Koronavirus sabab Yaponiyada nikohlar 36,9 foizga kamayib ketdi. Buni «milliy inqiroz» deyishmoqda

Jahon 16:30 / 28.10.2020 5136

Yaponiya dunyodagi qariyalari eng ko‘p davlat hisoblanadi. Bu mamlakatda 2050 yilga kelib aholining 35 foizi 65 yoshdan oshishi kutilmoqda. Bu esa iqtisodiy o‘sish va mamlakat moliyasini qiyin ahvolga solib qo‘yishi mumkin, deb yozmoqda «Reuters» agentligi.

«Koronavirus tarqalishi odamlarda farzandli bo‘lish va bolalarga g‘amxo‘rlik qilish istagining pasayishiga sabab bo‘lmoqda», deydi Yaponiyada tug‘ilish ko‘rsatkichining kamayishi masalalari bilan shug‘ullanuvchi vazir Teksushi Sakamoto.

Yaqinda e'lon qilingan ma'lumotga ko‘ra, Yaponiyada iyul oyiga qadar oxirgi uch oyda homiladorlik ko‘rsatkichi o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 11,4 foizga, nikohlar esa 36,9 foizga kamaygan.

«Bu juda jiddiy holat, sababi salbiy ta'sir ancha payt saqlanib qoladi. Iqtisodiy tanazzul kam nikohga va kam tug‘ilishga olib keladi», deydi Dai-ichi tadqiqot instituti bosh iqtisodchisi Xideo Kumano.

Pandemiya tug‘ilish ko‘rsatkichini yanada pasaytirishi mumkin. Sobiq bosh vazir bu holatni «milliy inqiroz» deb atamoqda. 2019 yil Yaponiyada 865 ming bola tug‘ilgan, bu ko‘rsatkich eng past yillik tug‘ilish bo‘lgan edi. Yaponiya Pediatriya assotsiatsiyasi pandemiya tug‘ilish ko‘rsatkichining pasayishini o‘n yilga tezlashtirishi mumkin, demoqda. Bu bolalar tibbiyoti yo‘nalishiga juda jiddiy ta'sir ko‘rsatadi.

Xalqaro valuta fondi 2021 yilda global o‘sish 5,2 foiz bo‘lishini taxmin qilmoqda, Yaponiyada esa bu ko‘rsatkich 2,3 foiz bo‘lishi kutilgan. Bunday farqqa aholining yosh ko‘rsatkichi kattalashib borayotgani sabab bo‘lmoqda.

Yaqinda Yaponiyaning «Nikkei» gazetasi 22 nafar taniqli iqtisodchi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Ularga ko‘ra, Yaponiya iqtisodiyoti 2024 yilgacha pandemiyadan oldingi darajaga qaytmaydi. Bu esa yaponlarning turmush qurish rag‘batiga jiddiy ta'sir qilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: