«Dushanba kuni xushxabar bo‘lishi kutilmoqda» – Bosh konsul Abxaziyadagi o‘zbekistonliklar masalasi bo‘yicha izoh berdi

O‘zbekiston 22:23 / 24.10.2020 13739

Pandemiya sababli ikki ming nafarga yaqin o‘zbekistonlik Abxaziyada qolib ketgani, ularning yuzga yaqini ayni paytda Abxaziya-Rossiya chegarasida ko‘chada tunayotgani haqida xabar bergan edik.

Tashqi ishlar vazirligining 30 sentabr kungi bayonotida 400ga yaqin vatandoshlarning birinchi guruhi oktabr boshida O‘zbekistonga qaytarilishi aytilgandi. O‘zbekistonning Rostov-Dondagi bosh konsulligi bosh konsuli Rustam Kurganbayev bilan jarayon nima uchun kechikayotgani, ularni vatanga qaytarishga nimalar to‘sqinlik qilayotgani xususida suhbatlashdik.

Rustam Kurganbayev

– 23 oktabr kuni Moskvada Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi o‘rinbosari Tatyana Golikova rahbarligida Maxsus komissiyaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, ushbu yig‘ilishda Abxaziyada qolib ketgan fuqarolarimizni Rossiya orqali O‘zbekistonga qaytarish masalasi muhokama qilinishi kutilayotgan edi. Biroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligida shanba-yakshanba dam olish kuni bo‘lgani, rasmiylar bu vaqtda murojaatlarimizga javob bermayotgani uchun yig‘ilishda qanday qaror qabul qilinganini bilolmay turibmiz.

Bu yoqda Abxaziya-Rossiya chegarasida to‘planayotgan o‘zbekistonliklar bizga tinimsiz murojaat qilishmoqda. Ortga qaytish kundan-kunga cho‘zilayotganidan darg‘azab bo‘layotganlar ham bor. Biz ham bu masalaga tezroq yechim topish tarafdorimiz. Ammo biz hozir boshqa mamlakat hududidamiz, bu yerda o‘yin qoidalarini ular belgilashadi. Shu sababli yurtdoshlarimizdan sabrli bo‘lishlarini, yana ozgina kutishlarini, noqonuniy harakatlardan tiyilishlarini so‘rab qolardim. Xudo xohlasa, dushanba (26 oktabr) kuni xushxabar bo‘lishi kutilmoqda. Chorshanba kuni birinchi samolyotimiz yetib keladi. Ungacha barcha rasmiyatchiliklar hal bo‘lsa fuqarolarni vatanga qaytarishni boshlaymiz, – deydi Rustam Kurganbayev.

– Jarayon nima uchun cho‘zilib ketdi?

– Abxaziyada qolib ketgan fuqarolarimizning O‘zbekistonga qaytarilishi cho‘zilib ketganining sababi charter reyslar bilan olib kelinadiganlar ro‘yxatini tuzishga ko‘p vaqt ketib qoldi. Ushbu hududdagi o‘zbekistonliklarni topib, ma'lumotlariga bittama-bitta aniqlik kiritib chiqishga to‘g‘ri kelgan. Ayni paytda ro‘yxatga 537 nafar kishi kiritilgan. 20 oktabr kuni bosh konsulxonamiz tomonidan ushbu ro‘yxat nota orqali RF Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etilgan.

Abxaziyadan vatanga qaytishni kutayotgan o‘zbekistonliklar Telegramda ochilgan guruhda jamlanishgan. 537 kishilik ro‘yxat ushbu guruhga tashlangandan so‘ng yana taxminan ikki yuz kishi O‘zbekistonga qaytmoqchi ekanini aytib murojaat qildi. Shu kabi ishlar vaqtimizni ko‘p olib qo‘ymoqda.

Qolaversa, ishlarning cho‘zilishiga Rossiya tomonining javobi kechikayotgani sabab bo‘lmoqda. Bu masalani Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi o‘rinbosari Tatyana Golikova ko‘rib chiqishi kerak edi. Aslida Rossiya tomonining mazkur vaziyatdan xabari bor, oktabr boshida o‘zbekistonliklarning katta bir guruhi Abxaziyada qolib ketgani, ularni charter reys orqali olib chiqib ketish rejalashtirilayotgani haqida rasman nota kiritganmiz. O‘shanda ro‘yxatda 329 kishi bo‘lgan.

Rossiya tomoni O‘zbekiston fuqarolarini Abxaziyadan olib chiqib ketishning aniq mexanizmlari, chegarada ularni kim kutib olishi, qaysi yo‘nalish bo‘yicha Rossiyadan olib chiqib ketilishi, buning uchun talab etiladigan hujjatlarni kim tayyorlashi bo‘yicha reja ishlab chiqilsa, ruxsat berilishini ma'lum qildi. Shundan so‘ng harakat boshlandi, ushbu jarayonda juda ko‘p muammolar borligi aniqlandi.

Jumladan, karantin davrida aksariyat fuqarolarimizning ushbu hududda bo‘lish, ishlash huquqini berish hujjatlari muddatlari o‘tib ketgani oydinlashdi. Shuningdek, samolyotga chiqish uchun yo‘lovchilar COVID-19ga test topshirishlari lozim, biroq Abxaziya hududida bir vaqtda 250-300 kishini testdan o‘tkazib, javobini qisqa muddatda taqdim eta oladigan laboratoriyalar yo‘q ekan. Shu sababli fuqarolarimizni test topshirgizmasdan olib qaytish bo‘yicha mas'ullar bilan kelishuvga erishdik.

– Vatandoshlarni O‘zbekistonga qaytarish qay tartibda amalga oshiriladi?

– Ayni paytda tayyorgarlikning yakuniy bosqichidamiz. Samolyotlar ham, avtobuslar ham tayyor. Rossiya Federatsiyasi Maxsus komissiyasining ruxsatini kutyapmiz. Ruxsat berilsa, Rostov-Don shahridagi O‘zbekiston bosh konsulxonasi vakillari birinchi samolyot uchishidan bir kun oldin Sochiga boramiz. Moskvadagi elchixonadan ham maslahatchi kelishi kutilmoqda. O‘zbekiston fuqarolarini chegarada kutib olamiz va ularni bepul avtobuslarda aeroportgacha yetkazib qo‘yamiz. Rejamiz bo‘yicha kuniga bitta reys qo‘yilishi kerak. Uzbekistan Airways bilan bu masalani kelishib qo‘yganmiz. Deylik, uchta samolyot kelsa, har kuni bitta reysda ketadigan fuqarolarni Abxaziyadan olib chiqamiz.

Bosh konsulxonamizning ro‘yxatiga kiritilgan barcha Abxaziyadan olib chiqib ketiladi. Xoh u ayol bo‘lsin, xoh erkak, xoh bemor – hech kimni tashlab qo‘ymaymiz. Faqat kuniga bittadan reys qo‘yiladi. Ro‘yxatga kirmagan, hozircha Abxaziyada qolayotgan o‘zbekistonliklarni ham vatanga qaytarish choralarini ko‘ramiz.

Xabaringiz bormi yo yo‘qmi, oktyabrning boshidan 20 kishilik dastlabki guruhni Abxaziyadan olib chiqib, O‘zbekistonga yuborganmiz. Ularning orasida homilador ayollar, qariyalar, bemorlar bor edi. Buni amalga oshirishga bir oy davomida harakat qildik, kelishuvga erishish qiyin bo‘ldi.

Bosh konsulligimiz mas'ul bo‘lgan okrug juda katta. Astraxanda 500 kishi chegarada turibdi. Volgoraddan o‘zbekistonliklar poyezd orqali vatanga qaytarilmoqda. Janubiy Osetiyada ham 100 nafar O‘zbekiston fuqarosi qolib ketgan, ularni ham olib chiqishimiz kerak. Ular bilan aloqadamiz, ayni paytda ro‘yxat shakllantirilyapti.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: