FootWeek: Maoshsiz qolgan assotsiatsiya xodimlari, aldangan futbolchilar va Arveladzening anduhi

Sport 09:49 / 24.10.2020 10207

Ko‘rsatuvda hududiy futbol assotsiatsiyalari xodimlari maoshsiz ishlayotgani haqida so‘z boradi. Bu borada O‘FA vakili izoh berib, muammo tez orada barham berilishini aytgan, ammo mavzu shu bilangina yopiladi deb bo‘lmaydi.

Futbolchi klub bilan shartnomasida noaniqliklar va qing‘irliklar bo‘lsa, kimga murojaat qilsin? Klub futbolchi oldidagi majburiyatlarini bajarmasa, qayerga shikoyat qilgani durust? Maoshini ololmayotgan futbolchilar ishni nimadan boshlashi darkor? Shu kabi savollarga Futbolchilar huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkiloti – FIFPro vakili batafsil javob beradi.

U dedik, bu dedik, OChLdagi yagona vakilimiz chorak finaldan ortga qaytganiga hammamiz turlicha fikr bildirdik. Murabbiyning o‘zi-chi, bu haqda qanday fikrda? U nimadan qoniqdi-yu, nimadan afsusda? Jamoa katta megaloyiha sifatida davom etadimi yo...?

Va nihoyat, muxlislar Jaloliddin Masharipovsiz «Paxtakor»ni ko‘rishga tayyorlanaverishsinmikin? Gruziyalik mutaxassis Shota Arveladze OChL va boshqa mavzularda gapirdi.

OChL haqida

– O‘zimdan qoniqdim, deyishim qiyin. Juda kerak paytimda betob bo‘lib qoldim. Taqdirimda koronavirus bo‘lish yozilgan ekan, shu virus qurg‘ur menga hamma kasal bo‘lgan paytda yopishsa bo‘lmasmidi... O‘sha paytda bo‘lganida, ehtimol, vaziyat hozir boshqacha bo‘larmidi.

Nachora, shunday bo‘lishi kerak ekan. Finalga bir qadam qolganida to‘xtadik. Juda alam qildi. Afsus, sizlar u yerda bo‘lmadingiz. Aks holda jamoamiz nafaqat kuchli, nafaqat bu ligani yutishga qodirligini, balki bu bilan yashaganimizni, barcha o‘y-xayollarimiz shunga qaratilganini, kubok bizniki ekanini barchamiz ichimizdan his qilib, sezib turganimizni ko‘rgan bo‘lardingiz. Ha, biz fikran va ruhan bunga tayyor edik. Jismonan tayyorligimizni-ku, aytmasam ham ko‘rdingiz. Qasam ichib aytamanki, final va kubok nigohlarimiz oldidan o‘tib ketdi.

6 o‘yin o‘tkazdik. O‘yindan o‘yinga kuchayib bordik. U yerda haqiqiy karantinda yashadik: mehmonxona – mashg‘ulot – o‘yin. Bo‘ldi, hech qayerga chiqish yo‘q. Shunday tig‘iz grafikda, o‘ylaymanki, yomon qatnashmadik turnirda. Xudo bizga bu kubokni darrov in'om etmaganida ham bir hikmat bor – biz yana va yana intilaveramiz, yildan yilga kuchayamiz, o‘samiz, rivojlanamiz va futbol bir yerda to‘xtab qolmasligi uchun ishlaymiz. Bu yaxshilikka!

«Jaloliddinning foli bo‘lmaganida...»

– Men bu vaziyatni televizor orqali ko‘rdim. Hakam dastlab sariq kartochka ko‘rsatganida reaksiyam shunday bo‘ldi: eh, keyingi o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Tushunyapsizmi, men xayolan finalda edim. Jamoam finalga loyiq edi.

Eronning barcha jamoalari deyarli bir xil futbol o‘ynashadi. 4-4-2 sxemasi; himoya, yarimhimoya va hujumda bir nafardan boshqalardan ajralib turadigan kuchli futbolchisi bor. To‘g‘ri, «Persepolis» futbolchilari Eronning boshqa klublari vakillariga nisbatan kuchliroq edilar.

Biz yarimhimoyada 5 nafar futbolchi bo‘lib o‘ynadik va markazni ulardan olib qo‘ydik. Hamrobekov ko‘proq erkin o‘ynadi, to‘p bilan muomala qildi ko‘proq. To‘p bizda edi, tashabbus bizda bo‘ldi. Va... o‘sha voqea sodir bo‘ldi. Hakam Jalolni chetlatmasa ham bo‘lardi. Eronlik futbolchi darhol turib, o‘yinni davom ettirdi ham. Nima ham derdik, shunday bo‘lishi kerak ekan.

Kimnidir jamoadan ajratib ko‘rsatmagan bo‘lardim. Bizda jamoa bor. Shu bilan birga, jamoaning o‘z yetakchilari bor. OChLda ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, zaxiramizdagi istalgan futbolchi maydondagisini almashtira oladi. Ha, ayrim o‘yinchi almashtirishlarimiz yaxshi bo‘lmagandir, lekin bu o‘sha kungi holat. Shunday muvaffaqiyat bilan boshqa misollarni – o‘yinni kuchaytira olgan almashtirishlarni ham aytsa bo‘ladi. Umuman aytganda, jamoa bir butun, yaxlit edi.

Masharipov ketsa...

– Hojimat ham, Abror ham jamoaga yaxshi kirishib ketdi. Hojimat doim raqib darvozasiga qarab o‘ynaydi. U dadil, chaqqon, qo‘rqmas futbolchi. Murabbiy sifatida uning yaxshi jihatlarini sayqallash, kerakli joyga yo‘naltirish qoladi, xolos. Abror haqida ham shunday deya olaman.

Shu o‘rinda Vadim Karlenovichga alohida rahmat aytmoqchiman. U milliy jamoaga Hojimat, Abror va Ibrohimxalilni jalb qilib, ularga o‘yin amaliyoti berib, o‘zbek futboliga va «Paxtakor»ga katta yordam beryapti. Bu yigitlar – O‘zbekiston futboli kelajagi.

Jaloliddinsiz, albatta, boshqa «Paxtakor» bo‘ladi. Biz kuchsizlanishimiz ham mumkin. Qay bir yo‘nalishda, albatta, kuchsizlanamiz. Qarang, 45 assist! 45!!! U o‘rni bilinadigan futbolchi. Bizning vazifamiz uning o‘rnini bosa oladigan futbolchi topish.

Yoki Jaloliddinni olib qolish varianti ham bor. Osiyoda «Paxtakor»dan kuchliroq jamoalar ko‘p emas. «Paxtakor» rivojlanyapti va yetakchilardan biriga aylanadi. Xo‘sh, yetakchilardan birida qolish va o‘ynashning nimasi yomon?

Suhbatning to‘lig‘ini va yuqorida tilga olingan boshqa mavzularni ko‘rsatuvda tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: