Sloveniya va Chexiyada koronavirus sababli komendantlik soati kiritildi

Jahon 07:30 / 27.10.2020 2298

Sloveniya va Chexiyada koronavirus tarqalishi oldini olish uchun komendantlik soati kiritildi. Sloveniyada odamlarning harakatlanishi soat 21dan 6gacha, Chexiyada esa soat 21dan soat 5gacha cheklanadi. 

Sloveniyada komendantlik soati 27 oktyabrdan kuchga kiradi. Bahorda Sloveniya o‘z hududida pandemiya yakunlanganini e'lon qilgan Yevropaning birinchi davlatlaridan biri bo‘lgandi.
 
Sloveniyada aholi punktlari orasida harakatlanish ham taqiqlanadi. Boshqa hududga ishga borish kerak bo‘lgan holatlar bundan mustasno bo‘ladi. Bundan tashqari, qarindoshini parvarishlash, xorijiy elchixona va konsulxonalarga borish kerak bo‘lganda ham boshqa munitsipalitetga kirishga ruxsat beriladi. Cheklovlar bir hafta amal qiladi.

Shuningdek, 6 nafardan ko‘proq odam ishtirokidagi ommaviy tadbirlar, jumladan, to‘ylar va diniy marosimlar taqiqlanadi. Karantinni sekin-asta bekor qilish rejalashtirilmoqda. 

Chexiyada komendantlik soati 28 oktyabrdan 3 noyabrgacha amal qiladi. Bu vaqtda odamlarning erkin harakatlanishi soat 21dan 5gacha taqiqlanadi. Avvalroq Chexiyada virus tarqalishi oldini olish uchun barlar, restoranlar va aksariyat do‘konlar yopilgan edi. Biroq ta'kidlanishicha, bu kasallanish holatlarining sezilarli kamayishiga olib kelmagan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Sloveniyada kasallanish holatlari 24 mingdan oshgan, 251 kishi infeksiyadan vafot etgan. Chexiyada esa 263 ming kishi virus yuqtirib olgan, ulardan 2,3 ming nafari vafot etgan. 

Ko‘proq yangiliklar: