«Kattaqo‘rg‘on qishloq xo‘jaligi tajribasi bilan minglab oilalar daromadga ega bo‘lyapti, fermerlar boyiyapti» – hokim o‘rinbosari

O‘zbekiston 16:33 / 25.10.2020 13372

Azaldan ilg‘or bo‘lib kelgan Kattaqo‘rg‘on tumani qishloq xo‘jaligi yaqin yillarda turg‘unlik holatiga tushib qolgandi. Reja ko‘rsatkichlari bajarilsada, sohada rivojlanish kuzatilmas, ozchilik fermerlar daromad bilan ishlar, qolganlari esa qarzdorlik botqog‘iga botib qolgandi. Ko‘pchilik fermerlar paxta sotib, daromad olishni xayoliga ham keltirmas edi.

Tumanga A'zamxon Bahramov hokim bo‘lib kelgach, boshqa sohalar qatori qishloq xo‘jalik sohasida ham tub islohotlar boshlandi. Faqat paxta- g‘allachilik yo‘nalishi emas, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, pillachilik, bog‘dorchilik-uzumchilik sohalarini intensiv rivojlantirish va aholi tomorqasidan samarali foydalanishga e'tibor berildi. Asosiy maqsad qilib sohaga innovatsiya yutuqlarini joriy qilish, fermerlar daromadini ko‘paytirish, tom ma'noda fermerni qishloq tadbirkoriga aylantirish belgilab olindi.

G‘allachilik bo‘yicha tub islohotlar o‘tkazildi. Tumanda qariyb 9 ming gektar maydonga g‘alla ekildi. Bu viloyat g‘allachiligining salmoqli qismini tashkil etadi. 2020 yil hosili uchun g‘alla ochiq maydonlarga to‘liq zamonaviy aniq ekish (pnevmatik) seyalkalarida ekildi. Seyalkada ekish natijasida urug‘ va boshqa moddiy resurslarning iqtisod qilinishi evaziga g‘alla ekish bilan birga, mahalliy 300 kg, xorijiy 200 kg.dan fosforli va 100 kg.dan kaliyli o‘g‘itlar solindi. Natija esa kutilganidan ham ortiq bo‘ldi. Tumanda 2020 yilda g‘alladan gektariga o‘rtacha 72,5 sentnerdan hosil olindi. G‘alla o‘rimi mavsumida Kattaqo‘rg‘on tarixida birinchi marta bir kunda 3500-3800 tonna g‘alla don qabul qilish manzilgohlariga kiritildi. O‘n ikki ish kunida davlatga don sotish rejasi 110 foizga qiyinchiliklarsiz uddalanib, bu borada tuman viloyatda yetakchilardan bo‘ldi. Fermerlar ixtiyorida ko‘p miqdorda don qoldi va bu bilan fermer va uning ishchilari manfaatdorligi ta'minlandi. Xalqimizda «baraka bersa hammaga yetadi», degan naql bor. G‘alladan mo‘l hosil yaratgan fermerlar o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga 700 tonna g‘alla topshirishdi.

Tumanda paxta yetishtirishning amaldagi texnologiyasi zamon talablariga javob bermasligi tufayli tuman hokimi boshchiligida paxta yetishtirish tizimi ham to‘liq isloh qilindi. G‘o‘za parvarishida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash va qo‘l mehnatini kamaytirish belgilab olindi. Tumanda ikkita «Kattakurgan cluster» MChJ va «Amina gold invest» MChJ paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etildi. Ish sifatli shudgorlashdan boshlandi. Chigit ekiladigan maydonlar to‘liq chimqirqar o‘rnatilgan pluglarda shudgorlandi. Eski chigit ekish seyalkalaridan voz kechilib, xorijdan keltirilgan 116 ta zamonaviy aniq ekish (pnevmatik) seyalkalari yordamida to‘liq tuksizlantirilgan chigit ekildi. Shuningdek, begona o‘tlar va g‘o‘za zararkunandalariga qarshi kurashni samarali tashkil qilish maqsadida «SHCHyolkovo Agroxim-O‘zbekiston» qo‘shma korxonasi bilan hamkorlik o‘rnatilib, o‘simliklar himoyasi bo‘yicha Moskvadan mutaxassislar jalb qilindi. Unib chiqqan g‘o‘za nihollariga ishlov berishda mahalliy kultivatorlar bilan bir qatorda, Turkiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy va frezali kultivatorlardan foydalanildi.

G‘o‘za parvarishida sug‘orishning muhimligi hisobga olinib, 1175 gektar suv ta'minoti og‘ir maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etildi.

Hosilni yig‘ib-terib olishda qo‘l mehnatini qisqartirish maqsadida ikkala paxta-to‘qimachilik klaster korxonalari tomonidan 12 dona paxta terish mashinalari sotib olindi.

Avvalo, Yaratganning bergan barakasi, yaratilgan sharoit, joriy etilgan yangiliklardan unumli foydalanib mehnat qilgan tuman qishloq xo‘jalik kompleksi xodimlari, klaster korxonalari, fermer va dehqonlari tomonidan mo‘l hosil yaratildi. Tuman paxtakorlari qabul punktlariga qariyb 32 ming tonna yuqori navli paxta xom-ashyosi topshirib, tumanning yaqin tarixida viloyatda birinchilardan bo‘lib rejani bajarishdi. Dalalarda terim qizg‘in davom etmoqda. Hali terib olinmagan birinchi terim maydonlarning borligi hosilning mo‘lligidan dalolat beradi. E'tiborlisi shundaki, paxta terimi uchun umuman chetdan hasharchi jalb etilmadi. Paxta terimi faqat ixtiyoriylik va moddiy manfaatdorlik asosida tashkil qilindi. Erishilgan yutuqqa «Juma Hayitov», «Grand Trans», «Paxtakor», «M.Sultonov», «E.Qurbonov», «Oxunboboyev» MMTP mirishkorlari katta hissa qo‘shishdi. Ayrim paxta dalalarida gektaridan 50 sentnerdan va undan yuqori hosil olinishi paxta yetishtirish sohasida tub burilish yuz berganining isboti bo‘ldi.

Qishloq xo‘jaligi sohasi Kattaqo‘rg‘on tumanida kambag‘allikni qisqartirish va oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Bugun tumanning mehnatga yaroqli aholisi fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jalik korxonalarida doimiy va mavsumiy ishlarga jalb qilingan. Fermer xo‘jaliklarida 7000 dan ziyod doimiy ishchi mehnat qiladi. Pillachilikda 500 nafar aholi doimiy, 8000 nafar yurtdoshimiz esa mavsumiy ish bilan band. 2700 dan ortiq fuqarolarimiz takroriy ekinlar yetishtirishga jalb qilingan. 650 ta kam ta'minlangan oilalarga 50 sotixdan takroriy ekin ekish uchun yer ajratib berildi. Tumanda 14 ta qishloq xo‘jalik kooperativlari tashkil etilib, 553 ta kam ta'minlangan ishsiz fuqarolarga 30-50 sotixdan uzoq muddatli ijaraga yer ajratib berildi. Bugungi kunda takroriy ekinlarni yig‘ishtirishda 3 mingdan ziyod fuqarolar mehnat qilyapti. Bu yilgi paxta terimi uchun 37,0 mlrd. so‘m to‘lanishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 33,5 mlrd. so‘mi qo‘l terimiga to‘lanmoqda. Bugungacha takroriy ekin sifatida ekilgan mosh hosilini yig‘ishtirib olish ishlariga 6,0 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi. Bundan tashqari hozir tumanda tashabbuskorlarning mablag‘i hisobidan 4 ming gektar, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi mablag‘i hisobidan 400 gektar va respublika budjetining 4,2 mlrd. so‘mlik mablag‘i hisobidan 373 gektar lalmi maydonlarni o‘zlashtirish va tokzorlar barpo qilish ishlari davom etmoqda. Ushbu loyihalar doirasida 5 ming nafarga yaqin tumanimiz aholisini ish bilan ta'minlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida 1000 gektar maydonda qulupnay yetishtirilmoqda. Bu yo‘nalishda 3000 dan ziyod fuqaro ish bilan band bo‘ldi.

Bir so‘z bilan aytganda, qishloq xo‘jalik sohasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, yerlardan samarali foydalanish, manfaatlar uyg‘unligini ta'minlash orqali Kattaqo‘rg‘on tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish keskin ko‘tarildi. Fermerlarning daromadi ortdi, aholi bandligi ta'minlandi va kambag‘allik barham topishi uchun zamin yaratilyapti.

Qobil TOG‘AYeV,
Kattaqo‘rg‘on tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari.

Ko‘proq yangiliklar: