Ta'limdagi to‘lov uchun kimlar daromad solig‘idan ozod bo‘ladi?

O‘zbekiston 17:19 / 26.10.2020 7871

Soliq kodeksining 378 moddasi 16 bandiga muvofiq, soliq organiga deklaratsiya topshirish orqali OTM kontrakt to‘lovida soliq chegirmasidan foydalanish mumkin. Bunda oliy o‘quv yurtlarida ta'lim olish (o‘zining, 26 yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) ta'lim olishi) uchun to‘lov amalga oshirilganda, to‘lov qilingan qismi daromad solig‘idan ozod etiladi.

Ta'lim uchun to‘lov quyidagilar hisobidan amalga oshirilganda soliq chegirmasi taqdim etiladi:

— o‘z mablag‘lari;

— jismoniy shaxsga tijorat banklari tomonidan berilgan ta'lim kreditlari;

— yuridik shaxslar tomonidan jismoniy shaxslarga qaytarish sharti bilan berilgan mablag‘lari (ssudalar).                                                                                                         

To‘lov oylik ish haqidan emas, mustaqil amalga oshirilganda, soliq organiga jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani topshirgan holda, soliq chegirmasidan foydalanish mumkin. Bunda soliq chegirmasi OTMda o‘qish uchun haqiqatda amalga oshirilgan xarajatlar summasiga, soliq davri uchun ko‘rsatilgan jismoniy shaxsning jami yillik daromadi miqdorida beriladi.

Soliq chegirmasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlash uchun quyidagilar taqdim etiladi:

— talaba bilan oliy o‘quv yurti o‘rtasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish to‘g‘risida tuzilgan shartnoma nusxasi;

— tijorat banki bilan ta'lim kreditini olish uchun tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi;

— oliy o‘quv yurtlari hisob raqamiga pul mablag‘larini mustaqil to‘laganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;

— pasport nusxasi va ta'lim oluvchining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi.

Soliq chegirmasi davlat soliq xizmati organlari orqali jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish yo‘li bilan hamda soliq to‘lovchining yozma arizasiga binoan to‘lov manbaida — ish beruvchi tomonidan ham berilishi mumkin. Ammo aka-uka, opa-singil, amma-xola, amaki-tog‘a, vasiy va boshqalarning ta'limi uchun to‘lovlarda ushbu imtiyoz qo‘llanilmaydi. Daromad solig‘i bo‘yicha berilgan imtiyozli davr kredit to‘liq so‘ndirilguncha amal qiladi. Masalan, talaba 3 kursda ta'lim krediti olishga qaror qilgan va o‘qishni ikki yildan keyin tamomladi. Ammo uning krediti tijorat banklar tomonidan ikki yildan ko‘proq muddatga berilgan bo‘lsa, soliq chegirmasi kredit so‘ndirilguncha tatbiq etiladi.

Eslatib o‘tamiz, jami yillik daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani soliq inspeksiyasiga shaxsan tashrif buyurish yoki pochta orqali buyurtma xatda yuborish yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda taqdim etish imkoniyati mavjud.

Ko‘proq yangiliklar: