Maxsus ilova orqali kunlik ishlar uchun kerakli mutaxassisni yollash mumkin bo‘ladi – vazirlik

O‘zbekiston 15:23 / 28.10.2020 4872

«Qonunda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar bo‘yicha alohida moddalar ko‘rsatib o‘tilgan. Bu yerda ro‘yxatdan o‘tish tartibi, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun imtiyozlar belgilangan, kasbga o‘qitish bo‘yicha, ishlatishdagi ijara qurollarini imtiyozli olish, tadbirkor sifatida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasidan ajratilayotgan subsidiyalar bo‘yicha alohida modda ko‘rsatib o‘tilgan.

Shu bilan birga, ishchilar markazi bo‘yicha hukumat qarorining yangi loyihasi ishlab chiqildi. Xalq muhokamasiga va tegishli vazirlik, idoralar bilan kelishuvga chiqarildi.

Kunlik ishchilar markazi mazmunini umuman o‘zgartiryapmiz. Hukumat qarori loyihasida markazlarning qurilishidan tortib, maishiy-ijtimoiy sharoiti, ovqatlanish, ozgina bo‘lsa ham madaniy hordiq chiqarish, shu bilan bir qatorda, ijara qurollarini berish masalalari ham ko‘zda tutilyapti», dedi Temur Mahmudov AOKAda «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunning ahamiyati va sohaga oid eng dolzarb masalalar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Vazirlik vakili Toshkent shahrida yaratilgan kunlik ishchilar markazlari haqida ham gapirdi.

«Toshkent shahrining Yunusobod va Yashnobod tumanlarida yangi konsepsiyadagi kunlik ishchilar markazlarini tashkil etdik. U yerda fuqarolarni ro‘yxatga olish tartibi, fuqarolar murojaat qilganidan keyin ularning shaxsiy ma'lumotlari shakllantirilib, hududga yuborilib, o‘z hududida imkoniyat bo‘lsa, doimiy ishga joylashtirish, ovqatlanish va boshqa ijtimoiy masalalarni ham kunlik ishchilar markazida kompleks hal qilish chorasini ko‘ryapmiz.

Bu ham mehnat bozori. Bu ham vaqtinchalik ish. Unga ham talab bor. Buni zamonaviy shaklga o‘tkazish bo‘yicha mobil ilova joriy qildik. Hozir ushbu ilovaga kiradigan bo‘lsak, 14-15 ming fuqaroning shaxsiy ro‘yxati bor. O‘zimiz ham mana shu mobil ilovadan foydalangan holda o‘zimizga kerakli mutaxassis yoki ustani chaqirib, yollashimiz mumkin bo‘ladi. Bu ham tartibga solinyapti.

Mana shu hukumat qarori loyihasida ushbu mobil ilovani «Mening ishim» buyurtmalar portaliga aylantirish ko‘zda tutilyapti. Elektron maydoncha orqali bu narsani tartibga solish rejasi bor. Ungacha ham bu masala davlat e'tiboridan chetda qolgani yo‘q», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: