Erkin iqtisodiy zonalar tugatiladimi?

O‘zbekiston 18:50 / 28.10.2020 21992

Hujjatga muvofiq, 2021 yil 1 fevralga qadar xorijiy tajribani o‘rgangan holda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatiga tashqi boshqaruvni joriy etish hamda ularni bosqichma-bosqich xususiylashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritilishi belgilandi.

Maxsus iqtisodiy zona nima?

2020 yil fevralda qabul qilingan «Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, maxsus iqtisodiy zona — tegishli hududni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun chet el investitsiyalari va mahalliy investitsiyalarni, yuqori texnologiyalar hamda boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida maxsus ajratilgan, belgilangan chegaralarga va maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan hudud.

Maxsus iqtisodiy zonalar (MIZ) bir necha turda, xususan, erkin iqtisodiy zona, maxsus sanoat zona, turistik-reakratsion zona, maxsus ilmiy-texnologik zonalar ko‘rinishida tashkil etilishi mumkin. MIZ jozibadorligini oshirish va unga investorlarni ko‘proq jalb etish maqsadida barcha talablarga mos kelgan loyiha egalari turli imtiyozlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Masalan, O‘zbekiston prezidentining tegishli farmoni bilan zona a'zolariga soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha turli imtiyozlar berilgan edi.

Investorlar quyidagi imtiyozlardan foydalanishgan:

  • yer solig‘i, daromad solig‘i, yuridik shaxslar mulk solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovidan;
  • bo‘shab qoladigan mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish sharti bilan o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan uskunalar, xomashyo, materiallar hamda butlovchi qismlarni bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari);
  • O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan va loyihalarni amalga oshirish doirasida chetdan keltiriladigan qurilish materiallarini bojxona to‘lovlari (bojxonada rasmiylashtirish yig‘imlari bundan mustasno) to‘lashdan ozod qilinadi.

Nima o‘zgardi?

2020 yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksining 473-moddasiga muvofiq, erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga faqat mol-mulk solig‘idan, yer solig‘idan va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod qilish tarzida soliq imtiyozlari berilgan.

Shuningdek, Soliq kodeksining 75-moddasida «QQS bo‘yicha imtiyozlar, shu jumladan, tovarlar O‘zbekiston hududiga olib kirilishida (importida) soliq solishdan bo‘shagan mablag‘larni aniq maqsadlarga yo‘naltirish sharti bilan berilishi mumkin emasligi» hamda 266-moddasida barcha soliq to‘lovchilar «budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasini aniqlashda faqat to‘langan soliq summalarini hisobga olishi» belgilandi.

Natijada erkin iqtisodiy zona ishtirokchilariga prezident farmoni bilan berilgan bir qancha soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlardan amalda foydalanish davlat soliq organlari tomonidan bekor qilindi. Bunga hukumatning erkin iqtisodiy zonalarni istiqbolsiz loyiha sifatida ko‘rishi sabab bo‘ldi.

Soliq boshqa hujjatlar talabini buzadimi?

«Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq, «agar O‘zbekiston Respublikasining keyingi qonun hujjatlari investitsiya qilish shart-sharoitlarini yomonlashtirsa, investitsiya qilish sanasida amalda bo‘lgan qonun hujjatlari chet el investorlariga nisbatan investitsiya qilish paytidan e'tiboran o‘n yil mobaynida qo‘llanishi hamda investor o‘zining investitsiya qilish shart-sharoitlarini yaxshilaydigan yangi qonun hujjatlari qoidalarini o‘z xohishiga ko‘ra qo‘llash huquqiga ega».

Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining 2012 yil 10 apreldagi farmoni 2-bandida ham «xorijiy investorning pul shaklidagi ulushi 5 million AQSh dollardan kam bo‘lmagan yangidan tashkil etilayotgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar davlat ro‘yxatidan o‘tgan sanadan boshlab 10 yil mobaynida soliq qonunchiligida o‘zgarishlar yuz bergan hollarda, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, qo‘shimcha qiymat solig‘i, mol-mulk solig‘i, yagona ijtimoiy to‘lov, yagona soliq to‘lashning mazkur korxonalar davlat ro‘yxatidan o‘tish sanasida amal qilgan me'yorlari va qoidalarini qo‘llashga haqli» ekani belgilangan.

Bundan tashqari, prezidentining 2017 yil 25 oktyabrdagi qarori 7-bandiga asosan, «soliq qonunchiligi o‘zgarganda EIZ ishtirokchilari soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar (aksiz solig‘idan tashqari) bo‘yicha ular ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan amal qilgan norma va qoidalarni qo‘llashga haqli».

«Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 42-moddasida «Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari o‘zgarganda maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari imtiyozlar amal qilish muddati davomida, lekin o‘n yildan oshmagan muddat ichida soliqlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘lash bo‘yicha ular Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kiritilgan sanada amalda bo‘lgan normalar va qoidalarni qo‘llashga haqli» deb ta'kidlangan.

Mazkur Qonunning 48-moddasida «EIZ hududida mazkur Qonun kuchga kirgunga qadar EIZ direksiyalari tomonidan ro‘yxatga olingan va investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan EIZ ishtirokchilari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar ular taqdim etilgan muddat o‘tguniga qadar saqlab qolinishi» belgilangan.

Erkin iqtisodiy zona ishtirokchilarining qonuniy manfaati himoya qilinmay, Soliq kodeksi talabi amalda ijro etilmoqda. Investor taqdim etilgan imtiyozlardan mahrum etilgan.

Erkin iqtisodiy zonalar tugatiladimi?

Shu yilning 27 oktabr kuni davlat rahbari tomonidan imzolangan farmonga binoan, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatiga tashqi boshqaruvga topshirilishi mumkin. Ular bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi. Buning tartibi hali ishlab chiqilmagan, hukumat bir necha oylardan so‘ng bu haqda batafsil ma'lumot berishi mumkin. Hozircha aniq kutilma shuki, erkin iqtisodiy zonalar ham xususiylashtirish yo‘li bilan tugatilishi mumkin. Ularni istiqbolsiz loyiha sifatida ko‘rgan hukumat shu yo‘l bilan qonunchilikdagi ziddiyatlarni ham bartaraf etishi mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov

Ko‘proq yangiliklar: