Germaniyada qat'iy karantin joriy qilinadi

Jahon 23:12 / 28.10.2020 6248

Berliner Morgenpost nashrining xabar berishicha, Germaniya kansleri Angela Merkel 16 ta federal yer rahbarlari bilan videoanjuman o‘tkazib, unda noyabr oxirigacha amal qiladigan yangi karantin cheklovlari rejasini muhokama qilgan.

Rejaga ko‘ra, Germaniyada teatrlar, konsert zallari, kinoteatrlar, attraksionlar va ko‘ngilochar bog‘lar, fitnes-studiyalar, sport inshootlari, basseynlar, bar, restoran va pablar, go‘zallik salonlari, massaj xonalari yopiladi.

Maktablar va bolalar bog‘chalari ochiq qoladi, biroq ulardan gigiyenaning yangi bayonnomalarini kiritish talab etiladi.

Shuningdek, ijtimoiy aloqalarni cheklash rejalashtirilmoqda. Jumladan, jamoat joylarida eng ko‘pi bilan ikkita oilaning vakillari 10 kishidan oshmagan holda uchrashishi mumkin. Futbol uchrashuvlari esa tomoshabinlarsiz o‘tadi.  

2 haftadan so‘ng, taxminan 11 noyabrda Merkel erishilgan natijalarni muhokama qilish va tuzatmalar kiritish uchun yana bir onlayn-uchrashuv o‘tkazadi.

Germaniyada so‘nggi sutkada 14,9 mingta yangi kasallanish holati qayd etildi. Oxirgi kunlarda mamlakatda kunlik kasallanish holatlari soni 10 mingtadan oshmoqda. 

Ta'kidlanishicha, bu Fransiya va Belgiyadagi ko‘rsatkichlardan pastroq, biroq gap kasallanish holatlarining tobora ko‘payishi haqida bormoqda va hafta oxiriga Germaniyada kunlik kasallanish holatlari soni 20 mingtani tashkil qilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: