«Yandeks» davlat organlari foydalanuvchilarining ma'lumotlarini so‘rab qancha so‘rov yuborganini ma'lum qildi

Jahon 16:45 / 26.10.2020 4535

10 yil avval bu kabi statistik ma'lumotlar Google tomonidan e'lon qilingan edi, keyinchalik, tvitter, feysbuk kabi yirik ijtimoiy tarmoqlar ham bu ishdan o‘rnak olishgan. Rossiyaning yirik internet kompaniyalari orasida hozircha faqatgina «Yandeks» kompaniyasi «Transparency report»ni e'lon qildi.

Meduza nashrining xabar berishicha, 2020 yilning birinchi yarmida davlat organlari kompaniyaga jami 15,3 mingta so‘rov yuborgan. «Yandeks» ularning 84 foizi – 12,9 mingtasiga so‘ralgan ma'lumotlarni taqdim qilgan. Qolgan 2,4 mingta vaziyatda so‘ralgan ma'lumotlar berilmagan.

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, Federal xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va boshqa kuch ishlatar tuzilmalar tezkor-qidiruv jarayonida zarurat bo‘lsa har qanday kompaniyadan kerakli ma'lumotlarni talab qilishi mumkin.

Ma'lum qilinishicha, maxsus xizmatlar asosan foydalanuvchilarning «Yandeks.Pasport» va «Yandeks.Pochta»dagi ma'lumotlarini so‘ragan.

Keyingi o‘rinlarda eng ko‘p so‘rovlar «Yandeks.Taksi» xizmatidan foydalanuvchilar haqida bo‘lgan. 2020 yilning 6 oyi davomida davlat tashkilotlari kompaniyaga 5,2 ming marotaba foydalanuvchilarning ma'lumotlarini so‘rab murojaat qilgan, ularning 4,1 mingtasiga ijobiy javob berilgan.

«Yandeks»ning korporativ aloqalar bo‘limi boshqaruvchisi Ilya Grabovskiyning ta'kidlashicha, agar so‘rovnomalar rasmiy kanal orqali kelsa va barcha talablarga javob bersa, kompaniya foydalanuvchilarning harakat yo‘nalishlari haqida barcha ma'lumotlarni berishga majbur.

Shuningdek, kompaniya rasmiysi endi «Yandeks» har 6 oyda bunday hisobotlarni e'lon qilib borishini ma'lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: