Birjada xaridorlar soni oshgan, ammo sement narxi tushmoqda

O‘zbekiston 19:07 / 28.10.2020 7652

O‘zbekiston Respublika tovar xomashyo birjasi 19-23 oktabr oralig‘ida o‘tgan birja savdolariga 207 ming 384 tonna sement qo‘yilganini ma'lum qildi. Shundan 197 ming 457 tonnasi, ya'ni 95,2 foizi sotilgan. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 39,5 ming tonnani tashkil qildi.

«Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 566,5 ming so‘mdan 556,5 ming so‘mgacha, ya'ni 1,8 foizga pasaygan», — deyiladi xabarda.

Hafta boshida savdolar sementning bir tonnasiga o‘rtacha 566 ming so‘m xarid narxi bilan boshlangan, 23 oktabr kuni 1 tonna sementning o‘rtacha xarid narxi 556 ming so‘mgacha arzonladi. Haftaning ilk to‘rt ish kunida sementga xaridorlar soni ko‘paygan, ish haftasining oxirida xaridorlar 67ga kamayib, yakunda 506ta sub'yekt birja savdosida xaridorga aylangan.

Oktabr oyi boshida sementning bir tonnasi birjada o‘rtacha 608 ming so‘mga sotilgandi. 23 oktyabrdagi xarid narxi (556 ming so‘m) hozircha qurilish mavsumining so‘nggi bosqichida ko‘rsatilgan eng maqbul narx bo‘lib qolmoqda.

Ma'lumot uchun, birja orqali savdo qilinadigan yuqori likvidli 38 xil tovarning 27tasida boshlang‘ich taklif etilgan narxga nisbatan tovar qiymati 10 foizga oshishi mumkin. Bu mavsumiy bo‘lib, talab va taklif qonuni bo‘yicha bozorda sokinlik kuzatilishi ham mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: