Narx qimmatmi yoki daromad kam? «Kun. Munosabat» ruknida yana narx-navo muhokamasi

O‘zbekiston 21:53 / 26.10.2020 14601

«Avvalo, bir narsani tushunish kerak, bizda juda unumdor yaylovlar yo‘q. Chorvadorlarga qoramol uchun ajratiladigan yer yetarli emas. O‘sha ajratilayotgan yerlar ham unumdor emas, lalmi. Chorva uchun berilgan yerlar kamligi yetmaganday mahalliy hokimliklar u yerlarga paxta, bug‘doy ektiradi. Qoramol uchun ozuqa qaysidir ma’noda monopollashgan. Buni davlat monopoliyasi desa ham bo‘ladi.

To‘g‘ri, bizda ham zamonaviy texnologiyalar yordamida omuxta yem ishlab chiqaradigan korxonalar bor, lekin ularning xomashyosi Rossiyadan olib kelinadi. Chetdan keladigan narsalar esa, tabiiyki, valutaga bog‘liq bo‘ladi. 1 dollar yil boshida 9 500 – 9 800 so‘m atrofida edi, hozir deyarli ming so‘m qimmatlashdi. Tadbirkor har qanaqasiga mahsuloti narxini dollarga «chaqadi», bu esa narxga ta’sir qiladi.

Yaqinda bir omuxta yem ishlab chiqaruvchi bilan gaplashib qoldim. U: «To‘g‘ri, biz uchun QQS bekor qilindi, lekin Qozog‘istondagi hamkorlarimiz narxni ko‘tarishdi, chunki ularda ham vaziyat yaxshi emas», – deydi. Bularning barchasi narx ko‘tarilishiga olib keladi. Tadbirkor bunday holatda rasta osti savdoga o‘tib ketadi. Chunki u zararga ishlashni xohlamaydi-ku?!

Qassoblar 55-59 ming so‘mdan go‘sht olyapti. Uning ustiga soliq, patta qo‘shiladi, qassobning yordamchilariga maosh to‘lash kerak, o‘zining oilasiga olib boradigan puli bor. Buning hammasini hisoblaydigan bo‘lsak, aytilayotgan narxda sotsa (60 ming so‘m), o‘zining cho‘ntagida nima qoladi? O‘zi go‘sht sotib, go‘sht yemasligi kerak bo‘lib qoladi-ku?» – deydi Tolib Rahmatov.

Jurnalist narxni tushirishga urinishdan ko‘ra odamlarning xarid qobiliyatini oshirish, ya’ni daromadlarini oshirish haqida o‘ylashi kerakligini ham ta’kildadi: «O‘zbekistondagi mashinalar narxi misolida olsak. Masalan, bizda va boshqa mamlakatlardagi mashina narxlari deyarli bir xil, hatto bizda arzonroq ham bo‘lishi mumkin. Aytaylik, AQSh, Janubiy Koreya va O‘zbekistonda o‘sha pulni topish muddati farqli. Yana bir misol, AQShga borganda ko‘rdik, u yerda ham bir litr kungaboqar moyi 1,5 dollar, O‘zbekistonda ham narx shunday. Lekin AQShda oddiy odamlar 2,5-3 ming dollar maosh oladi, bizda esa o‘rtacha maosh 150-200 dollar. O‘zingiz taqqoslab olavering. Shu sabab biz iste’molchining xarid qobiliyatini oshirishimiz kerak», dedi Tolib Rahmatov.

Ko‘proq yangiliklar: