«Adolat» SDPga yangi rais saylandi

O‘zbekiston 12:08 / 23.10.2020 12392

Bugun, 23 oktabr kuni «Adolat» sotsial-demokratik partiyasining navbatdan tashqari plenumi bo‘lib o‘tmoqda.

«Ayni vaqtda o‘tkazilayotgan O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdan tashqari V-Plenumi kun tartibiga tashkiliy masala kiritilgan.

Jumladan, partiya Siyosiy Kengashi raisi Narimon Umarov Oliy Majlis Senati a'zosi hamda qo‘mita raisi etib tayinlangani munosabati bilan o‘z arizasiga muvofiq lavozimidan ozod etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Plenumda «Adolat» SDP Siyosiy Kengashi raisi lavozimga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti Abduxalimov Bahrom Abdurahimovich saylandi», deyiladi partiya matbuot xizmati xabarida.

Bahrom Abduxalimov tarix fanlari doktori. 1959 yil 27 fevralda Toshkent shahrida tavallud topgan.

O‘zR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida kichik, katta ilmiy xodim, bo‘lim boshlig‘i, ilmiy kotib, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, direktor, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti davlat maslahatchisi lavozimlarida ishlagan.

  • Eslatib o‘tamiz, partiyaning avvalgi raisi Narimon Umarov 21 oktabr kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi etib saylangandi.
Ko‘proq yangiliklar: