Nobel sovrindorlari tadqiqot natijalarini O‘zbekistonda qo‘llash bo‘yicha tajriba o‘tkazilmoqda

O‘zbekiston 13:56 / 28.10.2020 7510

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Toshkent viloyatining Bo‘ka va Chinoz tumanlarida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tajriba-sinov ishlari boshlanganini ma'lum qildi. Ushbu ishlarda Nobel sovrindorlarining tadqiqot natijalari qo‘llanmoqda.

«Ishchi guruhi a'zolari 8 kun davomida Bo‘ka tumanidagi barcha mahallalarda 10-12tadan jami 504ta, Chinoz tumanidagi barcha mahallalarda 10-12tadan jami 648ta, umumiy hisobda 1152ta uy xo‘jaliklarida kuzatuvlarni amalga oshirdi.

Kuzatuvlar davomida uy xo‘jaliklari tarkibi, yashash sharoitlari, iste'mol xarajatlari, real daromadlari, uzoq muddat foydalanadigan vositalari, uy xo‘jaligi a'zolarining moddiy ne'matlar va ijtimoiy xizmatlardan foydalana olish imkoniyatlari, jumladan, bepul tibbiy xizmatdan foydalanishi, farzandlarining ta'lim olishi sifati, moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik tashabbuslari o‘rganildi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Ta'kidlanishicha, ehtiyojmand oilalar farzandlarining yoshiga nisbatan bo‘yi, vazni o‘lchandi hamda darslarni o‘zlashtirishi o‘rganildi. Psixologlar tomonidan ehtiyojmand oila a'zolari bilan individual suhbatlar o‘tkazilib, ularning psixologik portretini shakllantirish va kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ruhiy rag‘batlantirish ishlari amalga oshirildi.

«Kuzatuvlar yakuni bo‘yicha olingan ma'lumotlar asosida O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasini aniqlash, «yashash minimumi» va «iste'mol savatchasi» bo‘yicha hisob-kitob ishlarini yakuniga yetkazish, aholining bazaviy iste'mol xarajatlari va kambag‘allik chegarasi mezonini hisoblashni amaliyotga joriy etish hamda respublikada kambag‘allikni qisqartirishga yo‘naltirilgan strategik chora-tadbirlarni ishlab chiqishda foydalanish rejalashtirilgan», — deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, Nobel sovrindori bo‘lgan iqtisodchilar olimlar rivojlanayotgan mamlakatlarda quyidagi asosiy yo‘nalishlarda qator eksperimentlar olib borishgan:

  • kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar joylardagi shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda aniq tajribalar asosida ishlab chiqilishi;
  • arzon va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, bepul emlash hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish;
  • aholining ta'lim olish davomiyligi va ta'lim sifatini oshirish;
  • ijtimoiy himoya tizimi va muhtojlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash;
  • mikrokreditlash va tadbirkorlikka ruhlantirish;
  • kambag‘allikni qisqartirishda psixologik faktorlarning rolini oshirish;
  • rivojlanayotgan mamlakatlarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha institutsional cheklovlarning mavjudligi va boshqalar.
Ko‘proq yangiliklar: