Dunyodagi vaziyat: Sarobga aylanayotgan jamoaviy immunitet, Shinjonda kasallik avj olishi, Yevropada yangi cheklovlar va yangi namoyishlar 

Jahon 22:54 / 26.10.2020 21646

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda eng ko‘p kasallanish holatlari Yevropa mamlakatlarida kuzatilmoqda. Shu bilan birga, AQSh, Hindiston va Braziliya kasallanish holatlari va o‘lim holatlari soni bo‘yicha yetakchilikni davom ettirmoqda.

Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 43,1 milliondan oshgan, 1,1 milliondan ortiq kishi vafot etgan.

Yangi cheklovlar va yangi namoyishlar
Italiya va Ispaniyada odamlar koronavirus kasalligi tufayli joriy etilgan yangi cheklovlarga qarshi norozilik namoyishlariga chiqishmoqda.

Italiyada bugundan barlar va restoranlar faqat soat 18:00gacha ishlashi mumkin. Sportzallar, basseynlar, teatrlar va kinoteatrlar 24 noyabrga qadar yopiq turadi, hukumat bu muddatni uzaytirishi ham mumkin. Ushbu mamlakatda kunlik kasallanish holatlari 20 mingdan oshgan, hukumat italyanlardan yangi cheklov choralarini to‘g‘ri tushunishni so‘ramoqda.

Ammo Neapolda kichik va o‘rta biznes vakillari hukumatdan kompensatsiya talab qilib norozilik aksiyalariga chiqishdi. Dushanba kuni Milan va Turinda ham shunday namoyishlar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Yakshanba kuni kechqurun Ispaniyada umummiliy komendantlik soati kuchga kirdi - kechki soat 23:00dan ertalabki soat 6:00gacha ko‘chada bemaqsad yurish taqiqlanadi. Bu choralar faqat Kanar orollari uchun taalluqli emas.

Shuningdek, alohida hududlar chegaralarini yopib qo‘ygan. Bir uyda yashamaydigan odamlar jamoat joyida 6 nafardan ortiq bo‘lib yig‘ilishi taqiqlanadi. O‘tgan haftada Ispaniya pandemiya boshidan buyon kasallanganlar soni bo‘yicha millionlik nuqtani zabt etgandi. Mamlakatda kunlik kasallanish holatlari soni ham shunga mos ravishda o‘sib bormoqda.

Barselonada karantin choralariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda.

Boshqa mamlakatlardagi vaziyat

Epidemiyaning ikkinchi to‘lqinidan jiddiy aziyat chekayotgan Chexiyada kafe va restoranlar faqat olib ketish uchun ovqat sotishi mumkin, oziq-ovqat mahsulotlari sotilmaydigan do‘konlar yopilgan, maktablar yana onlayn rejimga o‘tkazilgan. Praga tashqarisida 500 o‘rinli yangi gospital barpo etilgan, rasmiylar bemorlarning yangi oqimini kutmoqda.

Fransiya sog‘liqni saqlash organlari vakillari kunlik kasallanish holatlarining haqiqiy soni rasmiy statistikadagidan ikki barobar ko‘proq bo‘lishi mumkinligini aytishmoqda. Ularning baholariga ko‘ra, mamlakatda kasallanish holatlari soni har kuni 100 ming kishiga o‘smoqda (alomatlarsiz bemorlar va tashxis qo‘yilmaganlar ham qo‘shilganda). Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, Fransiyada qariyb 1,2 mln kishi virusdan zararlangan, shundan 34,7 ming bemor vafot etgan.

Oq uyning bosh maslahatchisi Mark Medouz AQSh hukumati Covid-19 bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga olishga urinmasligini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, epidemiya ustidan faqat vaksina va dori-darmon bilan davolash orqali g‘alaba qozonish mumkin.

Donald Trampning prezidentlik poygasidagi raqibi, demokrat Jo Bayden bunga javoban prezident ma'muriyati jangsiz taslim bo‘layotganini aytdi.

Mamlakatda kasallanish bo‘yicha statistika o‘sishda davom etmoqda, so‘nggi bir kunda AQShda yana 83,7 ming kishida virus aniqlangan. AQSh umumiy kasallanish holatlari va o‘lim holatlari soni bo‘yicha jahon reytingida yetakchi - 8,6 mln holat va 225,2 ming o‘lim.

Xitoyda ommaviy test
Xitoyda yana bir shahar to‘liqligicha koronavirusni aniqlash testidan o‘tkaziladi. Bu safar 4,7 mln aholiga ega bo‘lgan Qoshg‘arda aholi yoppasiga test qilinmoqda. Total testlash haqidagi qarorni hukumat Shinjon provinsiyasida kasallik avj olishi ortidan qabul qilgan.

Qoshg‘arda bir necha kun oldin to‘qimachilik fabrikasi tikuvchisida infeksiya aniqlangandi. Unda kasallik alomatlarsiz kechgan, umumiy tekshiruv vaqtida unda virus borligi aniqlangan.

Yakshanba kunining ikkinchi yarmidan beri Qoshg‘arda 2,8 milliondan ortiq kishidan test olingan, seshanba kuni oxirigacha shahardagi barcha aholi test qilinadi.

Shaharda shu vaqtgacha 138 kishida kasallik belgilarsiz kechayotgani aniqlandi. Barcha maktablar yopilgan, shaharni faqat testning manfiy natijasini ko‘rsatish evaziga tark etish mumkin.

Xitoy hukumati Covid-19 statistikasiga simptomsiz bemorlarni kiritmaydi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda pandemiya boshidan buyon 85,8 ming kishi kasallangan, 4,6 ming kishi vafot etgan. Ammo ekspertlar kasallanganlarning haqiqiy soni sezilarli darajada ko‘pligini aytishadi.

Shinjonda etnik kamchilikni tashkil qiluvchi uyg‘urlar istiqomat qiladi, bu millat Xitoy hukumatining qat'iy ta'qibi ostida yashamoqda.

«Kovid avlodi» 
Nisbatan qashshoq oilalardan bo‘lgan 16-25 yosh oralig‘idagi yosh britaniyaliklar pandemiyaning asiriga aylanishdi, bu davrning oqibatlari hammadan ham ko‘ra ko‘proq ularda seziladi. BBC Panorama dasturi jurnalistlari o‘zlari o‘tkazgan tadqiqotga asoslanib, shunday xulosaga kelishgan.

Lokdaun davrida bu guruh vakillarining ishini yo‘qotishi ehtimoli nisbatan katta yoshli ishchilarnikidan ikki barobar yuqori bo‘lgan. So‘rovnomada ishtirok etgan har 10 kishidan 6 nafari daromadi keskin pasayganini bildirgan.

16-18 yoshli o‘smirlar uchun maktablar yopilishi va darslar onlayn rejimda o‘tilishi izsiz ketmaydi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, qashshoq oilalarning farzandlari onlayn ta'lim olishda boshqa o‘ziga to‘q oilalardagi tengdoshlaridan ortda qolib ketishgan. Ularning aksari uchun oliy ta'lim muassasalariga kirish imkoniyati keskin pasaygan.

Tadqiqot britaniyaliklar orasida o‘tkazilgan bo‘lsada, uning mualliflari bunday vaziyat butun dunyo uchun xos ekaniga urg‘u berishmoqda, tez orada leksikonda «kovid avlodi» atamasi paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Uhanda kasallanganlarning atigi 4 foizida Covid-19ga qarshi antitana aniqlangan

Xuachjun fan va texnologiyalar universitetidan bo‘lgan olimlar o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, koronavirus ilk bor tarqalgan Uhanda kasallikni boshdan kechirganlarning atigi 4 foizida virusga qarshi antitana hosil bo‘lgan. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, bu fakt vaksinaga emas, «ijtimoiy immunitet»ga umid bildirgan davlatlarning strategiyasini shubha ostiga qo‘yadi.

Tadqiqot mualliflari Covid-19ni boshdan kechirgan 35 mingdan ortiq kishini test qilishgan. Bungacha kasallanib chiqqanlar qonida ikki xil antitana - immunoglobulin M va G hosil bo‘lishi aytilardi. Ammo so‘nggi tadqiqot natijasiga ko‘ra, M tipidagi immunoglobulin test qilinganlarning birortasidan chiqmagan, G tipidagisi esa 3,2 foiz kishida bo‘lgan, antitanalarning ikkala tipi ham aniqlangan kishilar soni 1 foizdan kamroqni tashkil etgan.

Uhandagi tadqiqot mualliflaridan birining so‘zlariga ko‘ra, tabiiy ravishda hosil bo‘lishi kutilgan «ijtimoiy immunitet» g‘oyasi tobora xayoliy ssenariyga o‘xshab bormoqda.

Tadqiqot yana shuni ko‘rsatmoqdaki, kasallikni yengil yoki belgilarsiz o‘tkazganlarda uzoq vaqt saqlanib qoluvchi immunitet umuman ishlab chiqilmasligi ham mumkin. Hozirgacha qisqa muddatda takroran kasallanish bilan bog‘liq talay holatlar qayd etildi.

Ko‘proq yangiliklar: