Lukashenko uchun «dedlayn»: «Milliy ultimatum» muddati tugadi. Endi nima bo‘ladi?

O‘zbekiston 00:08 / 26.10.2020 37024

BBC'ga ko‘ra, Minskning o‘zida 100 mingdan ortiq odam namoyishga chiqqan. Odamlar to‘planib, butun shahar ko‘chalari bo‘ylab yurishdi va bu o‘ziga xos mistik ko‘rinish oldi. Bu holat tasvirlangan videolarda vaziyatning qanchalik ommaviy tus olgani yaqqol ko‘ringan.

Shu kuni Aleksandr Lukashenkoning tarafdorlari ham namoyish o‘tkazishi kerak edi, biroq qo‘llab-quvvatlov aksiyasi qoldirildi. Lukashenkoning tarafdorlari «Tinchlik va Belarusning rivojlanishini xohlayotganlar uchun» degan bannerlar orqali uni qo‘llab-quvvatlashga chaqirishayotgandi. Namoyishning tashkilotchisi kasaba uyushmalari federatsiyasi bo‘lgan. Lukashenkoni qo‘llash uchun 50 mingdan ortiq odam ko‘chaga chiqishi kutilgandi. Muxolifatchilar Lukashenkoni qo‘llash aksiyasini «bating» deb atashgandi. Chunki Lukashenkoni Belarusda batka deb chaqirishadi.

Lukashenkoni qo‘llash aksiyasi g‘alati sabab bilan bekor qilindi. Hukumat namoyishlar xavfsizligini ta'minlay olmasligini ma'lum qilgan. Mamlakat bosh vaziri Roman Golovchenkoning aytishicha, aksiya haqida e'lon qilingach, go‘yoki juda ko‘p odam unda qatnashish taklifini bildirgan. Biroq katta ehtimol bilan Lukashenkoni qo‘llash aksiyasi uyatli darajada kam odam qatnashishi kutilgani sabab bekor qilingan.

«Yoshi kattalar ko‘chaga chiqsa, qisilib qolishlari mumkin. Axir ularni to‘xtata olmaymiz-ku! Odamlar to‘planib turgan joyda bitta portlash va odamlar bosim qilishni boshlaydi», – degan Lukashenko namoyishlar kerak emasligini ta'kidlab.

Lukashenkoning hukumatni tinch yo‘l bilan tark etishini talab qilib o‘tkazilgan namoyish esa oxirgi ikki oydagi eng yirigi bo‘ldi. Ularga hukumat vakillari odatdagidek tayyorlanishdi: shaharda harbiy texnika va politsiya mashinalari harakatlana boshladi, Minsk metrosining 29 stansiyasidan 12tasi yopildi.

Namoyishchilar poytaxtdagi maydonlarda to‘planib, tinch namoyishlar o‘tkazishdi. Ular har xil yozuvlarni ko‘tarib olib shahar ko‘chalari bo‘ylab harakatlanishdi. Qizig‘i, Minskdagi asosiy namoyishlarga hech kim qarshilik ko‘rsatmadi. Faqat namoyishlar tugagach, militsiya shovqinli granatalar ishlatdi. Boshqa shaharlarda esa ko‘plab odamlar qo‘lga olingan.

Odamlar namoyishlarda odatiy qo‘llanilayotgan chaqiriqlardan foydalanishdi: «Ket», «OMON yo‘qol», «Yashasin Belarus». Ayrim yangi bannerlar paydo bo‘ldi: «Ish tashlash».

Dushanba kuni mamlakat bo‘ylab yoppasiga ish tashlashlar o‘tkazilishi kutilmoqda. Unga chorlagan Svetlana Tixanovskaya ish tashlashlar quyidagi shior bilan o‘tishini taklif qilgan: «Men shunchaki ishimni tashlayotganim yo‘q, men qonunsizlik va nohaqlikni to‘xtataman».

U odamlarni nafaqat ish tashlashga, balki ko‘chalarni yopishga, davlat do‘konlaridan mahsulot xarid qilmaslikka, davlat xizmatlaridan foydalanmaslikka va hatto o‘z hisobidagi pullarni yechib olishga chaqirgandi. Bularning barchasini to‘xtatish uchun bir shart qo‘yildi: Aleksandr Lukashenko tinch yo‘l bilan hukumatdan ketishi, militsiya zo‘ravonlikni bas qilishi va siyosiy mahbuslar ozod qilinishi lozim.

Belarusda avgustda ham ommaviy ish tashlashlar o‘tkazmoqchi bo‘lishgan, ammo ular uzoq davom etmagandi. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar ish tashlash haqida gapirishmoqda, bunga asosan kichik ishlab chiqarish vakillari bo‘lgan tadbirkorlar qo‘shilyapti, ammo yirik davlat korxonalarida hech qanday ish tashlash haqida gap bo‘lmagan.

Foto: Reuters

Ekspertlarning fikricha, Belarusda ommaviy ish tashlashlarni kutmaslik kerak. Birinchidan, odamlarda bunday tajriba yo‘q, bundan tashqari Svetlana Tixanovskayaning mamlakatdagi obro‘si ko‘pchilik o‘ylaganidek yuqori emas. Biroq mamlakatning o‘zida odamlar o‘z ixtiyori bilan norozilikni boshlab yuborgan. Ko‘pchilik ishchilar faqat belgilangan vaqtgacha ishlamoqda, shuningdek, kommunal to‘lovlarni kechikib to‘lashmoqda.

AQSh nega fuqarolarini ogohlantirgandi?

Belarusdagi voqealar fonida qiziq voqea sodir bo‘ldi. 24 oktabr kuni AQShning Minskdagi elchixonasi Belarusdagi amerikaliklarni mamlakatni tark etishga chaqirdi. Elchixona Belarusda bo‘lib turgan AQSh fuqarolariga murojaat bilan chiqar ekan, kamida uch kun uchun oziq-ovqat, kerakli dorilar, ichimlik suvi va naqd pul zaxirasini to‘plashni, imkon bo‘lganda esa mamlakatni tark etishni so‘radi.

AQSh elchixonasining bu chiqishi turli xil fikrlarni keltirib chiqardi. Amerika Belarusda nimadir boshlamoqchi, deganlar ham bo‘ldi, biroq buni oddiy qabul qilish ham mumkin: har qanday mamlakat o‘z fuqarolarini bunday vaqtda ehtiyotlashi tabiiy holat. Axir elchixonalarning asosiy vazifasi ham o‘sha mamlakatdagi o‘z fuqarolarini asrash. Shunchaki, AQShda bunday diplomatik yurishlar san'at darajasiga ko‘tarilganki, hammaning e'tiborini tortadi. Qolaversa, prezidentlik saylovi oldidan AQSh qaysidir mamlakatdagi siyosiy vaziyatga aralashish ehtimoli juda past. Axir hozir AQShning o‘zida ham ko‘p voqealar saylov natijalariga bog‘liq bo‘lib turibdi.

Ertaga nima bo‘ladi?

26 oktabr kuni Belarusda juda katta masshtabdagi norozilik aksiyalari va ish tashlashlar bo‘lishini kutish qiyin. Hukumat 25 oktyabrdagi voqealarga o‘ta xotirjamlik bilan munosabatda bo‘lganiga qaraganda ular ham bunga oddiy qarashmoqda.

Aslida dushanba kuni hukumatdan ko‘ra muxolifat uchun muhimroq kun bo‘ladi. Odamlar uzoq vaqtdan buyon namoyishga chiqishmoqda va ular doim ham muxolifat bilan ko‘chalarda yurishga toqat qila olmaydi. Namoyishchilar ikki oydan ortiq ko‘chada yurib, charchashdi. O‘ziga xos dedlaynda ham qandaydir natijaning bo‘lmasligi esa keyinchalik namoyishlar tinchishiga va muxolifatning mag‘lubiyatiga olib kelishi ehtimoli yuqori. Voqealar rivoji aynan mana shunga qarab ketmoqda. Ammo har qanday kutilmagan holatga tayyor turish kerak, chunki dedlaynlarda kutilmagan voqealar ham bo‘lib turadi...

Ko‘proq yangiliklar: