Pokiston bosh vaziri Tsukerbergdan islomofob kontentlarni taqiqlashni so‘radi

Jahon 13:05 / 26.10.2020 7099

Pokiston hukumati tvitterda joylashtirgan maktubda Imron Xon ijtimoiy media platformalari, ayniqsa, feysbuk orqali tobora kuchayib borayotgan islomofobiya butun dunyo bo‘ylab ekstremizm va zo‘ravonlik oshishiga olib kelayotganini ta'kidlagan.

«Sizdan Holokost uchun qilganingiz kabi Islomga qarshi nafratni uyg‘otuvchi islomofob kontentlarni feysbukda man etishingizni so‘rayman», – degan Xon.

Feysbuk bu oy Holokostni rad etgan yoki buzib ko‘rsatgan har qanday kontentni taqiqlashini ma'lum qilgan edi.

Xonning murojaatiga javoban feysbuk vakili Reuters agentligiga kompaniya har qanday nafratga qarshi ekanligini, irq, etnik va milliy kelib chiqishi yoki diniga asoslangan insonlarga hujum qilinishiga yo‘l qo‘ymasligini aytgan.

«Biz bunday kontentlarni aniqlashimiz bilanoq olib tashlaymiz», — degan feysbuk vakili elektron pochta orqali yuborilgan bayonotda va kompaniyaning hozirda «ishlari juda ko‘pligini» qo‘shimcha qilgan.

Yakshanba kuni Xon Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Muhammad alayhissalom tasvirlangan karikaturalarni namoyish qilishni rag‘batlantirishi orqali «Islomga hujum qilganini» aytgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: