La Liga. «Real» «Barsa»ni «Kamp Nou»da mag‘lub etib, 1-o‘ringa qaytdi

Sport 21:12 / 24.10.2020 17413

Kataloniya va Madrid klublari tarixida «Kamp Nou»da ilk marta tomoshabinlarsiz o‘tkazilgan bahs o‘z darajasiga munosib o‘tib, tomonlar shiddatli va qiziqarli o‘yin ko‘rsatishdi.

Uchrashuvning 5-daqiqasida Benzemaning uzatmasidan keyin Valverde madridliklarni hisobda oldinga olib chiqdi – 0:1.

Ammo oradan uch daqiqa o‘tar-o‘tmas, Albaning yetkazgan to‘piga Ramosdan ildam harakat qilgan Fati gol urib hisobni tenglashtirdi – 1:1. Bu goli bilan hali 18 yoshga to‘lmagan Ansu «El-Klasiko» tarixida gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi. 

63-daqiqaga kelib hakamlar VAR tizimiga murojaat qilib, kataloniyaliklar himoyachisi Langle o‘z jarima maydonida Ramosga qarshi qo‘pollik ishlatdi deb topdi. To‘pga yaqinlashgan jabrlanuvchining o‘zi Madrid klubini hisobda oldinga chiqardi – 1:2.

Messi va uning jamoadoshlari o‘yin yakuniga qadar muvozanatni tiklashga uringan bo‘lishsa-da, madridliklar 90-daqiqaga kelib Modrichning goli evaziga ishonchli g‘alabani tantana qilishdi – 1:3.

Ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan keyin Zidan muhim to‘qnashuvda Kuman jamoasini mag‘lub etib, turnir jadvalida 13 ochko bilan yana 1-o‘ringa chiqib oldi. «Barsa» esa ketma-ket ikkinchi mag‘lubiyatdan so‘ng 7 ochko bilan hozircha 10-o‘ringa tushdi.

La Liga. 7-tur
Barselona – Real Madrid 1:3

Gollar: 0:1 – 5 Valverde, 1:1 – 8 Fati, 1:2 – 63, penalti Ramos, 1:3 – 90 Modrich.
Barselona – Neto, Pike, Langle, Dest, Alba, Buskets (Dembele, 82), de Yong, Fati (Grizmann, 82), Koutino, Pedri (Trinkau, 82), Messi.
Real Madrid – Kurtua, Ramos, Mendi, Varan, Nacho (Vaskes, 43), Valverde (Modrich, 69), Kazemiro, Vinisius Junior, Kroos, Asensio (Rodrigo, 81), Benzema.
Ogohlantirishlar: Kazemiro (19), Langle (29), Nacho (37), Alba (62).

Ko‘proq yangiliklar: