Polshada abort deyarli taqiqlandi. Konservativ kuchlar bunga qanday erishdi?

Jahon 15:12 / 25.10.2020 12912

Bu qaror bekorga qabul qilinmagan, chunki so‘nggi yillarda mamlakatda abortlar soni ko‘payib ketdi. Abort haqidagi qonunning keskinlashishiga qarshi bo‘lgan faollar va huquq himoyachilari Konstitutsion sudning bu qarori ortidan Polshada yashirincha abort avj olishi mumkinligi haqida aytishmoqda.

G‘alabami yoki motam?
Konstitutsion sudning abortni taqiqlovchi qarorini amaldagi hukumat tarafdori bo‘lgan o‘ngchilar va konservativlar xursandchilik bilan kutib olishdi.

«Bugun Avliyo Ioann Pavel II (marhum polshalik sobiq Rim papasi) vatanida uning xotirasi uchun Hayot O‘lim ustidan g‘alaba qozondi. 2020 yilning 22 oktabr kuni tarixga kiradi. Biz XX asrda hukm surgan totalitar tuzumlar merosi bo‘lgan himoyasiz odamlarni o‘ldirish amaliyotini to‘xtatamiz», deb yozgan Polsha parlamenti deputati Tomash Zimkovskiy tvitterdagi sahifasida.

«Farzand ko‘rish yoki ko‘rmaslik qarori homilador bo‘lishdan oldin qabul qilinishi kerak. Bunda kelajakda tug‘iladigan bola kasal bo‘lib qolishi mumkinligi ham inobatga olinishi kerak. Bolalarning nogiron bo‘lib tug‘ilishidan xavfsirab o‘ldirilishi konstitutsiyaga muvofiq emas», deb yozgan advokat va yozuvchi Magdalena Kojyekva-Kalishuk.

Qarorga qarshi bo‘lganlar unga juda keskin munosabat bildirishdi.

«Abortning taqiqlanishi ayollar uchun jahannam. Konstitutsion sudning bugungi siyosiylashtirilgan hukmi shuni anglatadi», deb yozgan Polsha parlamenti vitse-spikeri Malgojata Kidava-Blonskaya.

«Bu siyosiy pastkashlik», deb yozgan Polshaning sobiq bosh vaziri, Yevropa Xalq partiyasi yetakchisi Donald Tusk.

Huquq himoyachisi Marta Lempart barchani bu qarorga rozi bo‘lmaslikka va #PowiedzCoMyślisz (o‘z fikringni ayt) heshtegi bilan internetda joylashtirilgan 30 soniyali rolik ostida fikrlarini yozib qoldirishga chaqirgan.

Kelishuvning tugashi
Yangi qaror qabul qilinishidan oldin Polshadagi abort bilan bog‘liq qonun Yevropada eng og‘irlaridan biri edi. Shu paytgacha mamlakatda «abort kelishuvi» amal qilib kelayotgandi. 90-yillarning boshida, kommunistik rejim qulagach, g‘arbona tuzum o‘rnatilgan Polshada yangi davlatda abort qilishga ruxsat berish kerakligi haqida qizg‘in munozaralar bo‘lib o‘tadi.

O‘shanda mamlakatda nufuzi baland bo‘lgan katolik cherkovi va konservativ siyosiy doiralar abortni to‘liq taqiqlash tarafdori edi. So‘llar va liberallar abortning qonuniy taqiqlanishiga qarshi norozilik bildiradi. Oqibatda, 1993 yil oilani rejalashtirish, homilani himoya qilish va homiladorlikning tugatilishiga yo‘l qo‘yiladigan shartlar to‘g‘risida qonun qabul qilinadi.

O‘sha qonunda abortga ruxsat berish uchun uchta shart ilgari surilgan edi.

  • Homiladorlik onaning hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid solsa;
  • Tibbiy ko‘rikda homilaning jiddiy va tuzatib bo‘lmaydigan nuqsoni yoki uning hayotiga tahdid soladigan kasallikka ega ekanligi aniqlansa;
  • Homiladorlik jinoiy yo‘l bilan sodir bo‘lsa.

Bunday huquqiy qoidalar Polshada «abort turizmi» fenomenining paydo bo‘lishiga olib keldi. Farzand ko‘rishni xohlamaydigan ko‘plab polshalik ayollar boshqa Yevropa davlatlariga chiqib abort qildira boshladi. Bundan tashqari, mamlakatda yashirincha noqonuniy abort qiladigan klinikalar soni ko‘paydi.

Polsha Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatda rasman 1 116 marta abort qilingan. Norasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, har yili 120 ming polyak ayollari xorijda abort qildiradi. Ana shunday holatda «abort kelishuvi» shartlari har ikki tomon – unga qarshilarni ham, yoqlaydiganlarni ham birday qoniqtirmadi.

Inson huquqlari himoyachisi ekanini iddao qiladiganlar, feministlar va so‘l partiyalar abort to‘g‘risidagi qonunchilikni liberallashtirishni talab qilishdi. Ular abortga «ijtimoiy sabablarga ko‘ra» ruxsat berilishi lozim deb hisoblashadi. Katolik cherkoviga yaqin bo‘lgan o‘ngchilar va konservativ doiralar esa aksincha, Polshada bu masalada qonunchilikni kuchaytirish, hatto abortni butunlay taqiqlashni talab qilib chiqishdi.

So‘nggi besh yillikda Polshada konservativlarning «Huquq va adolat» partiyasi hukmronlik qilmoqda. Bu partiyaning saylovoldi dasturlarida abort to‘g‘risidagi qonunchilikka oid hech qanday va'da berilmaganiga qaramay, partiyaning taniqli vakillari uni qat'iylashtirish tarafdori bo‘lgan va bu haqda bir necha bor gapirgan.

2016 yil parlamentga nuqsoni bor homilani abort qilishni taqiqlash va noqonuniy abort qilgan ayol hamda operatsiyani o‘tkazgan shifokor uchun besh yillik qamoq jazosini nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama uchun taqdim etilgan. O‘shanda bu qonun loyihasiga qarshilar butun Polsha bo‘ylab norozilik namoyishlarini o‘tkazadi. Namoyishchilar motam belgisi sifatida qora kiyim kiyib olgan edi. O‘shanda ommaviy noroziliklar ortidan hukmron partiya parlamentda ushbu loyihani ko‘rib chiqishni rad etishga majbur bo‘lgan.

2017 yilda Polsha parlamentiga abort masalasida yangi qonun loyihasi taqdim etildi. Bu qonun loyihasida abort qilgan ayollar va shifokorlarga qamoq jazosi berilishi ko‘zda tutilmagan, balki homilani nuqsoni borligi uchun abort qilishni taqiqladi. Polsha parlamenti bu qonun loyihasini faqat 2020 yil aprelida ko‘rib chiqdi va abort masalasidagi qonunning kuchaytirilishiga qarshilar yana jonlanib qolishdi. Ammo bu safar ular chorasiz qolishdi. Polsha jamiyati uchun muhim bo‘lgan qonun loyihasi kutilmaganda ayni pandemiya tufayli karantin choralari joriy qilinganda parlament kun tartibida paydo bo‘ldi va muhokama qilina boshlandi. Abortga qarshi bo‘lganlar bu safar karantin cheklovlari tufayli o‘zining asosiy quroli – namoyishlar o‘tkazish imkoniyatidan foydalana olmay qoldi. Biroq shov-shuvli muhokamadan so‘ng, parlament ushbu qonun loyihasini qayta ko‘rib chiqishga yubordi.

«Inson huquqlari»
O‘ngchilar va konservativ kuchlar vakili bo‘lgan 119 nafar deputat abort haqidagi yangi qonun loyihasining qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlab, Polsha Konstitutsion sudiga murojaat qilishdi. Ular o‘z murojaatida tug‘ruqdan oldin o‘tkaziladigan tekshiruvlarda homilaning jiddiy va muqarrar nuqsoni yoki uning hayotiga tahdid soladigan davolab bo‘lmaydigan kasallik ehtimoli bo‘lsa, abortga yo‘l qo‘yilishi to‘g‘risida 1993 yilda qabul qilingan qonunni konstitutsiyaga zid deb topishni so‘ragan. Murojaat mualliflari yuqoridagi qonun tug‘ilmagan bolaning yashash huquqiga daxl qilishini ta'kidlagan edi.

Ushbu masala sudda ko‘rib chiqilayotgan paytda ular Polsha konstitutsiyasi inson huquqlarini u paydo bo‘lganidan boshlab himoya qilishi va hech qachon uning tug‘ilishidan kelib chiqmasligini bildirishdi. Ular homilaning jiddiy nuqsonlarini ham tug‘ilib bo‘lgan odamlarning jiddiy kasalliklari kabi davolash kerak degan da'voni ilgari surishdi.

«Inson huquqlari faqat sog‘lom odamlarning imtiyozi bo‘lolmaydi», deydi taqdimot tashabbuskorlaridan biri, «Huquq va adolat» partiyasi deputati Bartolomey Vrublevskiy sudda o‘z nuqtai nazarini ta'kidlab.

«Men neonatologlar (homila va chaqaloqlarni davolovchi shifokorlar) bilan suhbatlashdim. Muammo shundaki, prenatal tadqiqotlar ko‘pincha noto‘g‘ri chiqadi. Aksariyat hollarda nuqsoni bor deyilgan bolalar sog‘lom tug‘iladi. Ayrim hollarda shifokor uch-to‘rt marta tadqiqot o‘tkazishidan qat'i nazar, obektiv qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda», – degan u.

Konstitutsion sud sudyalaridan biri ushbu masala bo‘yicha qaror qabul qilingach, norozilik to‘lqini boshlanishini taxmin qildi. U taqdimot tashabbuskorlaridan nima uchun «Huquq va adolat» vakillari ustun bo‘lgan parlament shunchaki abort haqidagi qonunning mos kelmaydigan qismlarini o‘zgartira olmasligini so‘radi.

«Parlamentning har qanday qarori bekor qilinishi, o‘zgartirilishi mumkin. Konstitutsion sudning qarori kuchliroq bo‘ladi, chunki uni qonun bilan bekor qilish mumkin emas», – deb javob berdi bu savolga Vrublevskiy.

Avtomobillar yordamida namoyishlar
Konstitutsion sudning hal qiluvchi majlisidan bir hafta oldin faollar mazkur qarorga qarshi norozilik namoyishlari uyushtirdi. Namoyishlarni uyushtirish esa oson bo‘lmadi, chunki yaqingacha butun Polsha «qizil» epidemiologik zonada edi. 24 oktabr kuni Polshada 13,6 mingdan ortiq odamda koronavirus aniqlangan. Bu ko‘rsatkich ketma-ket uchinchi kun 12 mingdan tushmayapti.

Bunday vaziyatda abort qonunchiligi qat'iylashishiga qarshi bo‘lgan odamlar o‘z noroziligini shaxsiy avtomobillar yordamida amalga oshirdi. Bundan tashqari, mazkur ishga befarq bo‘lmagan fuqarolar Konstitutsion sudga xat yo‘llashdi.

«Shifokorning vazifasi azob chekayotganlarga yordam berish. Homiladorlikning tugatilishiga imkon beradigan qonunning bekor qilinishi shifokorlarni noqulay vaziyatga tushirib qo‘yishi mumkin. Ular keyinchalik og‘ir asoratlar qoldirishi mumkinligini bila turib bemorlarining (homilador ayollarning) xohish-irodasiga qarshi borishga majbur bo‘ladi. Bu esa homilador ayollarga azob-uqubatlar keltirishi mumkin», – deyiladi 800dan ortiq polshalik shifokorlar imzo chekkan murojaatda.

Ijtimoiy tarmoqlarda #powiedzkomus (kimgadir ayt) va #wyroknakobiyety (ayollarga hukm o‘qildi) heshteglari birlashtirgan ko‘plab postlar paydo bo‘ldi. Foydalanuvchilar shu tarzda Konstitutsion sudning qaroriga norozilik bildirishdi.

Sud majlisi davom etayotgan vaqtdayoq sud binosi yonida abortga qarshilar va uni yoqlayotganlar namoyishlar o‘tkazishdi. So‘ng o‘rtada janjal chiqdi. Politsiya iloji boricha ularni ajratishga harakat qildi. So‘lchi partiyalarning parlamentdagi ayol deputatlari Konstitutsion sud ma'muriyati ularni sud majlisiga kiritmaganidan qattiq g‘azablanishdi. Ammo abortga qarshi chiquvchilar ovozkuchaytirgichlar yordamida ularga xalaqit berishdi.

Yevropaning yirik telekanallari 3 kundan buyon Polshadagi abortga oid qabul qilingan qaror haqida lavha berib, mamlakat bo‘ylab o‘tkazilayotgan namoyishlarni namoyish etmoqda. Yevropada bu holatni hayrat bilan kutib olishdi va polyak ayollariga «hamdardlik» bildirgan bo‘lishdi, biroq konservativlar qo‘lida bo‘lgan Polsha hukumati bu qarorni o‘zgartirmoqchi emas. Chunki qaror hukmi muhokama qilinmaydigan sud tomonidan chiqarildi...

Ko‘proq yangiliklar: