«12 ming so‘mlik elektr toki bilan 300 km yuradi» - O‘zbekistonda Xitoy elektromobili sinalmoqda

Fan-texnika 22:18 / 29.10.2020 57178

Toshkentdagi Quyosh energiyasi xalqaro instituti Xitoyning «Henan Suda» kompaniyasi elektromobillarini O‘zbekiston sharoitida sinash ishlarini olib bormoqda. Shu maqsadda 2019 yilda 20 ta elektromobil, zaryadlash qurilmalari va ehtiyot qismlari olib kelingan.

Institut direktori o‘rinbosari Jobir Ahadovning Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ma'lum qilishicha, ushbu elektromobillarning yoqilg‘i xarajatlari benzinda harakatlanadigan avtomobillarga qaraganda 10 barobar, gazda yuradigan mashinalarga nisbatan 5 barobar kam.

«Ehtiyot qismlarining soni ham 10 barobar kam. Avtomobil buzilib, ta'mirlashga muhtoj bo‘lib qolishi ehtimoli ancha past.

Bu avtomobillarni sinov tariqasida, texnik hamkorlik asosida olib keldik. Hozirda respublikamizdagi kontinental iqlimiy sharoitga chidash darajasi qandayligi, yozning issig‘i, qishning sovug‘iga bardosh berishi o‘rganilyapti. Yozning issiq kunlarida judayam yaxshi yurdi. Endi qishda sinaymiz.

Jobir Ahadov

Avtomobilga 40 kVt quvvatli generator o‘rnatilgan. Tezligi yuqori. 5-6 sekundda 100 km/s tezlikka ko‘tarila oladi. Eng yuqori tezligi esa 220 km/soat.

Akkumulyator to‘liq quvvatlansa, 300 kilometrgacha harakatlana oladi. Xitoyda bu avtomobilning yangi versiyalarini ham ishlab chiqarish boshlangan. Ular to‘liq zaryad bilan 500-600 km uzoqlikka yura oladi. Kelgusida yangi rusumdagi avtomobillarni ham olib kelib sinash niyatimiz bor.

Narxi bizning mashinalardan ko‘ra qimmatroq, bunda akkumulyatorning narxi asosiy o‘rin tutadi. Uyda 220 voltli zaryadlash qurilmasida yoki 380 voltli katta zaryadlash stunsiyasida quvvatlash mumkin.

Bir marta to‘la quvvatlash uchun 40 kVt energiya talab etiladi, bu esa 300 so‘mdan bo‘lganda, 12 ming so‘mga teng bo‘ladi. Demak, 12 ming so‘mlik tok bilan avtomobil 300 km yuradi. Asosiy yutug‘i shunda.

Lekin buni kamida bir yil sinash kerak. Yozning oxiri, kuz oylarida sinadik, endi qish-bahor oylarida ham sinaymiz. Akkumulyatorlar sovuq iqlimga qanchalik bardosh beradi, sovuq havoda avtomobil qanaqa yuradi, shularni sinashimiz kerak.

20 ta elektromobil keltirilganidan kelib chiqib, ularni barcha viloyatlarda sinab ko‘rish imkoniga egamiz», – dedi Jobir Ahadov.

Ma'lumot uchun, Quyosh energiyasi xalqaro instituti va Xitoyning «Henan Suda Electric Car Technology Co..Ltd.» kompaniyasi o‘rtasida 2017 yilda memorandum imzolangan.

2018 yilda ushbu kompaniyaning 64 mln dollarlik sarmoyasi bilan Buxoroda elektromobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan edi. O‘sha yili imzolangan prezident qarorida, loyihani amalga oshirishning taxminiy muddati 2019-2020 yillar deb ko‘rsatilgandi.

2019 yil boshida 20 ta elektromobilni sinash uchun O‘zbekistonga olib kelib, Elektromobil texnologiyalari uchun sinov va sertifikatlash markazi tashkil etishga kelishildi.

Shuningdek, 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab Qo‘qonda elektromobil ishlab chiqarish boshlanishi, avtomobillar narxi 3 ming dollar atrofida bo‘lishi ma'lum qilingan. Zavodda yiliga 2 ming dona elektromobil ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. 30 mln dollarlik loyiha Xitoyning «Silk Road Company» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi belgilangan.

2019 yil 1 yanvardan O‘zbekistonga elektromobil importi uchun boj to‘lovi bekor qilingan, o‘sha yil iyul oyiga borib aksiz solig‘i ham olib tashlangan.

2019 yil oktyabridagi prezident qarori asosida 2020 yil 1 yanvardan elektromobillar uchun 10 foizlik boj joriy etilgandi, ammo yanvarga bormasdan, 2019 yil dekabrida elektromobillar uchun bojni nol stavkada qoldirishga qaror qilingan. Ayni paytda chetdan yengil elektromobil olib kirishda 20 yevro bojxona yig‘imi va 15 foizlik QQS to‘lash kifoya.

2020 yilda O‘zbekistonga elektromobillar importi keskin oshdi. Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, yanvar–sentabr oylarida xorijdan jami 2,1 mln dollarlik 82 ta elektromobil import qilingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 59 taga ko‘p. 82 ta elektromobilning 52 tasi Xitoydan keltirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: