa, Tonga, Tuvalu va Vanuatu – mart oyidayoq tashqi dunyodan uzilib qolgandi.

Iyun oyida Marshall orollari rasmiylari Amerika bazasi xodimlariga kelishga ruxsat bergan, buning uchun keluvchilar orol hududida uch kunlik karantinni o‘tashi shart qilingan.

Marshall orollari – ekvator chizig‘ining shimoliy qismida joylashgan minglab marjon orollari arxipelagi bo‘lib, uning katta qismida aholi yashamaydi, jami aholisi soni - 55 ming kishi.

«Qish qiyin bo‘ladi»
Fransiya va Germaniyada keyingi haftaning dushanba kunidan «yengil lokdaun» boshlanadi. Yevropaning ikki yirik davlatida  noyabr oyi oxirigacha restoranlar, barlar va barcha ko‘ngilochar maskanlar hamda sport inshootlari yopiladi. Fransuzlar uydan chiqishi uchun maxsus elektron formani to‘ldirishi, unda ko‘chaga chiqish uchun arzirli sabab keltirilishi kerak bo‘ladi.

Fransiyada so‘nggi bir kunda 36 ming 437 yangi holat aniqlanib, 244 kishi vafot etdi, Germaniyada 16 ming 744 holat (pandemiya boshidan buyon rekord raqami) aniqlandi va 89 kishi olamdan o‘tdi.

«Koronavirusning ikkinchi to‘lqini, shubhasiz, birinchisidan yomonroq, u boshimizga yopirilish bilan tahdid qilmoqda», – degan Makron chorshanba kungi telemurojaatida yangi cheklov choralariga izoh bera turib.

U kunlik kasallanish holatlarini 5 minggacha kamaytirish zarurligini ta'kidlagan.

«Oldinda og‘ir o‘tadigan qish turibdi, to‘rt sovuq oy, ammo bu qachondir tugaydi», – dedi Merkel shu kuni Bundestagdagi chiqishida.

Bundan tashqari, u koronavirus xavfli emasligi haqida gapirishda davom etayotgan populistlarga keskin munosabat bildirdi. «Biz juda xavfli vaziyatda turibmiz. Ijtimoiy aloqalarning cheklanishi bu vaziyatdan chiqish uchun zarurdir», – degan Merkel.

Kansler kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 10 milliard yevro ajratilishini ma'lum qilgan va koronaskeptiklarni tanqid qilgan. «Yolg‘on, dezinformatsiya, konspirologiya va nafrat nafaqat demokratiyaga, balki virusga qarshi kurashga ham zarar yetkazadi», – dedi u.

Dunyoda yana nimalar bo‘lmoqda:

Italiyada ham qo‘shimcha cheklov choralari haqida e'lon qilingan. Noyabr oyi oxirigacha barcha umumiy ovqatlanish muassasalari soat 18:00da ishni to‘xtatishi kerak. Teatrlar, kinoteatrlar, sport zallari va basseynlar to‘liq yopiladi. Ko‘p kishi ishtirokida to‘y va dafn marosimlari o‘tkazish taqiqlanadi.

Belgiyadagi shifoxonada Covid-19ga chalinib yotqizilgan bemorlar soni 5924 nafarga yetdi – bu 6 apreldan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich. Shundan 99 kishi og‘ir yoki kritik holatda.

Saudiya Arabistoni 1 noyabrdan umraga ruxsat berilishini ma'lum qildi. Ushbu mamlakat hukumati yanvardayoq xorijlik ziyoratchilar uchun o‘z chegaralarini yopgandi, iyulda esa saudiyaliklar uchun ham mamlakatga kirish to‘xtatilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: