Toshkentda YTH ro‘y berishi ehtimoli yuqori bo‘lgan yo‘l qismi haqida ogohlantirish belgisi joriy etilishi mumkin

O‘zbekiston 08:00 / 24.10.2020 4881

IIBB xabariga ko‘ra, mazkur yo‘l belgisi haydovchi va piyodalarni yo‘l-transport hodisalari ehtimoli yuqori bo‘lgan yo‘l qismiga yaqinlashib kelayotgani haqida ogohlantiradi. Ma'lum yo‘l qismining xavfliligi statistik ma'lumotlar va mavjud sharoitlarni (yo‘l qoplamasi, ko‘rinishni to‘suvchi yo‘l chetidagi daraxtlar, bino va inshootlar) inobatga olgan holda baholanadi. Yo‘l-transport hodisalari ro‘y berishi ehtimoli yuqori bo‘lgan yo‘l qismlariga o‘tgan chorak davomida uch martadan ko‘p YTH ro‘y bergan hududlar kiritiladi. 

Yangi ogohlantirish belgisi chetlari qizil rang bilan chegaralangan va o‘rtasida qora rangli nuqta bo‘lgan oq rangdagi uchburchak ko‘rinishida bo‘lishi kutilmoqda. Uning ostida to‘rtburchak shaklda ikki avtomobilning to‘qnashuvi yoki avtomobil va piyoda ishtirokida YTH aks etgan rasmli izoh berilgan belgi o‘rnatiladi.      

Belgi xavfli hududdan 100-150 metr oldin o‘rnatiladi. Natijada, yo‘l harakati qatnashchilarida chora ko‘rishlari uchun vaqt bo‘ladi. Haydovchi tezlikni pasaytirishi, harakatlarni ehtiyotkorlik bilan amalga oshirishi zarur bo‘ladi. Piyodadan esa yo‘lni ehtiyot bo‘lib kesib o‘tishi talab etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: