Koronavirus: Germaniyada yana karantin, JAR prezidenti ihotalandi

Jahon 22:20 / 28.10.2020 10667

Seshanba kuni kasallanganlar soni 500 ming kishiga ortdi – bu epidemiya boshidan beri kuzatilgan kunlik eng yuqori ko‘rsatkich.

Eng og‘ir vaziyat avvalgidek AQSh va Hindistonda kuzatilmoqda (mos ravishda 9 milliondan ortiq va deyarli 8 million bemor).

Tinch okeani mintaqasi davlatlarida, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya va Avstraliyada vaziyat qoniqarli deb baholanmoqda.

Yevropaning deyarli har bir davlatida turli xil darajadagi karantin cheklovlari qayta tiklanmoqda. Oq uy shtabi rahbari Mark Medouzning aytishicha, Amerika ma'muriyati kasallik tarqalishini nazorat qilish urinishlaridan voz kechdi va barcha umidlarini vaksina paydo bo‘lishi bilan bog‘lamoqda. 

Rossiyada Gamalei nomidagi Epidemiologiya va virusologiya markazida yaratilgan «Sputnik-V» vaksinasini ommaviy sinovdan o‘tkazish davom etmoqda. Chorshanba kuni uning bir nechta ishtirokchilari koronavirus bilan kasallanganligi ma'lum bo‘ldi. Biroq bu tekshiruv jarayonida platsebo olgan odamlar bo‘lishi mumkin. 

Germaniya kansleri Angela Merkel va 16 federal hudud bosh vazirlari o‘rtasidagi bugungi videokonferensiyada «yengil lokdaun» deb nomlangan qaror qabul qilindi. 

«Bizning sog‘liqni saqlash tizimimiz bugungi kunda bu muammoga dosh bera oladi. Ammo infeksiya bunday tezlikda tarqalsa bir necha hafta ichida uni nazorat qilish imkoni bo‘lmay qolishi mumkin», – degan Merkel.

Karantin 2 noyabrdan kuchga kiradi va dekabrgacha amalda bo‘ladi. 

«Yengil» lokdaun restoran, bar, mehmonxonalar, kinoteatrlar va dam olish markazlari yopilishini nazarda tutadi.

Do‘konlar va ta'lim muassasalari o‘z faoliyatini davom ettiradi. Maktab va bog‘chalar ham ochiq bo‘ladi. Odamlar bir-birlarinikiga tashrif buyurishlari mumkin, lekin ko‘pchilik bo‘lib to‘planish taqiqlanadi. 

O‘tgan kun davomida Germaniyada deyarli 15 ming kishida virus aniqlandi. 

Fransiya prezidenti Emmannuel Makron shu kabi choralar joriy etilishini xalqqa kechki telemurojaati orqali e'lon qilishi kutilmoqda. 

Iloji boricha maksimal miqdordagi aholini masofadan ishlashga, o‘rta maktab o‘quvchilari va talabalarini esa masofadan o‘qitishga o‘tkazish rejalashtirilgan. 

O‘tgan kun davomida Fransiyada 523 kishi koronavirusdan vafot etdi, ulardan 235 nafari kasalxonalarda bo‘lmagan. 

Rimda seshanba kuni kechqurun politsiyachilar skeptiklarning norozilik namoyishini tarqatish uchun vodomyotdan foydalandi. 16 kishi hibsga olingan.

So‘nggi 24 soat ichida Italiyada Covid-19 bilan kasallangan 221 bemor vafot etdi – bu avvalgi kunga nisbatan bir yarim baravar ko‘p. Reanimatsiya bo‘limlarida bemorlar soni bir kunda 127 kishiga ortgan.

JAR prezidenti Siril Ramafosa o‘zi ishtirok etgan tantanali ziyofatdagi mehmonlardan birining koronavirus testi musbat natija ko‘rsatganidan so‘ng, ihotalandi.

Prezidentning o‘zida kasallikning alomatlari hozircha kuzatilmayapti, u masofadan turib ishlaydi. 

Melburnning ko‘plab aholisi kechagi tunni qariyb to‘rt oylik tanaffusdan so‘ng qayta ochilgan bar va qovoqxonalarda o‘tkazishdi. Avstraliya kasallanish soni bo‘yicha dunyoda 88-o‘rinni egallab turibdi, so‘nggi uch kun ichida Covid-19'dan mamlakat bo‘ylab ikki kishi vafot etdi.

Chexiyada tungi komendantlik soati kuchga kirdi. Do‘konlar soat 20:00da yopiladi, 21:00dan keyin uydan faqat ishga borish, shoshilinch tibbiy yordam va itni sayr qildirish uchun chiqish mumkin. 

Belgiya klinikalarida Covid-19 bilan kasallanganlar soni aprel oyining boshidagi pik ko‘rsatkichlarga qaytdi va hozirda 5554 kishini tashkil qilmoqda. Aholisi 11,5 million kishini tashkil etuvchi mamlakatda pandemiya boshlanganidan beri 11 mingdan ortiq odam vafot etdi.

Ispaniyada o‘tgan kun davomida 267 kishi vafot etdi – bu 1 maydan buyon kuzatilgan eng katta ko‘rsatkich. 

Ko‘p yillar davomida Yevropada eng gavjum hisoblangan Londonning Hitrou aeroporti pandemiya sharoitida Parijdagi «Sharl de Goll» aeroportiga yetakchilikni boy berdi. 2020 yil yanvar-sentabr oylarida Hitrou 19 million, «Sharl de Goll» esa 19,3 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. O‘tgan yilning mos davrida ko‘rsatkichlar mos ravishda 61 va 58 millionni tashkil etgandi. Hitrouning 9 oydagi moliyaviy zarari bir yarim milliard funt (1,95 milliard dollar).

Ko‘proq yangiliklar: